Bilasizmi?

Yo‘l harakati xavfsizligiga doir onlayn aksiya o‘tkazilmoqda

Yo‘l harakati xavfsizligi va madaniyati bo‘yicha aholi bilimini oshirish hamda shu sohaga doir masalalarga yechim topish maqsadida "Carzone.uz" sayti Sahar ijtimoiy tadbirkorlik onlayn maktabi bilan hamkorlikda internetda aksiya o‘tkazadi.

Onlayn aksiya 8 fevraldan 10 fevralgacha aksiya hamkorlarining veb-saytlari va ijtimoiy tarmoqlardagi manzillarida bo‘lib o‘tadi.

Aksiyaning har bir kuni alohida muhokama mavzui uchun ajratilgan. 8 fevral kuni “Muammo nimada: Haydovchilar va piyodalar xavfsizligi va madaniyatini oshirishimizga qanday ehtiyoj bor?” mavzuida suhbat o‘tkaziladi. Unda statistik ma’lumotlar, shaxsiy guvohlik berish (video, audio, yozma), davlat va xalqaro tashkilotlar hisoboti hamda ro‘yxatlari asosida muammoning ahamiyati ochib beriladi. 9 fevral kungi mavzu: “Madaniyatimizda yo‘l xavfsizligiga nisbatan e’tiborsizlik yoki bepisandlikning shakllanishiga qanday omillar ta’sir ko‘rsatadi?”. Unda xavfsizlik kamarini taqmaslik, mast holda haydash, istalgan joyda to‘xtash, piyoda yo‘lning istagan joyidan kesib o‘tishi, doriquti saqlamaslik singari bepisandliklar to‘g‘risida gaplashiladi. 10 fevral kuni “Haydovchilar va piyodalar xavfsizligi va madaniyatidagi muammolarga qanday yechim taklif qilasiz?” mavzuida suhbatlashiladi. Unda qatnashchilar ijtimoiy madaniyatni shakllantirish borasida taklif-mulohazalarini o‘rtaga tashlaydi.

Onlayn-tadbirda qatnashing.