Braziliyalik juftlik yaqinda yana bir farzand ko‘rganini nishonladi. Yangi mehmon juftlikning 13-farzandi bo‘ldi. E’tiborlisi, bu farzandlarning barchasi o‘g‘il bolalardir. Juftlikning ta’kidlashicha, ular qiz ko‘rmaguncha farzand ko‘rishda davom etaveradilar.
40 yoshli fermer Ireneu Kruz va uning rafiqasi Jsikleyda Silva 20 yildan beri birgalar. Juftlik birinchi farzandini ko‘rishga tayyorlanayotganda, agarda o‘g‘il farzand ko‘rsa, unga ismni Ireneu, qiz tug‘ilsa, Jsikleyda berishiga kelishib olishgandi. Biroq Jsikleyda hali birorta farzandiga ism berishga muvaffaq bo‘lolmadi.
"Men har doim Rivaldo, Roberto Karlos, Ronaldino va Robino kabi futbolchilar bilan faxrlanganman. Eng yaxshi futbolchilarning ismi "R" harfiga boshlanadi. Men Janubiy Amerika futboliga hurmat bildirib, o‘g‘illarimni sevimli futbolchilarim sharafiga qo‘yishga qaror qilganman", deb aytmoqda oila boshlig‘i.
Yaqinda oilada yana bir farzand – Ronaldu dunyoga keldi. Ular 13 raqami omadli kelib, qiz tug‘ilishiga umid qilishgandi. Biroq doya ularga o‘g‘il tug‘ilganini aytganda, ular qiz farzand ko‘rishga urinishlarini davom ettirishga qasam ichdilar.
Ireneu futbol fanati hisoblanishidan tashqari, o‘z o‘g‘illaridan tuzilgan futbol jamoasi va qo‘shni qishloqlar bolalari jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvlarda hakamlik ham qiladi. Bunday uchrashuvlar esa har yakshanba kuni o‘tkaziladi. Kruz bir kun kelib uning o‘g‘illari Braziliya terma jamoasida o‘ynashlarini orzu qiladi.
Farzandlarning to‘ng‘ichi 18 yoshda, kenjasi esa hali bir yoshga ham to‘lmagan. Ireneu barcha o‘g‘illarini futbolchilar nomi bilan atagan: Robson, Reynan, Rauan, Rubens, Rivaldo, Ruan, Ramon, Rinkon, Rikelme, Ramires, Raylson, Rafael va Ronaldu.
Mutaxassislarning fikricha, qatorasiga 13 nafar o‘g‘il farzand ko‘rish imkoni 8 mingta holatdan bittani tashkil qiladi. Bu esa Kruzlar oilasini bu borada dunyoda noyob oilalardan biriga aylantiradi.
Bolalarning onasi o‘z farzandlarining birortasiga ism bermagan bo‘lsa-da, baxtiyor ekanligini aytadi: "Men tushlikka bir kilogramm guruch, bir kilogramm loviya va katta paket makaron pishiraman. Albatta, og‘ir damlar ham bo‘ladi, biroq oilamizda hech kim och qolmaydi. Agar bizda bir bo‘lak non bo‘lsa ham, u barchaga teng bo‘linadi". Ayol hali qiz farzand ko‘rishdan umidi borligini aytmoqda.
Manba: Kun.uz