Farzandingizning bolalar bog‘chasiga osonroq moslashishiga qanday ko‘mak bera olasiz? Maqolada psixolog va tarbiyachilarning bu boradagi asosiy maslahat va tavsiyalari keltirilgan.
Bolalar bog‘chasiga moslashuv jarayonida ularga qanday yordam berish mumkin?
- Farzandingizni bolalar bog‘chasiga berar ekansiz, bu u uchun muhim va zarur ekanligiga ishoning.
Bolalar ota-onasining kayfiyatini yaxshigina o‘qiy oladi. Agar siz bolalar bog‘chasining zaruratiga o‘zingiz ishonmasangiz va asabiylashsangiz, farzandingiz ham asabiylasha boshlaydi. Sizning u bilan bog‘cha haqidagi suhbatlaringiz ham bu holda ishonchli chiqmaydi.
- O‘z tarbiyachilaringizga ishoning
Farzandingiz uning tarbiyachisi bilan qanday munosabatda bo‘layotganingizni va uni qanday odam sifatida qabul qilayotganingizni kuzatib turishini unutmang.
Bog‘chada hammasi yaxshi bo‘lishiga ishoning. To‘g‘ri, ba’zan turli hodisalar ham yuz berib turadi. Biroq shuni yodda tutingki, bolalar bog‘chasidagi tarbiyachilar ham biz kabi tirik insonlar, onalardir. Ular bolani och qoldirish, yig‘latish yoki sovuqda qoldirishni sira istamaydi.
- Ko‘pchilik psixologlar bola bilan bog‘chaga uning sevimli o‘yinchog‘ini berib yuborishni maslahat beradi
Shuningdek, bog‘chadagi biror buyumni ham sevimli o‘yinchoqqa aylantirish mumkin. Masalan, har tong akvariumdagi baliqchalar bilan salomlashish. Yana bog‘cha uchun ataylab chiroyli ko‘ylak, kostyum va oyoq kiyimlar xarid qilish mumkin.
- Moslashuv jarayonini iloji boricha sekin yo‘lga qo‘ying
Bog‘chaga borishni qisqa vaqtli guruhlarga qatnashdan boshlash ideal vaziyat hisoblanadi. Dastlab farzandingizni bog‘chada bir necha soatga qoldiring. Bola bog‘chaga ishtiyoq bilan borayotganligini payqaganingizdan so‘ng, uni kunduzgi uyquga qoldiring.
- Ertalab bolani bog‘chaga olib borganda, sezdirmasdan g‘oyib bo‘lishga harakat qilmang
Ketish oldidan albatta uni quchoqlab, xayrlashing. Uni qachon olib ketish uchun kelishingizni aniq ayting (sayrdan so‘ng, tushlik yoki uyqudan turgandan keyin). Agar bola xafa bo‘lsa, uni bog‘chada hamma kutib qolganligini, usiz o‘rtoqlari va tarbiyachisi zerikayotganligini tushuntiring.
- "Pora berish"ning hech bir shaklidan foydalanmang
O‘zini yaxshi tutganligi evaziga multfilm tomosha qilishga ruxsat berish, sovg‘a yoki shokolad olib berish kabi usullar vaqt o‘tishi bilan sizga qarshi ishlay boshlaydi. Bola tez vaqt ichida sizni boshqarishni o‘rganib oladi va istagan narsasini o‘zini yaxshi tutish yoki injiqlik qilish orqali qo‘lga kirita boshlaydi.
- Farzandingiz bilan kun qanday o‘tganligi haqida albatta suhbatlashing
Uyga qaytayotib va uyda kun qanday o‘tganligini muhokama qiling.
- Bolangizning bog‘chaga borayotganligidan faxrlanishingizni bildiring
Birgalikda buvi, buvasi yoki do‘stlaringizga qo‘ng‘iroq qilib, quvonchli hodisa haqida so‘zlab bering.
Agar farzandingizning bolalar bog‘chasiga moslashib ketishi juda qiyin kechsa, uning tarbiyachisi yoki bolalar psixologi bilan bu borada maslahatlashing.