Salomatlik

Bola immuniteti pasayishining asosiy sabablari

Bolalarning nega tez-tez kasal bo‘lishini tushunish uchun ularning qanday qilib turli infeksiyalarni yuqtirib olishini tushunish zarur. Ular hamma narsani qo‘li bilan ushlashga va og‘ziga solishga uringanligi uchun yuqumli infeksiyalarni yuqtirib olish xavfi ham yuqori hisoblanadi. Qolaversa, kichik yoshdagi bolalar bunday infeksiyalarga qarshi kurashish uchun yetarlicha kuchli immunitetni shakllantirishga ulgurmaydi.

Infeksiyalar yuqishining oldini olish uchun farzandlaringizni tez-tez qo‘llarini yuvib turishga o‘rgatishingiz lozim. Ayniqsa, ko‘chadan qaytgandan so‘ng va ovqatdan oldin bu qoidaga amal qilish kerak. Siz esa ular aloqada bo‘ladigan o‘yinchoq va boshqa buyumlarni tez-tez yuvib turishingiz zarur.

Kasallik virusini yuqtirib olish bo‘yicha boshqa tavsiyalar bir nechta qoidalarni o‘z ichiga oladi. Bolaning xasta insonlar bilan muloqotda bo‘lishining oldini oling. Bolalar viruslar, bakteriyalar va parazitlar orqali yuzaga keladigan infeksiyalarni ushbu virusni avvalroq yuqtirib olgan inson bilan yaqin muloqotda bo‘lish orqali yuqtirib oladi.

Agar bola tez-tez kasal bo‘lsa, bu uning immuniteti pasayganligidan dalolat beradi. Quyida immun tizimining kuchsizlanishiga olib keladigan sabablarni ko‘rib chiqamiz:

- Immunitetni shakllantirishda ona suti muhim o‘rin egallaydi. Turli sun’iy aralashmalarga erta o‘tish bola hayotining birinchi yilidayoq shamollashdan kelib chiqadigan kasalliklarga ko‘p chalinishiga sabab bo‘ladi;

- turli nobop sabablar tufayli bola immunitetini susaytiruvchi umumiy holat shakllanishi mumkin (ichak disbakteriozi, gipovitaminoz, raxit);

- ba’zi og‘ir xastaliklarni boshdan o‘tkazish yoki jarrohlik aralashuvi ham immunitetning kuchsizlanishini keltirib chiqaradi. Bunday xastaliklarga virusli kasalliklar, jumladan, grippni misol qilib keltirish mumkin;

- ba’zi dori vositalarini uzoq vaqt davomida qabul qilish ham yuqoridagi holatni keltirib chiqaradi. Bu kabi dorilarga immunosupressantlar, steroid garmonlar va antibiotiklarni aytib o‘tish mumkin;

- bolada turli surunkali xastaliklarning mavjudligi ham himoya mexanizmining kuchsizlanishiga olib keladi (surunkali gaymorit, tonzillit, adenoidlar va hokazo);

- Va nihoyat, immunitetning normal faoliyat ko‘rsatishi uchun bolaning rejimi va to‘g‘ri me’yorlashtirilgan ovqatlanish tartibi ham katta ahamiyatga ega. Agar bola ratsionida turli vitaminlar yetishmasa, masalan, uning taomi uglevodga boy, biroq oqsil va yog‘lar yetarli bo‘lmasa ham u tez-tez kasal bo‘lishi mumkin. Shuningdek, bolaning toza havoda kam vaqt o‘tkazishi, kam harakatlanishi, kattalar chekayotgan tamaki tutunidan nafas olishi ham uning immun tizimiga salbiy ta’sir qiladi.

Maqolani tayyorlashda internet manbalaridan foydalanildi.