Bilasizmi?

Avtomobili borlarga bola puli berilmaydimi?

"Onamning hovlisida oilam bilan yashaymiz. Turmush o‘rtog‘im Rossiyada ishlab topgan puliga “Matiz” avtomobilini sotib olgan. Shu bilan kira qiladi. Topgan puliga “qora” qozonimiz qaynaydi. Men ishlamayman. “Mahalla” fuqarolar yig‘inidan farzandim uchun 2 yoshgacha beriladigan bola puli berishlarini so‘rasam, yengil avtomobili borlarga bola puli berilmaydi, deyishyapti. Haqiqatdan shundaymi? Axir uy-joyimiz yo‘q, uch nafar farzandimiz bor-ku.

Ra’no Jo‘raboyeva, Farg‘ona viloyati, Qo‘qon shahri.

Aybek GANIBOYeV, O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi huquqshunosi:

— O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 15 fevraldagi 44-son qarori bilan tasdiqlangan "Kam ta’minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 8-bandida "14 yoshgacha bolalari bo‘lgan oilalarga nafaqa, bola ikki yoshga to‘lgunga qadar bola parvarishi bo‘yicha nafaqa va kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam har bir oila a’zosiga o‘rtacha oylik jami daromad miqdori jami daromad aniqlanayotgan davr uchun belgilangan eng kam oylik ish xaqining 1,5 baravardan ortiq bo‘lmagan oilalarga tayinlanishi", 22-bandida "O‘rtacha oylik jami daromad miqdorini hisoblab chiqishda hisobga olinadigan oilaning jami daromadiga, oila a’zolari tomonidan olingan quyidagi daromadlar kiritiladi:

  • mehnatga haq to‘lash shaklidagi daromadlar;
  • mulkiy daromadlar;
  • yakka tartibdagi tadbirkorning daromadi;
  • chet elda ishlaydigan yoki tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan oila a’zolaridan pul tushumlari summasi;
  • pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar (ushbu Nizomda nazarda tutilgan tartibda oila olayotgan nafaqa yoki moddiy yordamdan tashqari);
  • shaxsiy yordamchi (dehqon) xo‘jaligini yuritishdan olingan daromad;

O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan boshqa daromadlar" belgilangan.

Ushbu Nizomning 8-bandida belgilangan jami daromad aniqlanayotgan davr uchun belgilangan eng kam oylik ish haqining 1,5 baravardan ortiq bo‘lmagan oilalarga bola ikki yoshga to‘lgunga qadar bola parvarishi bo‘yicha nafaqa fuqarolar yig‘ini tomonidan vakolat berilgan Komissiyaning qaroriga asosan tayinlanadi va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan to‘lanadi.

Manba: Darakchi.uz