«Uraaa! Ta’til!!!» deya quvonchdan qichqirdi... o‘quvchining onasi». Shu mazmundagi latifa bor edi. Ha, kundalik «dars qil!» deya takrorlayverishdan, ertalab “barvaqt turmayman” degan xarxashalardan endi naqd uch oyga forig‘miz. Ammo boshqa muammo ham bor: bir joyda tek o‘tirmaydigan bu zumrashalarni yoz kunlari nima bilan mashg‘ul qilish mumkin? O‘z holiga tashlab qo‘yib bo‘lmaydi ularni. Shu ma’noda quyidagi maslahatlarimiz sizga, albatta, asqotadi degan umiddamiz.
Yangi xobbi topamiz!
Yozgi ta’til – biron yangi mashg‘ulot boshlashning ayni vaqti. Axir, shoshadigan joyimiz yo‘q, vaqt yetarli. Astronomiya to‘garagimi, yog‘och o‘ymakorligimi – farqi yo‘q, asosiysi bolangizga yangi mashg‘ulot boshlashiga yordam bering.
Xar yakshanba – yangi ertak
Dam olish kunlari ma’lum bir ertakka bag‘ishlangan mavzuli kechalar tashkil qiling. Masalan, «Kelayotgan yakshanba «Qizil qalpoqcha» ertagiga sayohat qilamiz» deya e’lon qilasiz. Bolalar hafta davomida shu kunga hozirlanishadi, kostyumlar, dekoratsiyalar tayyorlashadi. Yakshanba kuni kechani o‘tkazasiz va yanagi yakshanbaning mavzusini e’lon qilasiz. Nafaqat ertak, balki multfilm, filmlarni ham mavzu qilib olish mumkin.
Harakatli o‘yinlar o‘ynang
Afsuski, hozirgi bolalar bunday o‘yinlardan ancha uzoqlashib ketishgan. Ammo ular yangilikka o‘ch, unutilgan o‘yinlarni (chillak, jama, lapta va h.k.) qaytdan o‘rgatsangiz, jon deb o‘ynashadi. Shuningdek, zamonaviy harakatli o‘yinlar (masalan, tvister) ham ularga yoqadi. Ular bolalarning nafaqat jismoniy, balki ijtimoiy jihatdan ham rivojlanishiga yordam beradi, ularda jamoa bo‘lib ishlash, tengdoshlar bilan muloqot qilish malakalarining shakllanishiga yo‘l ochadi.
Sayr qiling
Shunchaki oddiy sayr emas, ma’rifiy bir tadbir bo‘lsin. Masalan, kechqurun salqinda ko‘cha aylanib yurib, tabiat hodisalari, o‘simliklar, hasharotlar haqida bolaga qiziqarli faktlarni so‘zlab berasiz (avvaldan sayrga tayyorgarlik ko‘rasiz, albatta. Internet, kitob titish degandek...) Yozda ko‘pgina tabiat hodisalari, o‘simliklar, qushlarni tabiiy holda ko‘rsatib tushuntirish imkoniyati katta.
Birinchi asarini yozsin
Agar farzandingiz adabiyotga qiziqsa, turli insholar, hikoyalar, she’rlar mashq qilib tursa, unga kundalik daftar tutishni maslahat bering. Voqealarga boy ta’til kunlari boshlamasa kundalikni, qachon boshlaydi? Kundalik kelajakdagi ijodiy ishlarda juda asqotishini bolangizga tushuntiring. Qarabsizki, ta’til so‘ngida kichkinagina kitobcha tayyor bo‘lib turibdi-da. Uni kitob shaklida bir nusxada chop ettirib berishingiz mumkin (zamonaviy poligrafiya bunga imkon beradi)
Ko‘rgazmalar tashkil qiling
Farzandingiz foto olishga qiziqadimi? Unda mobil telefon yoki arzonroq kamera yordamida o‘z fotoko‘rgazmasini yaratsin. Rasm chizishga qiziqsa, rasmlar ko‘rgazmasi, tikishga qiziqsa liboslar, o‘ymakorlik yoki kulolchilikka ishtiyoqi bo‘lsa – amaliy san’at ko‘rgazmalarini tashkil qilish mumkin. Ushbu ko‘rgazmalar, shunchaki, xovlida yoki mehmonxonada o‘tkaziladi va unga oila a’zolari hamda bolaning do‘stlari taklif etiladi. Tadbirdan fotohisobotlar tayyorlasangiz, maktabga borganida tengdoshlariga maqtanadi, yil davomida eslab yuradi.
Kitob o‘qiting
Bu hech qachon eskirmaydigan va koni foyda mashg‘ulot. Kitoblarni did bilan tanlab bering. Bola duch kelgan narsani o‘qiyvermasin. hozir uning xotirasi yaxshi, uni turli adabiyot chiqindilari bilan to‘ldirmang, haqiqiy durdona asarlarni topib bering. Bu borada o‘zingiz ma’lumotga ega bo‘lmasangiz, biladigan odamlardan so‘rang. hozir internetda ham «Bolalikda o‘qilishi lozim 20 ta zarur kitob» singari kitoblar reytinglari ko‘p. Kitob bozori esa bolalar uchun xilma-xil kitoblarni taklif etadi. Tanlashda nafaqat nasriy, she’riy asarlarga ham e’tibor bering.
