Farzandingizga ertalab qanday yegulik berishni bilmayapsizmi? Maqolada bolalar uchun eng foydali bo‘lgan beshta nonushta hamda ularni tayyorlash usullari haqida bilib olishingiz mumkin.
Nonushtadan avval
Tabiat shunday yaralganki, hech qaysi tirik jonzot uyg‘onganidan so‘ng darhol yemaydi. Uyqudan so‘ng jonivor dastlab yegulik qidirib topishi, so‘ng o‘ljani tanovul qilishi kerak. Bu insonga ham taalluqli, ammo sivilizatsiya sharofati bilan endi tamaddi qilib olish uchun sovitgich oldiga borish kifoya.
Tongni kerishish, gigiyenik protseduralar (yuvinish, dushga tushish), zaryadka bilan boshlagan ma’qul, shundan so‘nggina organizm sizga ochlik haqidagi signalni beradi. Bunday madaniyatga bolalikdan o‘rganish muhim, shunda noto‘g‘ri ovqatlanishning ehtimoliy salbiy oqibatlaridan nari bo‘lasiz.
Shuni yodda tutingki, bolalar to‘la sifatli ovqatga ehtiyoj sezadi. Taomda oqsillar, yog‘lar, yetarli miqdorda uglevodlar, ballast moddalar, vitamin va minerallar bo‘lishi kerak. Bularning barchasi bola ham jismoniy, ham aqliy jihatdan faol o‘sishi va rivojlanishi uchun zarur.
Bolalar uchun sut va sut mahsulotlari juda foydalidir. Sutda sifatli oqsil, shuningdek, qator vitamin va minerallar, xususan, suyak, muskul va asab tizimi salomatligi uchun zarur bo‘lgan kalsiy bor. Shu tariqa, maqolada sutdan tayyorlanadigan nonushtalar haqida gap boradi, ularni siz o‘z farzandlaringizga pishirib berishingiz mumkin.
- Bo‘tqa — eng yaxshi nonushta
Gastroenterologlar ba’zan barcha odamlar nonushtaga bo‘tqa yeganida, ular o‘z ishidan ajrab qolgan bo‘lishini aytib, hazillashadi. Bo‘tqalar (ayniqsa, butun donlardan tayyorlangani) sog‘liq uchun juda foydalidir. Qanday bo‘tqani yeyishingizga qarab, o‘z organizmingizni turli-tuman vitamin va mikroelementlar kompleksi bilan boyitasiz.
Bo‘tqa tvorog va mevalar bilan juda yaxshi uyg‘unlashadi. Ayniqsa, bolangiz injiqlik qilsa, taomga turli mevalarni qo‘shishingiz mumkin. Shunda nonushta to‘yimliroq va mazaliroq bo‘ladi.
Misol sifatida tvorog va mevalar qo‘shilgan so‘k bo‘tqasini keltirish mumkin. Buning uchun sizga 1 stakan so‘k (pshyonka), 200 g tvorog kerak bo‘ladi, sut esa ta’bga qarab qo‘shiladi (keraklicha darajada suyuq qilish uchun). Shakar va saryog‘ ham ta’bga qarab qo‘shiladi. Taomni har qanday meva bilan boyitish mumkin, masalan, banan yoki qulupnay qo‘shish mumkin.
- Sabzavotli omlet
Nonushtaga tuxum juda mos tushadi. Tuxumni sut bilan iylab, omlet pishirishingiz mumkin. Ichiga solinadigan masalliq sifatida sabzavotlardan foydalanish mumkin. Sizga quyidagi retsept bo‘yicha sabzavotli omlet tayyorlashni taklif qilamiz: 2 ta kichik kartoshka, yarimtadan piyoz va bulg‘or qalampiri, 4 ta tuxum, 50 ml sut yoki smetana, o‘simlik yog‘i, ta’bga ko‘ra murch va tuz.
Sabzavotlarni mayda to‘g‘rab, tovada dimlab pishiring. Kartoshkani oldindan qaynatib olish mumkin. Tuxumni mikser yordamida iylang, sut yoki smetana qo‘shib, aralashtirishda davom eting. Shundan so‘ng tovadagi sabzavotlar ustiga tuxumni quying va past olovda pishgunicha qoldiring. Omletga ko‘katlar ham qo‘shish mumkin.
- Tvorogli toblama
Tvorogli toblama tayyorlash uchun sizga 350 g tvorog, yarim stakan shakar, 2—3 ta tuxum, yarim stakan olcha va 2 osh qoshiq manniy yormasi kerak bo‘ladi.
Dastlab tuxumni shakar bilan aralashtirib olib, so‘ng tvorog qo‘shamiz va aralashtirishda davom etamiz. Shundan keyin manniy yormasi qo‘shiladi va tayyor aralashma formachalarga solinadi. Formalarning tubiga avvaldan shakarga botirilgan olchalar solingan bo‘lishi kerak. Taomni duxovkada yoki parovarkada ham tayyorlash mumkin. Parovarkada pishirilgani foydaliroq bo‘ladi: unda foydali komponentlar ko‘proq saqlanib qoladi.
- Tvorogli yoki pishloqli qiyma solingan quymoq (blin)
Bunday quymoqni tayyorlash uchun 1 stakan sut, 1 stakan un, 2—3 ta tuxum, 1—2 osh qoshiq o‘simlik yog‘i, ta’bga ko‘ra tuz va shakar kerak bo‘ladi. Har bitta quymoqni o‘z xohishingizga qarab kolbasa va sabzavotlar bilan aralashtirilgan pishloq yoki mayiz solingan tvorog bilan to‘ldirishingiz mumkin. Tayyor ruletlarni listga terib, duxovkada 180 daraja issiqlikda pishirib olish kerak.
- Sirnik
6 oylikdan so‘ng tvorog bolajonlar uchun taomnomaning eng zaruriy qismiga aylanadi. Tvorogda fosfor, kalsiy va turli-tuman vitaminlar bor. Yuqorida keltirilgan tvorogli toblamadan tashqari, undan sirnik ham tayyorlash mumkin. Uni pishirish qiyin emas, uni har qanday “qayla” — smetana, murabbo, quyultirilgan sut, mevalar bilan birga tortish mumkin.
Sirnik pishirish uchun 1 ta tuxumga 1,5—2 osh qoshiq shakar qo‘shib aralashtiramiz. So‘ng 1,5—2 osh qoshiq un, undan keyin 250 g tvorogni qo‘shib yuboramiz. Massadan kulchalar uzib olamiz, unga belab past olovda ikki tomonini ham pishirib olamiz. Tovadan olgach, ortiqcha yog‘i oqib ketishi uchun qog‘oz salfetka ustiga qo‘yish mumkin.