Yo‘tal — organizmning tabiiy refleksi. Nafas yo‘llariga nimadir kirib qolsa, xalal berayotgan zarrachani kuchli havo oqimi yordamida itarib chiqarish zaruriyati paydo bo‘ladi. Shuning uchun yo‘taldan qo‘rqish kerak emas: bu ko‘pchilik hollarda yuzaga kelgan muammoni organizmning o‘zi hal qilishining belgisidir.
Yo‘tal qachon tashvishlanish uchun sabab bo‘lmaydi?
Bolaning nafas yo‘llariga chang, o‘simliklar changi yoki ovqat uvoqlari tushib qolganda.
Bolaning tishlari chiqayotgan va so‘lagi tomog‘iga kirib qolganda.
Go‘dakning tomog‘iga ona suti tiqilib yo‘talib qolganda.
Yo‘tal qanday hollarda tashvishlantiruvchi alomat hisoblanadi?
Agar u kutilmaganda va hech qanday sababsiz paydo bo‘lsa (ko‘pincha bu bolaning nafas yo‘llariga biron-bir mayda narsa kirib qolganidan darak beradi).
Yo‘tal o‘tkir, xurujga o‘xshash ko‘rinishga ega bo‘lsa.
Qo‘pol, xirillash va ko‘ngil aynish bilan kechadigan «bo‘g‘iq» yo‘tal – krup deb ataluvchi yuqumli kasallikning alomati bo‘lishi mumkin.
«Quruq», to‘xtamaydigan, holdan toydiradigan yo‘tal nafas yo‘llarida yallig‘lanuvchi jarayon borligidan darak beradi (faringit, laringit, traxeit, bronxit, O‘RK, O‘RVI).
Bola yo‘talganda nima qilish kerak?
Bolani o‘rab qo‘ymang. Yo‘talning paydo bo‘lish sababidan qat’i nazar, bolani bir nechta ko‘rpalarga o‘rash tavsiya qilinmaydi, ayniqsa bu emizikli bolalarga tegishli — ular haroratning keskin o‘zgarishlariga juda sezuvchan bo‘ladi.
Xonada qulay sharoit yarating. Bolalar xonasidagi havo harorati 22—24 darajani tashkil qilishi kerak, namlik esa — 50—60%. Xonani tez-tez shamollating.
Bolaga ko‘proq suv bering. Har qanday yuqumli kasalliklarda bolaning ko‘p suyuqlik ichishi zarur. Shuningdek, balg‘am tezroq ketishi uchun bola gavda holatini muntazam ravishda o‘zgartirib turishi kerak.
Yo‘talga qarshi vositalardan foydalanmang. Bolaga yo‘talni qoldiradigan vositalar bermang. Bunday holatda bronxlarga tushgan mayda zarralar yoki balg‘am chiqib keta olmaydi, buning natijasida go‘dakning ahvoli faqat og‘irlashadi.
Bolalar shifokoriga murojaat qiling.
Manba: Daryo.uz