Aqlli o‘yinchoqlar tanlang
Olaylik, farzandingiz ko‘chaga chiqishni, o‘rtoqlari bilan o‘ynashni yoqtirmaydi. Uni uyda kompyuter, planshet, telefon, televizor singari turli gadjetlar bilan yolg‘iz qoldirmang. Mozaika, pazl, konstruktor singari har xil aqlli o‘yinchoqlar olib bering. Shaxmat va shashka o‘ynashni o‘rgating.
Uyingizni yangicha dizayn bilan bezang
Farzandingiz devorlarga surat chizishni yaxshi ko‘radimi? Uning bu qiziqishidan unumli foydalaning. Ayting, duch kelgan joyga chizavermasin. Agar did va fantaziyangizni ishga solsangiz va bolangizni sifatli bo‘yoqlar bilan qurollantirsangiz, uyingizni juda chiroyli qilib bezashingiz mumkin. Masalan, avval qog‘ozga biron rasm chizdiring va uni romchaga solib bolalar xonasining devoriga osing. Atrofiga ana shu rasm mavzusidan chiqib ketmagan holda narsalar chizishini ayting. Keyin xonaning pardalarini, intererini shu rasmlarda aks etgan buyumlar bilan to‘ldirsangiz (masalan pardalarga qog‘ozdan kapalakchalar yopishtirish, tumba ustiga turli haykalchalar qo‘yish), bolalar xonasi ularning o‘z qo‘li bilan yaratilgan ertaklar olamiga aylanadi-qoladi.
Ilmiy anjumanlar tashkil qiling
Olaylik, farzandingiz geografiyaga qiziqadi, shu mavzuda turli savollar beraveradi. Unga xarita, globus va kitoblar olib bering-da, ma’lum bir mamlakat yoki hudud haqida ma’lumot to‘plash va shu ma’lumotlar asosida ma’ruza tayyorlashni o‘rgating. haftaning bir kuni butun oila yig‘ilib uning ma’ruzasini tinglaysizlar, muhokama qilasizlar.
Til o‘rgating
Yoz oylarida biron chet tilini o‘rganishni boshlash mumkin. Darslarni tabiat qo‘ynida olib borish bolalarga o‘zgacha zavq bag‘ishlaydi. Ayrim ota-onalar farzandlarini til o‘rgatuvchi oromgohlarga jo‘natadilar. Imkoniyat topolsangiz, bu ham juda yaxshi usul.
Yoz – sport uchun soz!
Suzish, suv gimnastikasi, futbol... Xullas, istalgan sport turi bilan shug‘ullanish mumkin. Bolangizni turli seksiyalarga yozdiring. G‘ayratini sarflaydigan joy bo‘lishi kerak-ku! Yangi sport turi bilan shug‘ullanishni boshlasangiz, o‘qish boshlanguncha bola ancha o‘rganib qoladi, keyin maktab paytida ham vaqtini to‘g‘ri taqsimlab, qatnayveradi.
«Ikki»larni tuzating
Bola maktab davrida ayrim fanlarni yaxshi o‘zlashtirmagan bo‘lishi mumkin. Yozda shu fanlardan qo‘shimcha mashg‘ulotlarga qatnasa bo‘ladi. Faqat mashg‘ulotlar erkin, iloji bo‘lsa, tabiat qo‘ynida o‘tkazilgani ma’qul. Bola norasmiy muhitda o‘zini erkinroq sezib, predmetni osonroq o‘zlashtiradi. har kuni shart emas, haftada ikki yoki uch marta shug‘ullansa yetadi.
Biron jonivor sovg‘a qiling
Ayrim bolalar jonivorlar boqishga qiziqishadi. Ularga it, mushuk, jo‘ja yoki qo‘zichoq kabi uy hayvonlaridan sovg‘a qilsangiz, yoz bo‘yi shu bilan ovunib yurishadi. ham foydali, ham xavfsiz mashg‘ulot.
Tomorqa ishlariga jalb qiling
Hovlingiz yoki tomorqangizda bolangiz uchun bir jo‘yak ajratib bering. O‘zi istagan ko‘chatini eksin, parvarishlasin (albatta, sizning yordamingiz va nazoratingizda). Yoz oxiriga kelib mehnati mevasini ko‘rgach, unda bu ishlarga muhabbatu ishtiyoq yanada ortadi.
Yoz oylarida bolalarni o‘z holiga tashlab qo‘ymang, ularga ko‘proq e’tibor bering. Dam olish kunlaringizni butunlay ularga bag‘ishlang. Toki bola ta’tilning butun lazzatini sizning bag‘ringizda his qilsin!
Shahnoza Soatova tayyorladi
Manba: Darakchi.uz