Peterburglik jamiyatshunoslar oiladagi va bolaning atrofidagi qanday omillar uning o‘zlashtirish darajasiga ta’sir qilishini aniqlab hayratlanarli xulosalarga keldi.
PISA (Programme for International Student Assessment) va TIMSS (Trends in Mathematics and Science Study) xalqaro qiyosiy tadqiqotlar ekspertlari ta’kidlashicha, “oilaviy madaniy kapitali yuqori bo‘lgan oilalarning farzandlari ta’limda ancha yuqori natijalarni namoyon qiladi”.
Ammo Sankt-Peterburg Oliy iqtisodiyot maktabi filologiya fanlari nomzodi Olga Sachava rahbarligidagi jamiyatshunoslar guruhi o‘tkazgan tadqiqotning ilk natijalariyoq bolaning o‘zlashtirish darajasi madaniyat darajasi yoki oilaning daromadiga bog‘liqligi haqidagi fikrlarni rad etdi. Ma’lum bo‘lishicha, na madaniyat darajasi, na maishiy qulayliklar, na javondagi kitoblar soni, na repetitor uchun pulning mavjudligi bolaning o‘zlashtirish darajasiga bevosita ta’sir qiladi.
Maktabdagi muvaffaqiyatlarga buvi va bobolar bilan muloqot, oilaviy qadriyatlar, oilaviy bayramlar, ota-onaning o‘z-o‘zidan qoniqqanlik hissi va kasbiy jihatdan o‘z-o‘zini kashf etishi ko‘proq ta’sir o‘tkazadi. Avval hech kim e’tibor qaratmagan omillar muhim bo‘lib chiqqani tadqiqotchilarni hayron qoldirdi.
Ma’lum bo‘lishicha, a’lo va yaxshi baholarga o‘qiydigan o‘quvchilarning 50 foizi bobosi va buvisi bilan bitta uyda yashaydi. Shu bilan birga, bolalar qayerda — oshxona stoli yoki yozuv stoli ustida dars qilishi muhim emas. Shuningdek, ularning kommunal yoki alohida xonadonlarda yashashi ham ahamiyatga ega emas: Peterburgning eski tumanlaridagi kommunal xonadonlarda yashaydigan a’lochilar va uch bahoga o‘qiydigan o‘quvchilarning ulushi teng.
Biroq uchchilarning 40 foizi bobo va buvilari bilan umuman ko‘rishmaydi.
73 foiz a’lochilarning oilalarida 200 dan ortiq kitob saqlanadi, ammo 75 foiz uchchilarning oilalari ham ularning uyidagi kutubxona 100 ta kitobdan iborat ekanligini aytdi. A’lochilarning 5 foizi va uchchilarning 6 foizining oilalari katta kutubxonaga egalik qiladi.
Bundan tashqari, a’lo va yaxshi bahoga o‘qiydigan boshlang‘ich maktab o‘quvchilarining 67 foizi va o‘rta maktabning shunday o‘quvchilarining 73 foizi doimiy ravishda oilaviy bayramlar nishonlanadigan oilalarda yashaydi. Ko‘pchilik uchchilarning oilasida oilaviy bayramlar kamdan-kam nishonlanadi yoki umuman nishonlanmaydi.
Jamiyatshunoslar qat’iy qonuniylikni aniqladi: oilaning daromadi qanchalik yuqori va oilaviy bayramlar madaniyati qanchalik past bo‘lsa, bolaning baholari ham shunchalik past bo‘ladi. Va aksincha: oilaviy bayramlar madaniyati oilaning daromadlariga nisbatan qanchalik yuqori bo‘lsa, bolaning o‘zlashtirish darajasi shunchalik yuqori bo‘ladi. Oilada ota-ona va bola o‘rtasida to‘liq sifatli muloqot bo‘lmasa, repetitorlar, kurslar, ular uchun sarflangan mablag‘lar yaxshi baholar ko‘rinishidagi natijalarni olib kelmaydi.
Qiziqarli fakt shundan iboratki, a’lo va yaxshi bahoga o‘qiydigan o‘quvchilarning 56 foizining ota-onasi, o‘zlarining so‘zlariga ko‘ra, o‘z-o‘zini kashf qilish uchun ishlaydi va o‘z kasbiy faoliyatidan qoniqish his qiladi. Uchchilarga kelsak, ularning ota-onasi, o‘z so‘zlariga ko‘ra, 80 foiz holatda “pul uchun” ishlaydi.
Yana bir hayratlanarli qonuniylik shundaki, ota-ona, moddiy darajasidan qat’i nazar, o‘z hayotidan qanchalik mamnun bo‘lsa, ularning farzandlari o‘qishda shunchalik muvaffaqiyatli bo‘ladi. Shunday ekan, qarindoshlaringiz bilan muloqot qiling, uyda bayramlar tashkil eting, o‘z ishingizni seving, hayotingiz qanday bo‘lsa, shundayligicha mamnuniyat bilan qabul qiling, shunda farzandlaringiz yaxshi o‘qiydi!
Maqolani tayyorlashda “Nashi deti” nashri ma’lumotlaridan foydalanildi.