Kun.Uz'ning xabariga ko‘ra 1 iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni Toshkentda tushunarsiz vaziyat yuzaga keldi. Shahardagi istirohat bog‘lari kechki soat 7dayoq yopib qo‘yildi.
Bolalar kuni kalendarda dam olish kuni etib belgilanmagani bois, ko‘plab bolalar ota-onalarining ishdan qaytishini kutishdi. Lekin, ota-onalar ishdan qaytib, bolalarni istirohat bog‘lariga olib borishganida darvozalar yopiq edi.
Tashrif buyuruvchilarni kutib olgan qorovullar bog‘larning barvaqt yopilganini xavfsizlik nuqtai nazaridan ko‘rilgan chora sifatida izohlashgan. Ular kelganlarga Toshkentdagi Next, MegaPlanet, "Samarqand Darvoza" kabi ko‘ngilochar savdo markazlariga borishni maslahat qilishgan. Savdo-ko‘ngilochar majmualari bayramga yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan, turli tanlovlar tashkil qilingan, aksiyalar o‘tkazilgan. Lekin bu joylardagi xizmatlar uchun to‘lanadigan haqlar ota-onalarga odatdagi istirohat bog‘lari va attraksionlardagidan ko‘ra qimmatlik qilgan. Shuningdek, guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, savdo majmualaridagi bolalar maydonchalarida shu vaqtda tiqilinchlar, eskalatorlarda navbatlar hosil bo‘lgan.
Qayd etilishicha, istirohat bog‘larining yopilishi haqida poytaxt aholisi na hokimiyat tomonidan, na Madaniyat va sport vazirligi tomonidan xabardor etilgan.
Istirohat bog‘lari va akvaparklarga tashrif buyurgan ota-onalar bekorga vaqt sarflashgan hamda ortiqcha xarajat qilishgan. Ular yig‘layotgan bolalarga sevimli joylariga kira olmasliklari sabablarini ham tushuntirishga to‘g‘ri kelgan.
Shu bilan birgalikda, 1 iyun kuni kunduzi Toshkentdagi parklar bayram rejimida faoliyat ko‘rsatgan: bolalar uchun ba’zi attraksionlar bepul xizmat ko‘rsatgan, shuningdek bolalar muzqaymoqlar, shirinliklar va ichimliklar bilan mehmon qilingan. Soat 19:00dan esa faqat chiqish eshiklari ishlagan.