— 6 oylik o‘g‘limning qo‘l va oyoq terisi 2 haftadan beri quruqlashib, po‘st tashlayapti. Bolalarga mo‘ljallangan har xil kremlardan surtib ko‘rdim, natija bermadi. 3 kun oldin esa bu joylar qizarib, lovullay boshladi. Allergik toshma deb o‘ylab, 2 kun dori berdim. Qizarishlar qaytdi-yu, biroq teri ko‘chishi hali ham bor. Teri ko‘chishining sababi nimada?
Dilfuza, 24 yosh, Toshkent shahridan
Hakim Dadaboyev, oliy toifali shifokor-pediatr: — Teri ko‘chishi sababini aniqlash uchun boladagi o‘zgarishlar tug‘ilganidan beri bormi yoki orttirilganmi, avvallari shu kabi holatlar kuzatilganmi-yo‘qmi, aniqlash lozim. Agar bola emizikli bo‘lsa, ehtimol ayolning iste’mol qilayotgan mahsulotlari yoki terisiga surtilayotgan krem va yog‘lar ta’sirida yuzaga kelishi ham mumkin. Aniq xulosaga kelish uchun bolalar shifokori hamda bolalar dermatologi, allergologiga murojaat etish zarur. O‘zingiz mustaqil ravishda davolashga urinmang.
Manba: «SUG‘DIYONA» gazetasi.