Bugungi kunda ko‘plab ota-onalar bolalari o‘qishni xohlamayotganidan nolimoqda. Yo‘q, ular darslarga muntazam ravishda qatnayapti, lekin o‘qishga bo‘lgan qiziqish kuchsiz, bu esa ularning baholarida o‘z aksini topmoqda. Bunga sabab nima va vaziyatni tuzatish uchun nima qilish kerak?
1.O‘qituvchi obro‘sining tushishi
Barchamiz maktab yillarimizni yaxshi eslaymiz: sevimli o‘qituvchimizning fanini jon-dilimiz bilan o‘qirdik, ammo o‘qituvchini yoqtirmasak, darsga istar-istamas tayyorlanardik. O‘quvchilarning sevimli o‘qituvchisiga aylanish uchun pedagog faqat fanni yaxshi bilishi kifoya emas, bunda boshqa qator xususiyatlar ham rol o‘ynaydi.
Bugungi kunda o‘quvchilar talabchanroq bo‘lib qolgandek go‘yo. Balki, bu ulkan hajmdagi axborot bilan bog‘liqdir. Endi unga ega bo‘lish uchun o‘qituvchidan boshqa ko‘plab manbalar ham bor, ulardan asosiysi — Internet.
2. Ma’lumotlarning ortiqcha yuklanishi
Bu o‘quv jarayonida ham, darsdan tashqarida ham sodir bo‘ladi. O‘quv dasturi yildan-yilga murakkablashib bormoqda. Katta sinflarda barcha fanlar bo‘yicha darslarni bajarish uchun yarim kun vaqt sarflash kerak bo‘ladi. Shu tufayli ko‘pchilik o‘quvchilarda norozilik paydo bo‘ladi: “Hech narsani o‘qishni xohlamayman, o‘ynashni istayman”.
Bunda gap ko‘chada o‘rtoqlari bilan o‘ynash emas, kompyuter o‘yinlari haqida boradi. Bunday dam charchoqni keltirib chiqaradi, chunki aqliy mehnat jismoniysi bilan almashmayapti. Shu tufayli dars va topshiriqlardan dam olish istagi yuzaga keladi.
3. Umumiy oliy ta’lim
Bir necha o‘n yillar avval oliy ta’limga ega bo‘lish o‘zgacha nufuz hisoblangan bo‘lsa, hozir vaziyat o‘zgardi. To‘g‘ri, bolalar kelajakda qiziqarli kasb sohibi bo‘lishni istaydi, ammo bunda asosiy masala moliyaga borib taqaladi.
Qaysidir o‘rtoqlari kabi chet elga sayohat qilish yoki planshet sotib olish — hozirgi o‘quvchilarning orzulari. Shuningdek, ular ota-onalari va ularning tanishlari misolida oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan tadbirkorning yuqoridagilar uchun imkoniyati bemalol yetayotganiga guvoh bo‘lmoqda.
4. Jazoning yo‘qligi
Bu, umuman olganda, ijobiy narsa. Axir jismoniy jazo bolaning qalbida uzoq yillar iz qoldirishi mumkin. Ammo avvallari bolalar jazolanishdan qo‘rqib o‘qigan, keyinchalik ota-onasini ikki baho bilan xafa qilishdan va kaltak yeyishdan xavfsiragan. Hozir esa zamonaviy o‘smirlar hech narsadan, jumladan sal bo‘shroq o‘qituvchini yerga urishdan ham qo‘rqmaydi.
Farzandlaringizni o‘qishga qiziqtirishning qanday usuli bor?
- Ular yosh vaqtidayoq paydo bo‘ladigan havas va ishtiyoqqa ahamiyat bering. Tug‘ma gumanitariy (ijtimoiy fanlarga qiziquvchi)dan fizika bo‘yicha a’lo baholarni talab qilmang, biroq sinfda hammadan yaxshi insho yozsa, quvoning. Yaxshisi, hech qaysi yo‘nalishda ishi yurishmagandan ko‘ra, bitta muayyan sohadagi qobiliyatlarini rivojlantirsin.
- Kichik farzandingiz bilan birga kitoblar o‘qing, kattasiga esa nima o‘qishni maslahat bering. Yo‘q, internet paydo bo‘lishi bilan kitoblar chetga chiqib qolgan emas.
- O‘zingiz namuna bo‘lib, bolani ilhomlantiring. Agar ota-onalar turli qiziqishlarga ega bo‘lsa, bolalar ham har tomonlama rivojlangan va bilimdon bo‘lib yetishadi.