Salomatlik

Yutinganda quloq og‘rig‘i?!

— Uch yashar o‘g‘lim ovqat chaynab yutayotganida qulog‘ini ushlab,og‘riyotganini aytdi. Shifokorga ko‘rsatsam, otit deb tashxis qo‘ydi. Bu qanday kasallik? Uni uyda davolasa bo‘ladimi?

Nazira Abdullayeva, Jizzax viloyati

Savolga shifokor-pediatr, tibbiyot fanlari nomzodi Dilfuza TURDIYeVA javob beradi.

— Otit — o‘rta quloqning yallig‘lanishidir. Farzandingizda otit endigina boshlangan bo‘lsa, issiq muolaja orqali uning ahvolini biroz yengillashtirish mumkin. Buni quyidagicha bajarasiz: eni 1 sm., uzunligi 10 sm. bo‘lgan bintni spirt yoki borat kislotasiga namlab, quloq teshigiga (biroz ichkariroqqa) ehtiyotkorlik bilan tiqib qo‘yasiz. So‘ng bintni kvadrat shaklida to‘rt qavat qilib, o‘rtasini ovalsimon shaklda qirqib olasiz (bu teshikdan quloq chanog‘ini o‘tkazasiz). Tayyorlagan bintingizni spirt bilan namlab quloqqa kiygizib qo‘yasiz. Ustidan namlikni shimib olmaydigan qog‘oz qo‘yib (uning ham o‘rtasi teshiladi), uning ustidan paxta qo‘yasiz. So‘ng chit ro‘mol bilan bog‘laysiz.

Otitni o‘z vaqtida davolatmasangiz, yallig‘langan joy yiringlab, bora-bora quloq pardasi teshilishi ham mumkin. Bu esa eshitish qobiliyati pasayishiga olib keladi.

Manba: Darakchi.uz