Bola sog‘lom va baquvvat tug‘ilishi uchun homiladorlikning birinchi haftasidayoq ovqatlanishga jiddiy e’tibor qaratish lozim.
Parhezshunoslar quyidagi oziq-ovqat mahsulotlaridan tayyorlangan taomlar iste’mol qilishni tavsiya etishadi:
Go‘sht – mol go‘shti, yog‘siz qo‘y go‘shti, quyon, yurak, jigar, til. Tayyorlash usuli – qovurmasdan tayyorlanadi. Bir martalik miqdori – 100—150 g.
Parranda – kurka, tovuq, terisiz va yog‘larsiz. Bir martalik miqdori – 100—150 g.
Baliq, dengiz mahsulotlari – agar allergiya bezovta qilmasa 150 grammdan har kuni.
Sut mahsulotlari – sut, yog‘siz qatiq, tabiiy sutli yogurt, achchiq bo‘lmagan pishloq, yog‘liligi 9% gacha bo‘lgan tvorog.
Non – kepakli, kulrang, qora yoki maxsus nonchalar.
Meva va sabzavotlar – bir kunda hamma mevalardan 300 grammgacha yeyish mumkin.
Dukkaklilar – loviya, no‘xat, yasmiq (chechevitsa), soyalarni bemalol sabzavotlar bilan birga qo‘shib iste’mol qilishingiz mumkin.
Qo‘ziqorinlardan voz kechishga hech qanday sabab yo‘q.
Yong‘oqlar, pistalar – bir kunda 20 tadan ko‘p bo‘lmagan miqdorda yeyish mumkin.
Shirinliklar. Bir sutkada shirinliklardan 150—200 kkal kaloriyaga mo‘ljallab yeyishingiz mumkin.
Suyuqliklar. Agar shishlar bezovta qilmayotgan bo‘lsa, bir kunda 2 litr toza suv, mors, shakarsiz kompot iching. Bir sutkada 1 piyola yangi siqilgan sharbat ichishingiz mumkin.
Nima yeyish mumkin emas:
Fastfud va chipslar, kolbasa, konserva, dudlangan mahsulotlar, shuningdek hamma qovurilgan yeguliklar, gazlangan va paketdagi sharbatlar. Chuchvara, pitssa va qolgan hamma yarim fabrikatlar ham iste’mol qilish tavsiya etilmaydi.
Manba: Daryo.uz