Salomatlik

Bolani rivojlantirish

Bolaning rivojlanishida maktabgacha bo‘lgan davri juda muhim o‘rin egallaydi. Bu davrda bolaning jismoniy, axloqiy, psixologik salomatligi shakllanadi va aqliy rivojlanish qobiliyatlari takomillashadi. Bolani kelajakda omadli va aqlli yoki iste’dodli bo‘lishini istagan ota-ona uning rivojlanishiga aynan shu davrdan boshlab ahamiyat bermog‘i lozim.

Maktabgacha yoshdagi bola uchun eng muhim narsa - bu jismoniy rivojlanish. Jismonan aktiv, harakatchan va emotsional bolalarning aqli, nutqi, fikrlash qobiliyati, mantiq va xotirasi tezroq va mukammalroq rivojlanadi.

Kitob o‘qish. Bola bilan birga kitobning rasmlarini tahlil qilib o‘qish, kitobdagi ertakning mazmunini bolaga o‘yin tarzida qayta gapirtirish, o‘yinchoqlariga kitobning mazmunini ayttirish juda foydali va qiziqarli mashg‘ulot.

Chizish. Bolalar odatda chizishni juda yaxshi ko‘radilar. Lekin uddalay olishmasa xafa bo‘lib chizmay qolishi ham mumkin. Bolaga qalamning o‘rniga qo‘llarida chizishni taklif qilib ko‘ring. Kraskaga qo‘llarini botirib istagan narsalarini chizayotgan bola juda zavqlanadi (hammayoq kraska bo‘lib ketishini inobatga oling). Yoki chala chizish mashg‘ulotini qo‘llang. Bunda siz bolaga biron bir narsani oxiriga yetkazmasdan chizib berasiz. Bolaning o‘zi esa uni tugatib qo‘yishi kerak bo‘ladi. Masalan, siz aylana chizib berib, boladan uni tugatib qo‘yishini so‘rang. Shunda bola aylanadan nima chizish mumkinligi haqida fikr yuritadi.

Puzl. Puzl yasash bola xotirasini rivojlantiruvchi juda foydali mashg‘ulot. Bola yaxshi ko‘rgan rasmlardan unga puzl olib bering yoki o‘zingiz yasab bering.

Bolalar dominosi. Ertaklar qahramoni aks ettirilgan dominolarni bolangiz bilan birga o‘ynab, ba’zida unga yutqazib tursangiz bola juda zavq bilan o‘ynaydi. O‘yin davomida esa u aqlan rivojlanadi. Bolalar dominosini o‘zingiz ham yasasangiz bo‘ladi.

Sher yodlash. Bolaning xotirasini rivojlantirish maqsadida har kuni bitta kichik sher yodlating. Ertasi kuni kechagisini eslattirib, yangisini yodlattirsangiz bo‘ladi.

So‘zlarni topish. Ko‘chada aylanib yurganda yoki uyda bolaga atrofda ko‘rinayotgan buyumlarning birinchi harfini ayting. Qolganini o‘zi topsin. Bu mashg‘ulot bolani fikrlash qobiliyatini kuchaytiradi.

Eng asosiysi, bolani o‘yin tarzida rivojlantirish kerak. Dars qilgandek uni majburlab rivojlantirish ijobiy natijaga olib kelmaydi. Maktabgacha bola qanchalik yaxshi har tomonlama rivojlana olsa, keyinchalik shunchalik oson a’lo yutuqlarga erisha oladi.