Bilasizmi?

2 ming 200 ta bolalar bog‘chasi quriladi va kapital ta’mirdan chiqariladi

Bugungi kunda O‘zbekis­tonda 5048 ta maktabgacha ta’lim muassasasi mavjud bo‘lib, shundan 4916 tasi davlat, 132 tasi nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi hisoblanadi. Mazkur ta’lim muassasalarida 668,5 ming nafar bola tarbiyalanmoqda. Bu 2-7 yoshdagi jami bolalarning 26,5 foizini tashkil qiladi. Xususiylashtirilgan bog‘chalarga 5715 nafar bola qatnamoqda. Ushbu ta’lim maskanlarida 55 mingdan ortiq pedagoglar faoliyat olib borishmoqda, deb Kun.uz yozmoqda.

O‘zbekistonda oxirgi yillarda har yili 1 millionga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda. Yangi ishga joylashganlarning aksariyatini esa ayollar tashkil etmoqda. Bu esa o‘z-o‘zidan ularning farzandlarini bog‘chalarga joylashtirish zaruratini tug‘dirmoqda.

Shuning uchun ham Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi dasturida ijtimoiy siyosatning muhim yo‘nalishi bo‘lgan maktabgacha ta’lim-tarbiya tizimining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ijtimoiy sohani rivojlantirish borasidagi “Islohot – islohot uchun emas, avvalo inson uchun” tamoyilini izchillik bilan hayotga tatbiq etish ustuvor vazifa deb belgilangan.

Xususan, davlatga qarashli 1 million 109 ming o‘rinli 2 ming 200 ta bolalar bog‘chasini qurish, kapital ta’mirlash va jihozlash masalalarini hal etish rejalashtirilmoqda.

Farzandlarimizning har tomonlama va uyg‘un rivojlanishi uchun yetarli imkoniyatlarni yaratishga qaratilgan ushbu rejalarning amalga oshishi ushbu ta’lim muassasalarida tarbiyalanayotgan bolalarning soni oshishi, bog‘chalarni o‘yinchoqlar, yangi bolalar uchun mo‘ljallangan xilma-xil kitoblar, uslubiy adabiyotlar, mashg‘ulotlar uchun qo‘llanmalar, texnik o‘qitish vositalari bilan ta’minlash imkoniyatini yaratadi. Farovonlik va bolalarning jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk rivojlanishi har qanday mamlakat kelajagini belgilab beradi. Partiyamiz tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod sifatida ko‘rsatilgan Shavkat Miromonovich Mirziyoyev saylovoldi dasturida odamlarni hayotdan rozi qilish, xalqimiz uchun munosib turmush sharoitini yaratish asosiy maqsad qilib qo‘yilgan. Elim deb, yurtim deb, yonib yashayotgan, ijtimoiy-siyosiy hayotning har bir jabhasida faol ishtirok etib kelayotgan har bir yurtimiz fuqarosini prezidentlik saylovlarida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi nomzodiga ovoz berishga chaqiramiz.