Maktab yoshi

Birinchi sinfga qabul mashmashalari

“O‘g‘lim maktab yoshiga yetdi deb qancha quvongan bo‘lsam, uni birinchi sinfga joylashtiraman deb shuncha ovora bo‘ldim, asabiylashdim. Uyimizga yaqin va ko‘pchilik maqtaydigan maktabga murojaat qilsam, “Bolangizni qabul qilolmaymiz, boshqa mikrohududda turar ekansiz”, degan javobni eshitdim. Qarangki, shu yerdan uncha uzoq bo‘lmagan masofada yashasak-da, maktab tasarrufidagi “okrug”ga kirmas ekanmiz. Bu gap qayerdan chiqdi, balki o‘qituvchi biror “narsa” umid qilyaptimikan, degan xayolga ham bordim. Qo‘shnilardan surishtirsam, rus sinfiga qabul qilayotgan bu o‘qituvchi haqiqatan tajribali ekani, 100 dollar qistirsam, mening o‘g‘limni ham sinfiga qabul qilishini aytishdi. Biroq nega men pul berishim kerak? O‘qituvchining qarshiligi qonuniy asoslarga egami?”

A. A, Toshkent shahri

Birinchi sinfga qabul borasida tahririyatimizga yo‘llangan ushbu murojaat va ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalarda bildirilgan savollarga javoban, Toshkent shahri Olmazor tumanidagi ta’lim rus tilida olib boriluvchi 242-umumta’lim maktabi direktori Kamola Azimxadjayeva shunday fikr bildirdi:

— Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 15-martdagi “Umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 140-son qarorida “Maktab yoshidagi bolalarni umumiy o‘rta ta’limga qamrab olish tuman (shahar) hokimliklarining qarori bilan umumta’lim muassasalariga biriktirilgan hududlar (mikrohudud) doirasida” amalga oshirilishi belgilangan. Shunga asoslanib, biz mikrohudud bo‘yicha 6,5 yoshga to‘liq to‘lgan yoxud 7 yoshga kirgan o‘g‘il-qizlarni birinchi sinfga qabul qilishga haqlimiz. Shu sabab maktabimiz tasarrufidagi mikrohududga kirmaydigan yerda istiqomat qiluvchi ota-onalarning iltimos va talablarini rad etishga majburmiz.

To‘g‘ri, hududlarda maktab yoshiga yetgan bolalar ko‘p. Yurtimizda 9,2 mingta maktab bor, ma’lumotlarga ko‘ra, ularning 60 foizi ta’mirtalab ahvolda. Shunday ekan, ota-onalarning farzandini yaxshi maktabda o‘qish istagini tushunish mumkin, albatta. Ayrim ota-onalar farzandini rus sinfiga berishni xohlaydi, ammo hamma maktablarda bunday sinflar yo‘qligi bois uzoqroqdagi maktabga bo‘lsa ham bolasi borishiga rozi bo‘lishadi. Lekin ularning yashash manzili ushbu maktab qarashli bo‘lgan mikrohududga kirmasligini hisobga olishmaydi. Hududlarda ta’lim o‘zbek tilida olib borilayotgan maktablarda ham rus sinflari ochilyapti va umid qilamanki, bosqichma-bosqich hammasi o‘z iziga tushib ketadi. Ammo mavjud holatni va qonunlarimizni hamma ota-onalar ham to‘g‘ri tushunishavermaydi. Ayrimlar bu narsaning zamirida ta’magirlik yotibdi, degan xayolga ham boradi. Kimda-kim o‘qituvchining xatti-harakatida ta’magirlikka sha’ma borligi yoxud qonunga zid boshqa amallarga yo‘l qo‘yayotganini sezsa, darhol maktab ma’muriyati va direktorga murojaat qilishi mumkin. Agar rahbariyatning munosabatidan ham qoniqmasangiz, Xalq ta’limi vazirligiga, uning ishonch telefonlariga qo‘ng‘iroq qiling.

Istisnolar bormi?

— Tegishli mikrohududga qarashli manzilda turmaydigan oilalarning farzandlarini birinchi sinfga qabul qilishda ayrim istisnolar ham bor, albatta. Masalan, maktabimizda ro‘y bergan real holatni misol keltirsam. Bir oilaning 3 farzandi maktabimiz o‘quvchisi. Ammo hozirgi qonunchilikka ko‘ra, ular mikrohududimizga qarashli bo‘lmagan manzilda yashaydi, deb topilgandan keyin 4-farzandini birinchi sinfga qabul qilishda muammo yuzaga keldi. Ularning oilaviy sharoiti va bir oilaning farzandlari bir maktabga borishi ma’qul ekanini inobatga olib, maxsus komissiya tuzdik. Bo‘lajak o‘quvchimiz komissiya imtihonidan muvaffaqiyatli o‘tgach, uni o‘quvchilarimiz safiga qabul qildik.

Maktab formasi aniq bo‘ldimi?

— Maktab formasi masalasida turlicha fikrlar bildirilmoqda. Ayrim axborot manbalari butun respublikada bir xil forma joriy etilishini aytayotgan bo‘lsa, ba’zi manbalar har bir maktabning o‘z formasi tatbiq etiladi, degan ma’lumotlarni tarqatmoqda. Hozircha bizning maktabimizga yuqori idoralardan maktab formasi bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berilmagani bois biz o‘tgan o‘quv yillarida amalda bo‘lgan “oq-qora” maktab formasini talab qilmoqdamiz.

1-sinfga qabul elektron tarzda!

Prezidentimiz shu yilning 17 iyul kuni umumiy o‘rta ta’lim tizimini isloh qilish va rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda o‘quvchilarni birinchi sinfga qabul qilish, maktabdan-maktabga ko‘chirish va boshqa xizmatlarni elektron shaklga o‘tkazish kerakligini ta’kidladi. Bu ko‘rsatmalar amaliyotga joriy etiladigan bo‘lsa, ham ota-onalar, ham o‘qituvchilarga yengillik tug‘ilishi, qog‘ozbozlik kamayishiga urg‘u berdi.

Dilshoda MANZUROVA

Manba: Darakchi.uz