Bilasizmi?

Bola boshi bilan yiqilsa nima qilish kerak?

Bolaning bosh suyaklari juda qattiq bo‘lib, miyani lat yeyishidan himoya qilib turadi. Aynan shu suyaklar tufayli yiqilganda miya shikastlanmay, asosan boshning ustki qoplami zarba yeydi. Buning alomatlari quyidagicha namoyon bo‘ladi:

  1. Terining yorilishi;
  2. Shishlar paydo bo‘lishi;
  3. Teridan qon oqishi;
  4. Teri ko‘karishi.

Bu alomatlar jiddiy bo‘lmay, odatda oddiy muolajalar yordamida tez kunda o‘tib ketadi.

Bola boshi bilan yiqilganda ota-ona qilishi kerak bo‘lgan asosiy vazifalar:

  • Asabiylashmang! Bolaning holatini o‘rganish uchun hozir eng muhimi onaning tinch bo‘lishi.
  • Muz qo‘ying. Uyda kichik yoshdagi farzandlar bo‘lsa, muzlatkichda doim muz bo‘lishi kerak. Bola yiqilgan zahoti lat yegan joyiga ingichka sochiqqa o‘ralgan muzni kamida 15 daqiqa davomida asta bosib turish lozim. Orada 5 daqiqa dam oldirib yana 15 daqiqa davomida bosib ushlanadi. Bola istamay yig‘layotgan bo‘lsa, uni biron shirinlik yoki u sevgan faoliyat bilan chalg‘itib turish lozim.

Uzunligi 10-15 smga ega bo‘lgan upakovkadagi biron sousni muzlatkichda saqlab, bola yiqilganda undan foydalansa bo‘ladi. Oddiy muzdan suv oqib noqulaylik tug‘dirishi mumkin. Bunday paketlar birinchidan, ushlashga qulay, ikkinchidan, qo‘lda anchagacha erimay turadi.

  • Bola muz tufayli juda qattiq asabiylashib yig‘layotgan bo‘lsa, u holda muz qo‘yish qo‘ymaslikni o‘zingiz hal qiling. Muz yordamida lat yegan joyda shish paydo bo‘lmaydi yoki bo‘lsa ham, tez orada o‘tib ketadi. Undan tashqari ko‘karish va qizarish yuzaga kelmaydi.
  • Agar lat yegan joy qonayotgan bo‘lsa, uni tibbiy bint yordamida to‘xtatish kerak. Odatda onaning qo‘l bosimi bilan qon oqishi to‘xtaydi. Shuni unutmang, yuzdagi qon oqish hajmi, boshqa joylar lat yegandagi oqish hajmidan ko‘proq bo‘ladi, lekin shunga qaramay bolada ko‘p qon yo‘qotish xavfi bo‘lmaydi.
  • Agar lat yegan joy qattiq kesilgan bo‘lsa, u holda qonni to‘xtatganizdan so‘ng yarani yaxshilab tekshirish kerak. Yaraning kengligi yoki chuqurligi 1/2 sm dan katta bo‘lsa, ba’zida uni tikishga to‘g‘ri keladi. Chunki keyinchalik yara o‘rnida katta chandiq qolishi mumkin.
  • Bola yiqilgandan so‘ng uni uxlatmaslikka harakat qilib kamida 1 soat davomida holatini kuzatish kerak. Undan so‘ng uxlab qolsa ham 20 daqiqa o‘tgach uyg‘otib holatini qayta kuzatish lozim. Ko‘pincha yiqilgan bola yig‘lab uxlab qoladi, bunda ona uning holatini uyqusi davomida ham biroz kuzatib turishi maqsadga muvofiq bo‘ladi.
  • Bola boshi bilan yiqilganida jiddiy jarohat yo‘qqa o‘xshasa ham kamida 24 soat uni nazorat qilish lozim. U yaxshi o‘ynab, kulib, ovqatlanib, chopib, emaklab o‘zini yaxshi his etayotgan bo‘lsa, u holda shifoxonaga shoshilmasa bo‘ladi. Ba’zida miya jarohatlangani alomatlari o‘sha zahoti namoyon bo‘lsa, ba’zida bir necha soat o‘tib ham namoyon bo‘lishi mumkinligi haqida unutmaslik kerak.

MUHIM!

Agar bolaning boshida shish paydo bo‘lgan bo‘lsa, odatda u boshning ustki qismida bo‘lib miyaga zarba keltirmaydi. Lekin ba’zida shishning kattaligi gematoma (qon yig‘ilib qolishi) ni hosil qiladi. Bunday gematoma miyani ezib qo‘yish ehtimoli bor. Shuning uchun juda katta shish bo‘lsa, rengen yoki tomografiya qildirish talab etilishi mumkin. Undan tashqari qattiq yiqilish natijasida ko‘rinarli jarohat yo‘qligi bilan miya chayqalishi ham ro‘y berishi mumkin. Bu holatlar tibbiy yordamni talab etadi.

Quyidagi alomatlar zudlik bilan tez yordam chaqirishni yoki shifoxonaga borishni talab etadi:

  • Agar bola yiqilgandan so‘ng yig‘lamay indamay qolgan bo‘lsa;
  • Bola yiqilganda bo‘yniga zarba tushgan bo‘lsa;
  • Bola tanasini tuta olmayotgan bo‘lsa;
  • Bolaning gapirishi, harakat qilishi yoki ko‘zlari harakatida g‘alati o‘zgarishlar namoyon bo‘lsa;
  • Bolani xuruj tutsa;
  • Bolaning rangi oqarib ketayotgan bo‘lsa;
  • Bola nafas olishda qiynalayotgan bo‘lsa;
  • Bola qusayotgan bo‘lsa;
  • Bolaga aniq talab qo‘ysangiz qila olmayotgan bo‘lsa (masalan, "ko‘zlarimga qara", "oyoqlaringni ko‘rsat", "chapak chal", "ko‘zing qani?" va hokazo);
  • Bola oyoq-qo‘llarini tog‘ri ishlata olmayotgan bo‘lsa;
  • Bolaning yig‘lashi hech to‘xtamayotgan bo‘lsa;
  • Bola qattiq bosh og‘rig‘iga shikoyat qilayotgan bo‘lsa;
  • Bolaning ko‘zida o‘zgarishlar bo‘lsa (g‘ilaylik, ko‘zning shakli yoki hajmi o‘zgarishi, narsalar ikkita bo‘lib ko‘rinishi, ko‘zi yugurishi va hokazo);
  • Onada bolaning yiqilishi haqiqatdan jiddiy ekanligiga shubha bo‘lsa.

Bolada yiqilgan zahoti unda jiddiy alomatlar kuzatilmayotgan bo‘lsa ham, keyingi 24 soat davomida uni quyidagi holatlarga kuzatish kerak:

  • Bola uxlab uyg‘ona olmayotgan bo‘lsa;
  • Bolaning teri rangi asta sekin oqarib yoki undan jiddiyrog‘i ko‘karayotgan bo‘lsa;
  • Bolaning nafas olishi tezlashib ketayotgan yoki o‘ta sekinlashishni boshlayotgan bo‘lsa;
  • Bolaning biron joyida tutqanoq namoyon bo‘lsa

tezda shifoxonaga borib bolani tekshirtirish talab etiladi.

Maqola yoqqan bo‘lsa, do‘stlaringiz bilan bo‘lishing!

Manba: Uzbaby.uz