Bilasizmi?

10-11 sinf bitiruvchilariga attestat bilan birga kasb malakasi bo‘yicha diplom beriladi

Maktab bitiruvchilariga o‘rta ma’lumot to‘g‘risidagi attestat bilan birga kasb malakasi bo‘yicha davlat namunasidagi diplom ham beriladi. KUN.UZ muxbiri 5 fevral kuni Milliy matbuot markazida Xalq ta’limi vazirligining matbuot anjumanida berilgan ma’lumotga asoslanib, shu haqida xabar berdi.

Unda ma’lum qilinishicha, 11 yillik ta’limning joriy etilishi munosabati bilan jamiyatni rivojlantirishning ustuvor vazifalaridan kelib chiqqan holda, olimlar, amaliyotchi o‘qituvchilar hamda keng jamoatchilikning fikri asosida 10-11 sinflar uchun 12 ta umumta’lim fan bo‘yicha o‘quv rejalari qayta ishlab chiqilib, qator o‘zgartirishlar kiritilgan. Fan dasturlari asosida 10-sinf o‘quvchilariga umumta’lim fanlardan 18 nomdagi darsliklar 7 xil tilda jami 9 milliondan ortiq nusxada chop etildi va joylarga yetkazilgan.

Bugungi kunda 10-sinf o‘quvchilari respublikamiz bo‘yicha 470 ta maktab va 1018 ta kasb-hunar kollejlarida tashkil qilingan "O‘quv ishlab chiqarish majmualari"da 50 dan ortiq kasbni o‘rganishmoqda. Shuningdek 11-sinfda kasb ta’limi orqali "Tadbirkorlik asoslari" fani ham o‘qitiladi.

Kasblar ro‘yxati hududlarning shart-sharoitlari va  ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturidan kelib chiqib, mutaxassislar hamda ish beruvchi tashkilotlar mutaxassislari bilan birgalikda tuzilgan.

Kasblar murakkablik darajasiga qarab 1 yoki 2 yil davomida o‘rgatiladi va ular mehnat bozoridagi ehtiyojga asosan o‘zgarib boradi.

10-11 sinf o‘quvchilariga ikki yil davomida haftasiga 1 kun 6 soatdan kasbiy ta’lim beriladi. Bitiruvchilarga o‘rta ma’lumot to‘g‘risidagi attestat bilan birga kasb malakasi bo‘yicha davlat namunasidagi diplom beriladi.

Bundan tashqari, o‘quvchilarning kasblarga bo‘lgan qiziqishini oshirish, kasblar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni uzluksiz yetkazish maqsadida umumta’lim maktablarining 1-sinfidan boshlab kasbga yo‘naltirish ishlari olib boriladi. 8-9 sinflarda esa kasbga yo‘naltirish alohida fan sifatida o‘tiladi.