Toshkent shahri "Lider STOM Plus" xususiy klinikasi stomatologi Azimova Nilufar bolaning tishi, uning rivojlanishi va salomatligi haqida o‘z maslahatlarini beradilar.
1. Ikki yoshli bolada nechta tish bo‘lishi kerak?
16-20 dona bo‘lishi norma hisoblanadi.
2. Sut tishlari normada qachon tushib yangisi chiqadi?
Oldingi pastki va oldingi yuqori I-II tishlar - 6-7.5 yoshda;
Pastki va yuqori III-IX-XV tishlar 8-12 yoshda .
3. Maktabgacha yoshdagi bolalarda tishi qorayib kar’yes bo‘lishiga asosiy sabab nima?
- Shirinlik ko‘p iste’mol qilish;
- Noto‘g‘ri tish gigiyenasi;
- Sifatsiz suv;
- Irsiyat.
4. Necha yoshdan boshlab, necha mahal bola tishini yuvishi kerak?
Bola 4 yoshidan boshlab mustaqil ravishda kuniga 2 mahal tishini yuvishi kerak.
5. Bola uchun tish pastasi va tish chyotkasi qanday bo‘lishi kerak?
Tish chyotkasi yumshoq, hajmi kattalarnikiga nisbatan kichik bo‘lib, tish pastasi maxsus bolalar uchun mo‘ljallangani bo‘lishi kerak.
6. Kattalar kuniga necha mahal tishlarini yuvishi kerak?
Kamida 2 mahal.
7. Tish chyotkasini qanchada almashtirish kerak?
Kattalar ham, bolalar ham har 3 oyda tish chyotkani almashtirishlari lozim. Eskirgan tish chyotkasi tishni kerakligicha tozalay olmaydi.
8. Tish holatining buzilishiga qaysi vitamin yoki mineral yetishmovchiligi sabab bo‘ladi?
Asosan kalsiy, ftor va fosfor yetishmovchiligi sabab bo‘ladi.
9. Raxit kasalligi tishning buzilishiga sabab bola oladimi?
Ha, chunki raxit kasaligida organizmga minerallar yetishmaydi.
10. Homilador ayolda nega tishi buziladi?
Ona organizmidagi mineral va vitaminlar asosan bolaning oziqlanishi uchun sarflanib, onada tanqislik yuzaga kelishi mumkin.
11. Homiladorlik payti tishni davolash mumkinmi?
Ha, mumkin. Lekin og‘riqsizlantirish qo‘llanilsa, adrelin moddasini qo‘shish man etiladi.
12. Homiladorlikda tish muammosi yuz bermasligi uchun profilaktika yo‘llari qanday?
Vitaminga boy mahsulotlardan ko‘proq iste’mol qilish va ginekolog tavsiyasiga ko‘ra homiladorlar uchun maxsus vitamin qabul qilish.
13. Bolaning tishini oddiy stomatologda davolatsa bo‘ladimi yoki bolalar stomatologiga borish kerakmi?
Farqi yo‘q, bolaning tishini to‘g‘ri davolash stomatolog-shifokorning malaka va tajribasiga bog‘liq.
14. Saqichning tishga zarari bormi?
Agar saqichning tarkibida shakar bo‘lsa, u juda zararlidir.
15. Maktabgacha yoshdagi bolaning tishini qanchada stomatolog tekshiruvidan o‘tkazish darkor?
Har 6 oyda.
16. Sut tishlarini davolash shartmi yoki buzilib tushib ketgani yaxshiroqmi?
Bu masala tishning holati, bolaning yoshi, bezovta qilish darajasiga qarab hal qilinadi.
17. Kattalar qanchada tishlarini tekshiritirib turishlari kerak?
Tishdagi kar’yes boshlanishining ilk davrini vaqtida bilib bartaraf etish uchun har 6 oyda stomatolog tekshiruvida bo‘lish tavsiya etiladi.
18. Milklar qonashi nimadan dalolat beradi?
- Milk kasalliklari mavjud;
- Ichki a’zo kasalliklari mavjud (qandli diabet, gormonal kasalliklar, gipertoniya);
- Og‘iz shilliq qavatining boshqa kasalliklari mavjud.
19. Milklarning qonashini davolash shartmi yoki o‘zi o‘tib ketadimi?
Milk kasalliklarini albatta davolash kerak, chunki ular holatining yomonlashishi tishlarning tushib ketishiga olib keladi.
20. Implantant nima degani?
Implantant o‘rnatish deganda, jag‘ suyagiga qoziq o‘rnatilib, bu yuza butunlay bitgandan so‘ng ustidan qoplama tish o‘rnatishga aytiladi. Implantant o‘rnatish jarrohlik muolaja hisoblanadi.
Maqola yoqqan bo‘lsa, do‘stlaringiz bilan bo‘lishing!
Manba: Uzbaby.uz