Salomatlik

Yozni bolalar uchun xavfsiz qilishning 6 ta qoidasi

Yozda bolalar ko‘p vaqtini ochiq havoda o‘tkazib, bolalar maydonchalarida o‘ynaydi, roliklarda va velosipedlarda uchadi, suv havzalarida cho‘miladi. Bularning barchasi ajoyib, ammo shuni ham unutmaslik kerakki, shifokorlar yozgi mavsumni yilning bolalar eng ko‘p shikastlanishlar oladigan davri deb ataydi.

Bu tushunarli — axir ko‘chada yoki tabiat qo‘ynida faol vaqt o‘tkazsangiz, jarohat olish ehtimoli uyda o‘tirgandagidan ko‘ra ancha yuqori bo‘ladi. Biroq sarosimaga tushish  va bolani xavfsizlik nuqtai nazaridan uyga qamab qo‘yish ham kerak emas. Shunchaki bolaga bir nechta oddiy xavfsiz yurish-turish qoidalarini o‘rgating, ular bolani ehtimoliy ko‘ngilsizliklardan himoya qiladi. Ushbu qoidalar Amerikaning Shriners Hospitals for Children bolalar kasalxonalari tarmog‘i mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan.

  • Ko‘chaga chiqayotib, bosh kiyim kiyishni, ko‘zoynak taqishni va quyoshdan himoya qiluvchi krem surishni unutma.
  • Faqat kattalar nazorati ostida cho‘mil.
  • Bolalar maydonchasida o‘ynayotib, turtishma.
  • Tepalikdan sirpanib tushishda sendan avvalgi bola uchib bo‘lib, nariga ketganiga e’tibor ber. Shundagina uchish mumkin. Va hech qachon boshni pastga qilib sirpanma, faqat oyoqlarni oldinga qilib uch.
  • Arg‘imchoqda faqat o‘tirgan holda uch. Undan tushmoqchi bo‘lsang, u to‘liq to‘xtab bo‘lgunicha kutib tur. Kimdir arg‘imchoq uchayotgan vaqtda unga yaqin borma.
  • Gulxanlardan uzoq yur.

Ortoped-travmatolog shifokor Matvey Makarov quyidagicha maslahatlar bilan bo‘lishdi:

“Yozda bolalarda jarohat olish ehtimoli haqiqatan ham yuqoriroq. Tabiat qo‘ynidagi faol o‘yinlar bunga albatta imkoniyat yaratadi. Bunda sinish va lat yeyishlar yetakchilik qiladi. Undan keyingi o‘rinni chiqish va chayqalishlar egallaydi. Shu tufayli shlem va qo‘shimcha himoya vositalarini sotib olish kerak. Bunda gap bolaning rolik, skeyt va velosiped uchishi haqida bormoqda. Unutmang, shlem bolani miya chayqalishidan qutqarib qolishi mumkin. Tizzabandlar esa, masalan, lat yeyishlardan himoya qiladi. Uchish uchun mos bo‘lgan joylarni tanlashga harakat qiling. Kasalxonalarga o‘z vaqtida murojaat qiling. Masalan, ota-onalarning barchasi ham boladagi miya chayqalishini o‘z vaqtida payqamasligi mumkin, u esa o‘ziga xos belgilarga ega, bular — bemadorlik, ko‘ngil aynishi, bosh og‘rig‘i, sustlik, poyma-poy nutq.”