Bilasizmi?

Bolalarda diareya kasalligi

Diareya – yuqumli oshqozon-ichak kasalligi bo‘lib, bu kasallik mikroblar ta’sirida yuzaga keladi.

Kasallik asosan:

  •  Ichning qayta-qayta suyuq kelishi, qorin og‘rishi, ko‘ngil aynishi, qusish, isitmaning ko‘tarilishi bilan namoyon bo‘ladi;

Ushbu kasallikka asosan, ko‘krak suti bilan emas, balki ayrim hayvonlar suti yoki quritilgan sut aralashmalari bilan ovqatlanayotgan bolalar ko‘proq chalinadilar. Ayniqsa, kamqonlik, raxit, yod tanqisligi bor bo‘lgan bolalarda kasallikka bo‘lgan moyillik ko‘proq kuzatiladi.

BOLAGA KASALLIK QANDAY YuQADI?

Kasallik qo‘zg‘atuvchi mikroblar bolalar organizmiga quyidagi omillar orqali yuqadi:

  • Ifloslangan qo‘l;
  • Ifloslangan o‘yinchoqlar;
  • Toza bo‘lmagan ovqat idishlari, shisha va so‘rg‘ichlar;
  • Sifatsiz yoki uzoq vaqt turib qolgan ovqatlar;
  • Qaynatilmagan suv;
  • Pashshalar orqali;
  • Yuvilmagan meva-sabzavotlarni iste’mol qilish natijasida.

DIAREYa NIMASI BILAN XAVFLI?

Ichning suyuq ketishi natijasida bola ko‘p suyuqlik yo‘qotadi va bu bilan ko‘plab oziq moddalar chiqib ketadi. Bola organizmida suvsizlanish va oziq moddalarning yetishmovchiligi natijasida, tana a’zolari faoliyatining keskin buzilishi uning hayotini xavf ostiga qo‘yadi.

Diareyaga chalingan bolaga uy sharoitida qanday yordam berish mumkin?

Bolada ich ketish holati boshlanishi bilanoq suvsizlanishning oldini olishga harakat qiling. Buning uchun unga odatdagidan ko‘proq suyuqlik ichiring.

Suyuqlik sifatida:

  • Regidron eritmasi;
  • Oddiy qaynatilgan suv;
  • Guruch qaynatmasi;
  • Anor po‘stlog‘ining damlamasi;
  • Kefir;
  • Gazlanmagan mineral suv berishingiz mumkin.

Bolaga suyuqlikni oz-ozdan va tez-tez (har 5 7 daqiqada) ichirib turing. Birdan ko‘p suv ichirmang, bola qayt qilishi mumkin. Agar, bola qayt qilsa, suyuqlik ichirishni 10 daqiqa to‘xtatib turing, so‘ng yana davom ettiring.

Har bir ich ketishda, agar bola 2 yoshgacha bo‘lsa, yarim stakandan, 2 yoshdan katta bo‘lsa, 1 stakandan suyuqlik ichirib turing. Bolani oz-ozdan, lekin tez-tez ovqatlantirib turish zarur. Agar bola ko‘krak emadigan bo‘lsa, uni odatdagidan ko‘ra ko‘proq va uzoqroq emizing. Boshqa sut yoki quruq sutli aralashmalar bilan ovqatlantirilayotgan bo‘lsa, uning ovqatlanishini odatdagidek davom ettirishingiz mumkin.

Agar bola qo‘shimcha ovqatlanayotgan bo‘lsa, unga yengil hazm bo‘ladigan ovqatlar bering. Taomlar qaynatib pishirilgan holda, bir xil yumshoqlikda ezilib tayyorlangan bo‘lishi kerak. Bolaning kundalik ovqatlanishida go‘sht yoki meyorida baliq bo‘lishi maqsadga muvofiq va ularni qaynatib, qiymalagichdan 2 marta o‘tkazing. Shunda yumshoq pyure hosil bo‘ladi. Olmani suvda dimlab yumshoq mag‘zini yediring, po‘stini bolaga bermang. Bolaning kasallik davrida unga shirin taomlar va ichimliklar bermang, chunki, bu ich ketishini yana ham kuchaytirishi mumkin. Bolaga taomni har 2 4 soatda berib turing, sog‘aygach esa 2 hafta davomida odatdagidan bir marta ko‘p ovqatlantiring. Bu boladagi kasallik davrida yo‘qotilgan oziq moddalar o‘rnining tiklanishiga yordam beradi.

Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan muolajalardan so‘ng bolada diareyaning belgilari kuzatilayotgan bo‘lsa, darhol shifokorga murojaat eting.

BOLA KASALLIKKA ChALINMASLIGI UChUN NIMA QILISh ZARUR?

  • Bolani 6 oylik bo‘lgunga qadar, faqat ona suti bilan parvarish qiling. Ona sutida bola uchun zarur bo‘lgan oziq moddalar va himoya omillari mavjud bo‘lib, ular bola baquvvat o‘sishiga yordam beradi.
  • Bola 6 oylik bo‘lgandan keyin, uni qo‘shimcha ovqatlantiring. Bu davrdan boshlab, birgina ona suti bola ehtiyojini qondira olmaydi. Aks holda, bola zaiflashib, kasalliklarga beriluvchan bo‘lib qoladi.
  • Shisha idish va so‘rg‘ichlardan foydalanmang. Chunki, shisha idish toza yuvilmasligi oqibatida mikroblarning ko‘payishi uchun qulay sharoit tug‘iladi.
  • Bolaga taomni har gal yangi tayyorlab bering.
  • Bolaning idish-tovoqlarini alohida saqlang. Ularga pashshalar o‘tirmasligi uchun ustiga doka yoping.
  • Bolani ovqatlanishdan oldin va hojatdan keyin qo‘lini sovunlab yuvishga odatlantiring.
  • Meva va sabzavotlarni yuvib iste’mol qildiring.
  • Faqat qaynatilgan suvni ichiring.

Manba: Avitsenna.Uz