Salomatlik

Adenoidlar xavflimi

Kasallanib kattalashgan (burun-halqum) murtak bezi — adenoidlar deyiladi. Adenoidlar bemor bolada burun orqali nafas olishning qiyinlashishi, eshitish qobiliyatining pasayishi va shunga o‘xshash bir qancha muammolarni keltirib chiqaradi. Murtak bezi burun-halqum gumbazida joylashgan bo‘lib, halqum limfoid halqasi tarkibiga kiradi. LOR asboblari bilan ko‘rilganda, murtak bezini aniq ko‘rish mumkin. Keng tarqalgan kasallik hisoblanmish adenoidlar ko‘pincha 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar orasida uchraydi. Kasallikning rivojlanishiga burun bo‘shlig‘i shilliq qavatini va murtaklarni yallig‘lantiradigan kasalliklar, chunonchi qizamiq, skarlatina, gripp, yuqori nafas yo‘llarining o‘tkir va surunkali kasalliklari va boshqalar sabab bo‘ladi. Murtak bezlari immun tizimining bir qismi hisoblanadi, limfoid halqasi burun orqali kirayotgan havo tarkibidagi mikroorganizmlarni tutib qolib, nafas yo‘llariga o‘tishiga yo‘l qo‘ymaydi. Murtaklarda maxsus hujayralar (limfotsitlar) ishlab chiqariladi va ular mikroorganizmlarni zararsizlantiradi. Adenoidlar har qanday yallig‘lanishdan ta’sirlanadi, kasallik vaqtida kattalashadi. Yallig‘lanish jarayoni bosilgandan keyin asli holiga qaytadi. Agar kasallanishlar orasidagi vaqt juda qisqa bir hafta yoki bundan kam bo‘lsa, adenoidlar asli holigacha kichiklashishga ulgurmay,  doimo yallig‘langan holatda bo‘ladi. Hatto yana ham kattalashib, burun-halqumni yopib qo‘yishi mumkin. Buning oqibatda burundan nafas olish qiyinlashadi, eshitish qobiliyati pasayadi. O‘z vaqtida davolash choralari ko‘rilmasa, adenoidlar tufayli yuz shakli, tishlam (prikus), qon tarkibi o‘zgarishi, umurtqa pog‘onasi qiyshayishi, nutq buzilishi, buyraklar ishi izdan chiqishi, hatto siydik tutolmaslik holatlari kelib chiqishi mumkin. Shuningdek, adenoidlar immun tizimining o‘ziga xos «o‘quv markazi» ham. Bu a’zoda har  bir kasallik qo‘zg‘atuvchi uchun immunokompetent «hujayra javobi» shakllanadi. Kattalar uchun uncha xavfli bo‘lmagan infeksiyalar bolalarning immun tizimiga ta’sir qiladi,  ularning immun tizimi zo‘riqib ishlaydi. Shu sababli, bolalarning murtaklari kattalarnikiga qaraganda yirikroq bo‘ladi. Bola ulg‘aya borgani sari bunday immun hujayralarga ehtiyoj yo‘qola boradi va murtaklar kichrayadi. O‘smirlik davriga borib adenoidlar juda kichiklashib ketadi, ba’zilarda esa butunlay yo‘qoladi. Adenoidlar rivojlanayotganda dimog‘ning uchdan bir qismini  yarmini hatto  butunlay yopib qo‘yadi. Burundan nafas olishning qiyinlashishi kasallikning ilk alomati hisoblanadi. Bola ba’zan yoki umuman burni bilan nafas ololmaydi, shu bois og‘zini ochib uxlaydi, uxlayotganida xurrak otadi. Bolada adenoidlar bor-yo‘qligini oddiy usulda tekshirib ko‘rish mumkin. Buning uchun bolaning bitta burun teshigiga paxtani yaqinlashtiring, so‘ng ikkinchi burni teshigini barmog‘ingiz bilan yopib turib, burnidan nafas olishini buyuring. Paxta bo‘lagidagi tukchalarning  harakatiga qarab burundan havo nechog‘li o‘tayotganini bilib olishingiz mumkin. Adenoidlar tufayli eshitish qobiliyati pasayadi, bola gaplarni yaxshi eshitmaydi, ba’zan qayta so‘raydi. Bemorning burnidan tiniq va oqish shilliq yoki sarg‘imtir yashil rangli ajralma kelishi, shuningdek tomog‘ining qichishishi ham adenoidlar rivojlanayotganidan dalolat beradi. Bola rinit (tumov), gaymorit, angina, faringit, traxeit, o‘tkir respirator kasalliklariga tez-tez chalinadigan bo‘lib qoladi. O‘tkir o‘rta otit bilan qayta-qayta og‘rib turishi  yoki surunkali otitning zo‘rayib turishi, dimog‘i bilan gapirishi mumkin. Bular ham bolani adenoidlar bezovta qilayotganini bildiradi. Eshituv nayiga kirish sohasi dimog‘da – adenoid to‘qimasiga yaqin joylashgan. Shu sababli, bolaning dimog‘ murtak bezi kattalashsa,  eshitish nayining teshigini berkitib qo‘yib, o‘rta havoning quloqqa o‘tishini qiyinlashtiradi. Natijada nog‘ora parda harakatchanligini yo‘qotadi, bu eshitish qobiliyatida aks etadi, ya’ni bola gaplarni yaxshi eshitmaydi. Burun va yondosh bo‘shliqlari shilliq qavatlari burun bo‘shlig‘ini bakteriya, virus kabi kasallik qo‘zg‘atuvchilardan tozalaydigan shilliq ishlab chiqaradi. Agar bolada adenoidlar kabi havo oqimiga halal beruvchi to‘siqlar bo‘lsa, shilliqning chiqib ketishi qiyinlashadi va infeksiya rivojlanib, yallig‘lanish kasalliklari paydo bo‘lishi uchun qulay sharoit yuzaga keladi. Shu sababli adenoidlari bor bolalar tez-tez va uzoq kasal bo‘ladilar.

