Baliq organizm uchun juda kerakli foydali elementlarga boy. Shuning uchun baliqli taomlar juda foydalidir. Oddiy go‘shtdan farqli ravishda baliq go‘shti organizmga oson qabul qilinadi. Undan tashqari baliq oson qabul qilinadigan va juda kerakli bo‘lgan oqsil, temir, magniy, mis, sink va B2. B12. PP vitaminlarining manbaidir.
Dengiz balig‘i esa qo‘shimcha ftor va yod moddalariga ham boy.
Baliq yog‘lari juda foydali OMEGA-3 yog‘laridan tashkil topgan. Bu yog‘ning organizmga yetishmasligi yurak va ko‘z kasalliklariga, o‘sish darajasining pasayishiga olib kelishi mumkin. Kichik yoshdagi bolalar uchun esa OMEGA-3 yog‘lari ko‘z to‘r pardasini shakllanishi uchun zarur.
Ammo shu bilan bir qatorda baliq go‘shti allergik mahsulot hisoblanib, allergiyaga moyil bolalar uchun uni ehtiyotkorlik bilan yedirish lozim.
Baliq go‘shtini bolaga qo‘shimcha ravishda 9 oydan keyin berish tavsiya etiladi. Baliq go‘shtidan tayyorlangan pyureni sabzavotlar bilan aralashtirib, 1 choy qoshiqdan berishni boshlash lozim.
Bola 1 yoshiga yetguncha baliqli taomlar kuniga 100-150 grammdan oshmasligi darkor.
Agar mol go‘shti bola organizmida 5 soat davomida xazm qilinsa, baliq go‘shti 3 soatda hazm qilinadi.
Dengiz balig‘i daryo balig‘idan ko‘ra tozaroq va foydaliroq hisoblanadi.
Agar bolada baliqqa nisbatan allergiya bo‘lsa, u holda baliqni unga nafaqat yedirish, balki uning oldida baliqli taom tayyorlash ham mumkin emas. Chunki tayyorlanish jarayonida baliq go‘shtining kichik zarrachalari havoga tarqalib bolada allergik reaksiyani yuzaga keltirishi mumkin.