Inson miyasi atrof-muhitga moslashishdek foydali qobiliyatga ega. Bu qobiliyat ayniqsa bolalarda yaxshi rivojlangan. Shuning uchun ota-onalar farzandi tug‘ilgandan boshlaboq, bu xususiyatni rivojlantirishni faol qo‘llab-quvvatlashi zarur.
Buning uchun doim qandaydir yangilikni o‘rganish, kun tartibiga rioya qilish muhim sanaladi. Bola uchun u yoki bu mashg‘ulotni tanlashda yangi—murakkab—qiziqarli tamoyili bo‘yicha harakat qilish lozim. Faqat bir xil yo‘nalishdagi mashg‘ulot bilan shug‘ullanishning muvaffaqiyatsiz yakunlanishi ushbu tamoyil bilan izohlanadi.
Hayot tarzi
Jismoniy faollik
Miya faoliyati imkoniyatlarini oshirish uchun jismoniy faollik haqida unutmaslik lozim. Shifokorlarning qayd etishicha, jismoniy mashqlar miyaga kislorod yetib borishiga sabab bo‘ladi, bu esa uning samarali faoliyatiga turtki bo‘ladi. Shu tariqa miya ma’lumotlarni tezroq yodda saqlashga qodir bo‘ladi.
Uyqu
Qolaversa bolaga sog‘lom uyqu tarzini ta’minlash zarur. U faol jismoniy va aqliy faoliyatdan so‘ng kuchni qayta tiklashga ko‘mak beradi. Agar bola uyquga to‘ymasa va o‘zini charchoq his qilsa, bu uning e’tibori va xotirasining susayishiga sabab bo‘ladi.
Ovqatlanish
Bolaning ovqatlanish ratsioniga xotirani rivojlantirish uchun yordam beruvchi mahsulotlar: yong‘oqlar, yog‘li dengiz balig‘i, qorag‘at, pomidor, lavlagi, tovuq, ismaloq va sabzavotlarni kiritish lozim.
Bolaning kun tartibida doim turli o‘yinlar, jismoniy mashqlar va badiiy adabiyot bo‘lishi lozim. Bularning barchasi xotiraning turli ko‘rinishi - harakat, so‘z, tasavvur va his-tuyg‘uni rivojlantiradi.
Mashqlar
Xotira va e’tiborni rivojlantiruvchi turli mashqlarni bajarish bola uchun juda foydali hisoblanadi. Bolalarning xotira va e’tibori turli yoshda turlicha ishlashini inobatga olib, mashqlarni yosh bo‘yicha kategoriyalarga ajratib keltiramiz.
1 yoshgacha
"Bu nima?"
Yangi joyga borganingizda (ko‘cha, mehmon) bolaning e’tiborini qiziqarli ob’yektlarga qarating. Bu yoshda bola bu qanaqa buyum yoki hayvon ekanligini, undan qanday tovush chiqishini, qanday harakatlanishini tushunishi lozim. Agar mumkin bo‘lsa, bolaga yangi buyumni ushlab ko‘rishga ruxsat bering.
Masalan, "Bu sigir, u o‘t yeyishni yaxshi ko‘radi va mo‘o‘o‘ deb ma’raydi".
Qidirish
E’tiborni rivojlantirish uchun oddiy va o‘yin shaklidagi mashq - bolaning oldiga o‘yinchoqni qo‘yib, uni ro‘molcha bilan yopib qo‘yasiz yoki orqangizga bekitasiz, keyin boladan uni topishni so‘raysiz.
Eslab qolish va ko‘rsatish
Bolaning oldiga o‘rdakchani qo‘yib, "bu o‘rdakcha" deysiz, keyin esa qo‘g‘irchoqni ham tanishtirasiz. Keyin boladan "O‘rdakcha qani? Uni ko‘rsat-chi?" deb so‘raysiz. Dastlab bola adashsa, xavotirlanish kerak emas. Ertasi kuni yana shu o‘yinchoqlar bilan mashqni takrorlash mumkin. Bola diqqatining rivojlanib borishiga qarab, o‘yinchoqlar sonini oshirib borish mumkin.
"Barmoqchalarimiz qani?"
"Barmoqchalar" o‘yini ham maxsus mashqlardan biri hisoblanadi. Turli so‘zlar yoki she’rchalar bilan o‘ynaladigan bunday mashqlar ham bola xotirasini rivojlantirish uchun xizmat qiladi.
Maqolaning keyingi qismida 1 yoshdan 3 yoshgacha, 3 yoshdan 6 yoshgacha, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun mo‘ljallangan mashqlar bilan tanishishingiz mumkin bo‘ladi.
Maqolani tayyorlashda "Parents.ru" sayti ma’lumotlaridan foydalanildi.