Salomatlik

Bolalar poyabzalini tanlashda adashmang

Qanchalik g‘alati bo‘lib tuyulmasin, bolalar tor oyoq kiyim kiyganida og‘riqni his qilmaydi. Bu shu bilan bog‘liqki, ularning oyoq kaftida yetarli miqdorda yog‘ to‘qimalari bo‘lib, ular og‘riqni susaytiradi. Ammo o‘sayotgan oyoq uchun poyabzalni to‘g‘ri tanlash muhim ahamiyatga ega.

Noto‘g‘ri shakllangan oyoq kafti — nafaqat kosmetik nuqson. Kelajakda bu bolaning salomatligi bilan bog‘liq jiddiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkin, axir qomatning noto‘g‘ri shakllanishi, skolioz ko‘pincha to‘g‘ri qadam bosmaslik va yassi oyoqlikdan kelib chiqadi.

Noqulay qolip, mos bo‘lmagan poshna, material va boshqa ko‘plab xatolar tez-tez uchrab turadi. Keling, bolalar uchun oyoq kiyimi tanlashda rioya qilish kerak bo‘lgan asosiy qoidalarni ko‘rib chiqamiz.

O‘lcham

Kichik yoshda bo‘g‘im paylari juda kuchsiz bo‘ladi, shu tufayli, agar poyabzal oyoqni mahkam tutib turmasa, yiqilganda paylarning cho‘zilishi va bo‘g‘imlarning chiqishi juda oson bo‘ladi. Yodda tuting: oyoq kiyimni tanlashda bolaning o‘sishini nazarda tutib ko‘pi bilan 1,5 santimetr zaxira bilan olish mumkin (qishki poyabzal uchun, paypoqni hisobga olganda sal ko‘proq).

O‘lchab ko‘rish

O‘zingiz bilan bolaning “izi” —uning oyog‘i aylantirib chizilgan karton qog‘ozni olib borsangiz, qulay bo‘ladi. Farzandingiz siz bilan bo‘lmasa, ushbu iz poyabzalni ancha aniq qilib tanlash imkonini beradi. Ammo bolangiz yoningizda bo‘lgan taqdirda ham, bu ko‘plab mos tushmaydigan variantlarni kiyib ko‘rmasdan turib rad etishda qo‘l keladi, natijada vaqt va yaxshi kayfiyat tejaladi.

Bolaning oyog‘iga o‘lchab ko‘rishda esa quyidagilarga e’tibor qarating:

  • ushbu poyabzalni kiyish qulay-noqulayligi;
  • har ikkala poy ham mos tushishi;
  • bolaning qadam bosishi o‘zgarmaganligi.

Tagcharm

Tagcharm egiluvchan, taram-taram (botiq yoki bo‘rtma chiziqlar bilan qoplangan) bo‘lishi va sirg‘anchiq bo‘lmasligi kerak. Tagcharmni qo‘lda egib ko‘ring, u bukilishi kerak, aks holda esa poyabzalning tumshug‘i keskin tarzda tepaga ko‘tarilgan bo‘lishi kerak, shunda tagcharm oyoq kafti harakatini takrorlay olmasa-da, oyoq uchidan tovonga ko‘chish imkoniyati bo‘ladi.

Poshna

Tovon tomonidagi tagcharm 1—1,5 santimetrga balandroq bo‘lishi kerak. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, qizaloqlarning poshnali tufli kiyishga havaslarini qondirishga urinmang, bolaga uning kelajakda qanday xavf keltirib chiqarishi mumkinligini tushuntiring.

Material

Poyabzal materiali havo o‘tkazadigan, tabiiy bo‘lishi kerak. Bu muhim, chunki vegetativ asab tizimi va termoregulyasiya markazlari hali joyiga tushmagan, shu tufayli oyoqchalar ko‘p terlaydi. Nam oyoq kiyim bilan yurish esa noqulay bo‘lish bilan birga, sog‘liq uchun xavfli hamdir. Materialning egiluvchanligi va cho‘ziluvchanligi ham shu darajada muhim, bu qo‘shimcha qulaylik beradi, havo aylanishini yaxshilaydi va namlik bug‘lanishini ta’minlaydi.

Supinator

Tagcharmning ichki chetida bo‘rtmacha — supinator bo‘lishi kerak, u oyoq kafti gumbazi shakllanishiga yordam beradi va yassi oyoqlik shakllanishi oldini oladi. Ammo maymoqoyoqlikda, supinator bo‘lmasligi kerak.

Poyabzalning orqa qismi

Orqa qismi ham ahamiyatga ega, u tovonni ushlab turish va uning yon tomonga siljib ketmasligi uchun yetarlicha qattiq bo‘lishi kerak. Oyoq kiyimning orqa qismini barmoqlaringiz bilan qisib ko‘ring, u oson bukilmasligi kerak.