Bu mavzuni yoritishdan oldin juda ko‘plab materiallar tahlil qilindi. Bu mavzuni nafaqat yoritish, balki u haqida gapirish ham juda qiyin, chunki u bizning bolajonlarimiz psixikasiga taaluqli. Lekin mavzuga oid yetarli bilimlar kamligi tufayli ba’zi oilalarda bolalarimizga shu deb azob berilayotganini ko‘rib saytda bu haqida kerakli ma’lumotlarni keltirishni joiz deb bildik.
Bolalarimiz hurmati va o‘zbekchilikka tayangan holda mavzu muammosiga aloqasi yo‘q maqola o‘quvchilari kerakmas mulohazalar qilmasligi uchun uni o‘rab, biroz tushunarsiz qilib yoritamiz. Muammoni bilgan va bunga to‘qnash kelgan ota-ona o‘ziga kerakli ma’lumotni tushuna oladi.
Bolasida "sho‘xlik"ni ilk bora ko‘rgan ota-ona asabiylasha boshlaydi. "Bolamda biron muammo mavjud!", "Bolamni davolatish kerak", "Bolani yaxshilab jazolash kerak", "Nima qilish kerak?" kabi minglab hayollar ota-onani qiyin ahvolga tushiradi.
Shu o‘rinda eng muhim savol: "Qanday qilib bu "sho‘xlik"ni qilishdan bolamni to‘xtatsam bo‘ladi?!"
Eng avallo shu savolga javob berishdan boshlaymiz. To‘xtatish kerak emas! To‘xtatishning iloji yo‘q!
Bu javob qanchalik qo‘pol tuyilmasin, bu oddiy haqiqatdir.
O‘zi bu "sho‘xlik" ning zarari bormi?
Bolaning salomatligi uchun ham, uning psixikasiga ham buning hech qanday zarari yo‘q. Bu borada minglab tadqiqotlar xabar bermoqda. Zarari shundaki, ota-onasini bunga bo‘lgan salbiy munosabatini ko‘rgan bola o‘zini "yomon ish" qilayotgan deb hisoblaydi va o‘zini ayblashni boshlaydi. Mana shu ayblash kelajakda ba’zi psixologik muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.
Bolasida "sho‘xlik" ni ko‘rgan ota-onaning birinchi vazifasi bolasiga ko‘proq mehr berishdir.
Bola "sho‘xlik" qilishiga sabab:
- Yolg‘izlanishi;
- Ota-ona mehriga to‘ymasligi;
- Ota-onaning o‘ta qattiq qo‘lligi;
- Ota-onaga suykala olmasligi;
- Stress;
- Asabiylik;
- Ota-ona e’tiborining yetishmasligi;
- Gigiyenaga rioya qilmaslik;
- Siqadigan ichki kiyim kiyish;
- Oilada katta o‘zgarishlar sodir bo‘lishi (ikkinchi farzand tug‘ilishi, ota-onaning ajralishi, ota yoki onani yo‘qotish va boshqalar);
- Ota-onadan doim yoki ko‘pincha rad javobini olish;
- Ba’zi jinsiy kasalliklar.
Bolalikdagi "sho‘xlik" bir nechta bosqichlarga bo‘linadi:
2 yoshgacha bo‘lgan davr - bola o‘z a’zolarini o‘rganish davridir. Olti oylik bola qo‘llarini tomosha qilishi davomida qiziqishi paydo bo‘lganidek boshqa barcha a’zolariga ham qiziqishi uyg‘onishi normal holat. Bunga jiddiy qarash shart emas. Bu oddiy rivojlanish. To‘sqinlik "sho‘xlik"ka bo‘lgan qiziqshni yanada oshiradi.
2-5 yoshgacha bo‘lgan davrda bola "sho‘xlik" qilayotib yoqimli hissiyotni sezadi va ota-onasiga yoqmaydigan ish qilayotganini anglaydi. Natijada u bekinib qilishni o‘rganadi. Bu davrda bolaga hech qanday to‘sqinlik ko‘rsatib bo‘lmaydi. O‘zini "yomon ish" qilib qo‘yayotganida ayblamasligi muhim.
6-9 yoshda bola qilayotgan ishi haqiqatdan "uyatsiz" ekanligini to‘liq anglaydi va iloji boricha hech kim ko‘rmagan paytda qilishga harakat qiladi. Ba’zida bolada turli qiziqishlari paydo bo‘lib "sho‘xlik" ma’lum bir muddatga yoqolgandek tuyiladi. Shuning uchun bu davrda ko‘pchilik ota-ona "sho‘xlik" butunlay yakunlandi, deb xato fikr yuritadi.
12-14 yoshdan so‘ng bolalikdagi "sho‘xlik" haqiqiy jinsiy qoniqish yuliga aylanishni boshlaydi. Bu normal jinsiy va jismoniy jarayon.
Bolada "sho‘xlik" ni bilib qolgan ota-ona qilishi MUMKIN BO‘LMAGAN narsalar:
1. Hech qachon bolani bu faoliyati uchun uyaltirmang. Hech qachon! Katta bo‘lganida "sho‘xligi" yoqoladi, lekin kichikligidan o‘zini "yomon" yoki "o‘ta aybli ish qilayotgan" bola deb his qilsa, jamiyatda o‘z o‘rnini topishda, boshqalar bilan munosabatlarda juda qiynaladi.
2. Bolani ushbu faoliyati tufayli qo‘rqitmang. "Mana shunday qilganing uchun, senda shunday bo‘ladi!" kabi qo‘rqituvlar aslo mumkin emas.
