Bilasizmi?

Yozgi mavsumda 1290 ta oromgoh bolalarga xizmat ko‘rsatadi

Joriy yoz mavsumida O‘zbekistonda 1290 ta bolalar oromgohi faoliyat ko‘rsatadi. Ularning 214 tasi statsionar, 936 tasi kunduzgi va 140 tasi mehnat va dam olish oromgohi hisoblanadi. Bu haqda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi matbuot xizmati xabar qildi, deb yozmoqda Gazeta.uz.

294,3 ming nafardan ziyod bolaning sog‘lomlashtirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilgiga nisbatan 7100 nafarga ko‘p demakdir. Mazkur maqsadlarga 52,3 mlrd so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltiriladi.

Kasaba uyushmalari federatsiyasi bu yilgi yozgi mavsumda ikkita — Surxondaryo viloyatidagi «Amudaryo» va Xorazm viloyatida «Avtomobilchi» sog‘lomlashtirish oromgohini foydalanishga topshirdi.

Orolbo‘yi hududiga 4500 bola Toshkent, Jizzax, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlaridagi korxona va tashkilotlari oromgohlariga bepul yo‘llanmaga ega bo‘ladi. Kasaba uyushmalari ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning 40 ming nafar, shuningdek «Mehribonlik» uylari tarbiyalanuvchilari hamda jismoniy imkoniyati cheklangan 2000 bolaga bepul va imtiyozli yo‘llanmalar taqdim etadi. Kasaba uyushmalari tizimidagi sanatoriyalarda 2500 nafar ona va bolalar salomatligini mustahkamlaydi.

Bundan tashqari, Navoiy viloyatining Tomdi, Uchquduq, Konimex va Nurota tumanlaridan 500 bola Navoiy kon-metallurgiya kombinati homiylik mablag‘lari hisobidan sog‘lomlashtiriladi. 100 bola esa Jizzax akkumulyator zavodi mablag‘lari hisobidan Jizzax viloyatida hordiq chiqaradi.