Adenoidlar yuqorida aytib o‘tilganidek burundan nafas olishni qiyinlashtirib, bola organizmini yallig‘lanish kasalliklariga moyil qilib qo‘yadi, shuningdek adenoidlarning o‘zi ham bakteriya va viruslar hujumi uchun qulay muhit hisoblanadi. Binobarin,  dimog‘ murtak bezi to‘qimasi surunkali yallig‘lanish holatida bo‘ladi. Bu organizmning ko‘plab a’zo va tizimlariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Surunkali infeksiya o‘chog‘i esa bola organizmida infeksion, yallig‘lanish, allergik kasalliklarni rivojlantirib yuborishi mumkin. Ma’lumki, kislorod bosh miyaning faoliyati uchun juda zarur, bolalar uchun ayniqsa katta ahamiyatga ega. Bolalarning burun bo‘shlig‘i shilliq qavati rivojlangan qon tomirlar tizimiga ega bo‘lib, bu yerda kislorod faol  o‘zlashtiriladi. Burundan nafas olishning qiyinlashishidan aziyat chekadigan bolalarda doimo kislorod yetishmaydi, birinchi navbatda, bundan bosh miyaga ziyon yetadi. Shu sababli bu bolalarning maktab darslarni yaxshi o‘zlashtira olmaydi, diqqatini to‘play olmaydi. Adenoidi bor bolalarda yuz skeleti suyaklarining o‘sishi buziladi. Bu o‘z navbatida nutqning shakllanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bola ayrim harflarni to‘g‘ri talaffuz qilmaydi, dimog‘i bilan gapiradi. Ba’zida ota-onalar bolaning talaffuziga «o‘rganib» qolishib kamchiliklarni sezmadilar.

Adenoidlardan aziyat chekadigan bola kataral va yiringli o‘rta otitlarga tez-tez chalinib turishi mumkin.

Adenoid to‘qimasi o‘sib kattalashganda, surunkali yallig‘lanish holatiga o‘tadi. Shu sababli, oqib turgan shilliq yoki yiring nafas tizimining quyi bo‘limlariga tushadi va shilliq qavatidan o‘tib, faringit, laringit, traxeit va bronxitni keltirib chiqarishi mumkin. Shuningdek, adenoidlar keltirib chiqaradigan jarayonlar ba’zan qon tarkibining o‘zgarishi, asab tizimi ta’sirlanishi, siydik tutolmaslik ro‘y berishi, buyraklar ishining buzilishiga olib keladi va hokazo. Adenoidlarni LOR shifokori davolaydi. Kasallik konservativ dori-darmonlar jarrohlik yo‘li bilan davolanadi. Burunni yuviladi, maxsus dorilar tomiziladi, boladagi shamollash kasalliklarini bartaraf etiladi. Fizioterapevtik muolajalar qo‘llanilishi ham mumkin.  Adenotomiyada adenoidlar mahalliy og‘riqsizlantirib orqali olib tashlanadi, jarrohlik muolajasi bir necha daqiqa davom etadi.

Adenotomiyadan so‘ng bemor quyidagilarga amal qilishi kerak»

  1. jismoniy mehnat, mashqlar bilan shifokor belgilagan muddatgacha shug‘ullanmay turish;
  2. bola qattiq va issiq taomlarni yemasligi kerak, vitaminlarga boy yangi mahsulotlardan tayyorlangan suyuq ovqatlar beriladi;
  3. kamida 3 kungacha bolani issiq suvda cho‘miltirmaslik, shuningdek, quyoshda, issiq va dim xonalarda uzoq bo‘lmasligi  zarur;
  4. operatsiyadan so‘ng kechqurun yoki ertalab bolaning tana harorati biroz ko‘tarilishi mumkin. Issiqni tushirish uchun tarkibida aspirin bor bo‘lgan preparatlarni qo‘llab bo‘lmaydi. Chunki bunday preparatlar qon oqishini yuzaga keltiradi.

Ba’zi hollarda bolalar hatto adenotomiya o‘tkazilgandan keyin ham o‘rganib qolganidek og‘zidan nafas olaveradi. Shuning uchun burnidan nafas olishni o‘rgatish maqsadida maxsus nafas olish mashqlari ishlab chiqilgan. Shunga ko‘ra:

  1. shoshmasdan, sekin og‘izdan nafas olib, nafas chiqarish;
  2. burundan nafas olib yurish; bir qadam tashlab nafas olinadi, ikkinchi qadamda nafas chiqariladi;
  3. joyida turib yugurish;
  4. burundan chuqur nafas olib o‘tirib-turish;
  5. burunning goh chap, goh o‘ng teshiklari bilan nafas olish;
  6. gavdani o‘ng va chap tomonlarga egib, nafas chiqarayotganda «M» va «N» tovushlarini talaffuz qilish kerak.

Manba: Avitsenna.Uz