Bilasizmi?

Yuragida tug‘ma nuqsoni bo‘lgan bir guruh o‘zbekistonlik bolalar Janubiy Koreyaga davolanishga yuboriladi

«Sog‘lom avlod uchun» xalqaro xayriya fondi xayriya tadbiri doirasida Koreya Respublikasining «Junior Chamber International – JCI» xalqaro yoshlar tashkiloti moliyaviy ko‘magida yuragida tug‘ma nuqsoni bo‘lgan bir guruh o‘zbekistonlik bolalarning Janubiy Koreyadagi yetakchi klinikalardan birida davolanishini tashkil etdi. Bu haqda O‘zA'ga asoslanib Kun.Uz xabar bermoqda.

Fond o‘z faoliyati davomida o‘zbekistonlik bolalarni mamlakatimiz va xorijdagi eng yaxshi klinikalarda sog‘lomlashtirishga doir turli loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Masalan, «Junior Chamber International – JCI» xalqaro yoshlar tashkiloti bilan hamkorlik samarasida 2008-2015 yillarda Janubiy Koreya mutaxassislari Cha universiteti qoshidagi «Pundan Cha» gospitalida yurtimizdan 56 bolani operatsiya qildi.

Yaqinda Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasida yuragida tug‘ma nuqsoni bo‘lgan 25 bola chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Ularning 4 nafari Cha universiteti qoshidagi «Pundan Cha» gospitaliga davolanish uchun yuborildi.