3. Bolani ushbu faoliyati uchun jazolamang. Bu faoliyatning burun kovlashdan deyarli farqi yo‘q.
4. Bolaning "sho‘xlik" qilayotganiga kasallikdek qaramang. Bu biron muammo tufayli yuzaga kelgan holat. Ana shu negizni bartaraf etish lozim.
5. Ertayu-kech bolaning e’tiborini shu faoliyatga qaratmang. Ya’ni bolaga sezilarli darajada uni kuzatish, ishini ustida tutvolib tanbeh berish va hokazo.
6. "Sho‘xlik"ni taqiqlamaslik kerak. Qancha ko‘p taqiqlansa, shuncha unga ehtiyoj ortadi.
7. Maktab o‘qituvchisi yoki bog‘cha tarbiyachisi bunga muammodek qarab ota-onadan bolani jilovlashni talab qilayotgan bo‘lsa, ahamiyat bermang. Shunchaki, sho‘xligi birovni ko‘ziga tushmasligini ta’minlashini bolaga tushuntirish lozim.
Nima qilsa bo‘ladi yoki qanday qilib bolaga yordam bersa bo‘ladi?
1. Bola "sho‘xligini" hammani oldida qilayotgan bo‘lsa, bu ishni birovlarni oldida qilish mumkin emasligini, xuddi hojatga borish kabi normal jarayon lekin uyatli ekanligini muloyim tushuntirib berish kerak. Hammani oldida qilishiga odatda bolaning ota-onaga bo‘lgan protesti(qarshilik) yoki ota-ona e’tiborini jalb qilish sababchi bo‘ladi. Bola bilan muloyimroq bo‘lishni, bolaga ko‘proq mehr berishni va uni ko‘p quchoqlashni o‘rganing. Bolaga tez-tez "yo‘q" demayotganmikinsiz?, tahlil qiling.
2. "Sho‘xlik" zerikkanidan amalga oshirilayotgan bo‘lsa, bolani zerikmasligini ta’minlash kerak. Ko‘chada o‘ynash, qiziqarli o‘yinlar bilan band qilish, ota-ona bilan birgalikda biron ish bilan shug‘ullanish bolani zerikishdan saqlaydi. Uxlashdan oldin bola bilan vaqt o‘tkazish, ertak aytib berish va uzoq suhbatlashish bola uyquga tez ketib faoliyatini amalga oshirmasligiga yordam beradi.
3. Bolaning bu "sho‘xligini" kattalarning jinsiy munosabatlari bilan aslo solishtirmang. Kattalarda jinsiy munosabatlarga jismoniy ehtiyoji mavjud. Bolada bu jinsiy talpinish natijasi emas.
4. Bolaning ko‘ziga kattalarning jinsiy munosabatlari tushmasligini ta’minlash lozim.
5. Statistikaning ko‘rsatishicha, ota-onasi urgan bolalar ko‘proq "sho‘xlik" qilar ekan. Bolani jazolashda jismoniy kuch ishlatmang!
6. Bola bilan ko‘p suhbatlashing, unga ko‘p vaqt ajrating, sizning mehr va e’tiboringizda cho‘milsin. Ota-onaning ijobiy munosabatiga to‘ygan bolada "sho‘xlik" ka ehtiyoj qolmaydi.
7. Bola o‘ta agressiv xarakterga ega bo‘lsa, uni jismonan aktivlashtirish, ya’ni biron aktiv sport bilan band qilish talab etiladi. Shunda uning kuch va energiyasi sportga sarflanadi.
Tarixda bu faoliyat gunohga tenglashtirilgan edi. Lekin hozirgi zamon olimlari buning hech qanday zararli tomoni yo‘qligini va bu bolalikda yuzaga keladigan tabiiy jarayon ekanligini isbotlashgan. Faqat bu haqida gapirish uyatli bo‘lgani uchun hamma bekitadi va boshqa oilalarda ham bu holat bor ekanligini bilmaydi.
Afsus ming bolani urib jazolamang faoliyatidan hech qachon voz kechmaydi. Bu uning tabiiy normal ehtiyoji. Ota-onaning jazosi natijasida bola yuragida kuchli ayb va ota-onasidan qo‘rquv kabi hissiyotni o‘stiradi. "Sho‘xlik" ota-ona ko‘rmagan holatda davom etaveradi, lekin bolaning "yomon" ish qilayotgani haqidagi fikri o‘sib uni psixologik qiynashni boshlaydi.
Agar ota-ona bolalikdagi sho‘xlik aslida normal tabiiy jarayon ekanligini tan ola bilsa, bu vaziyatga boshqacha qaraydi. Aqlli ota-ona shuni tushuna olsa, bolaga faoliyatni taqiqlagandan ko‘ra, bu "yomon" narsa emas, shunchaki birovlarning oldida qilish mumkin bo‘lmagan narsa, deb tushuntira oladi. Bolasini jazolashdan ko‘ra, qayerda unga kamroq e’tibor berganini, qachon uni ko‘p jazolab yuborganini izlaydi. Natijada kelajakda bola hayotida psixologik va jinsiy muammolar yuz bermasligiga yordam beradi.
Hech qachon bolaning hech qanday faoliyatiga ota-onaning ko‘zi bilan qaramang. Bola hamma ishni bola bo‘lgani uchun qiladi, yomon yoki uyatsiz bo‘lgani uchun emas.
Bolalikdagi sho‘xlik aybsiz va zararsizdir! Bu muammo emas, lekin bu holatni keltirib chiqargan sabab muammo bo‘lishi mumkin. Uni izlang, uni bartaraf eting. Sho‘xlik esa hech qachon yakunlanmaydi. Ota-ona yordam bera olsa, bolada unga to‘g‘ri munosabat hosil bo‘la oladi xolos.