Bilasizmi?

Bolani uxlatish: muammolar

Bolani uxlatish juda oson ish emas. Bola qanchalik charchagan bo‘lmasin, ko‘pincha uxlatishga qarshilik ko‘rsatadi. U o‘yin va boshqa uning uchun qiziqarli bo‘lgan faoliyatlarga, qolaversa, ota-onasiga to‘yib olishni xohlayveradi.

Ota-ona bolani uxlatishda asosan 6 xatoga duch kelar ekan. Aynan shu xatolar bolani uxlatishda qiyinchiliklar tug‘dirib beradi.

1. Bolani juda kech uxlatish.

Ba’zi ota-onalarning bolani o‘z vaqtida uxlatishga vaqti bo‘lmaydi, ba’zida maktab yoshidagi bolalar dars va to‘garaklar tufayli o‘ynashga vaqti qolmay kechqurun o‘ynab tunga yaqin yotishga odatlanadi. Yana bir turdagi ota-onalar bola ko‘proq charchasa yaxshi uxlaydi deb, bolani juda kech uxlatishni afzal ko‘radilar.

Natijada bola uyquga to‘ymaydi, uyquga to‘ymaslik esa bolaning sog‘lom o‘sib rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ikkinchi tomondan, uxlatish tufayli bola bilan urush va janjallar ikki tomonni ham charchatib yuboradi.

Yechim: bolani har kuni bir vaqtda, ertaroq uxlatishni odat qilib oling. Erta uxlagan bola, erta uyg‘onib kun mobaynida tetik bo‘ladi va asabiylashmaydi. Har kuni bir vaqtda yotishga o‘rgangan bola organizmi ham borib-borib aynan shu vaqtda uyquga ketishga odatlanadi.

2. Uxlash uchun qo‘shimcha vositalardan foydalanish.

Bolaga multfilm qo‘yib berib uxlatish ko‘pchilik xush ko‘radigan holat bo‘lsa kerak. Bola multfilm ko‘rib yotguncha ota-ona kundalik ishlarini qilib olishlari mumkin. Hozirgi kunda televizordan tashqari mobil telefonlar, radio, har xil o‘yinchoqlar ham uxlatish vositasini bajarib kelmoqda.

Bunday uxlashga o‘rganib qolgan bola, katta bo‘lganida hayotida biron stress yuz berganda uyqusizlikka duch kelishi va uxlash uchun biron sun’iy vositaga zor bo‘lishi ehtimoli bor.

Yechim: Bola uxlayotganda tinch joyda, atrofida uni chalg‘ituvchi biron visitasiz, hech qanday elektron buyumsiz qorong‘ulikda, uxlashga o‘rganishi kerak. Bola uchun tim qorong‘ulik emas, bolalar uchun maxsus tun yoritkichlari yoqilgan holdagi qorong‘ulik tavsiya etiladi.

3. Uxlash marosimini tashkil qilmaslik.

O‘yin-kulgi, chopish yoki multfilm ko‘rishdan so‘ng bola birdaniga ko‘zini yumib uxlab qolishi qiyin. Uni uyqiga asta sekin tayyorlash kerak. Chopib turgan joyidan uni olib karavatga yotqizib "uxla", deyishdan hech qanday natija chiqmaydi. Bola asabiylashadi, xolos. Hatto kattalarga ham uxlash marosimi talab etiladi.

Yechim: Har kuni bir xil uxlash marosimini tashkillashtirish lozim. Tun kiyimini kiyish, tish yuvish, tungi ertak eshitish yoki bo‘lmasa ota-onaga hayrli tun tilash kabi marosimlar bolaning asablarini tinchlantirib, uning organizmi uyquga tayyorlanishiga yordam beradi. Bu marosimlar bola aktiv kun faoliyatidan asta sekin chiqib, uyquga ketishiga yordam beradi.

4. Charchatish.

Bir ota-ona bolasi uxlab qolishi uchun mashinaga o‘tkazib aylantirar ekan. Bola mashinada chayqalaverib uxlab qolar ekan. Yana bir misol, ota-ona bolasi uxlashi uchun uyqudan oldin uni charchashi uchun jismonan aktivlashtirar ekan. Choptiradi, sakratadi va hokazo. Natijada esa bola nafaqat uxlashni istamaydi, balki organizmida aktivlik uchun javobgar gormonlar ko‘payishi natijasida uxlay ham olmaydi.

Yechim: Faoliyat bolani uxlatmaydi. Uyqudan oldin har qanday jismoniy aktivlikni kamaytirish zarur. Tinchlantiruvchi o‘yinlar, suhbat yoki kitob o‘qish uxlash vaqti kelishidan oldin eng yaxshi faoliyat.

5. Bir joyda uxlamaslik.

Kattalarning ko‘pchiligi o‘zini karavatidan boshqa joyda uxlasa yaxshi uxlay olmaydi. Bolalar ham shunday ekanligini unutmaslik kerak. Bir kun opasini xonasida, bir kun ko‘rpachada, ertasi kuni divanda uxlab qolgan bola uyquga ketishda doim qiynaladi.

Yechim: Bola uchun uning shaxsiy uxlash joyi bo‘lishi kerak. Bu joyda u faqat uxlashi lozim. Shunda bu joy unda uyqu refleksini uyg‘ota oladi. Toza, shinam, bolani chalg‘itmaydigan uxlash joyida har kuni uxlagan bola, joyiga kirganda uyquga ketishga odatlanib qoladi.

6. Mos bo‘lmagan karavatda uxlash.

Ota-onaning ko‘ziga chiroyli ko‘ringan yong‘oq daraxtidan yasalgan katta karavot, chiroyli siyoxrang gullar bilan bezatilgan to‘shak choyshaplari yoki zalda turgan qizil divan bolaning uxlashi uchun eng yomon joy bo‘lishi mumkin. Yoshiga, tanasiga mos bo‘lmagan uxlash joyi bolaga noqulaylik keltiradi. Undan tashqari kunduzi televizor ko‘rilgan divanda tunda bola uxlashga qiynaladi, chunki organizmi refleksiv holda televizor ko‘rishga intiladi.

Yechim: Bola uchun qulay, yoshiga mos uxlash joyi bo‘lishi kerak. To‘shak choyshaplarining ranglari tinchlantiruvchi, bejirim bo‘lgani yaxshi. Imkon qadar bolaning uxlash xonasi o‘yin va televizor xonadan alohida bo‘lgani darkor.