Dunyoga kelgan yangi chaqaloq birinchi bo‘lib nima harakatni o‘rganishi haqida hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Go‘dak ilk oyda o‘rganadigan harakat, bu – ko‘zni ochib-yumishdir. Bir yoshga yaqinlashib qolganida bolakay qiqirlab kulish, ilk qadam tashlash qobiliyatini egallaydi. Bolaning hayotidagi muhim o‘zgarishlarni kuzatish va unga ko‘maklashish ulardan bexabar bo‘lgan ota-ona uchun qiyin kechishi mumkin.
Bolaning rivojlanish holati va davrining nomutanosibligiga oid shubha-gumonlarga barham berish uchun sizni chaqaloq rivojlanishining muhim bosqichlari bilan tanishtiramiz.
TUG‘ILGANIDAN BOShLAB 3 OYGAChA BO‘LGAN DAVR
Shaxsiy-ijtimoiy o‘zgarishlar:
-qiyofalarni taniy boshlaydi;
- o‘z-o‘zidan yoki munosabatga javoban kuladi;
- barmoqlariga diqqat qilib, ularni o‘ynay boshlaydi.
Xatti – harakatdagi o‘zgarishlar:
- boshini ko‘tara boshlaydi;
- boshini tuta boshlaydi;
- oyoqlariga og‘irligini tashlashni o‘rganadi.
Ba’zi chaqaloqlar bu davrda ota-onasining qo‘lidan ushlab, qaddilarini ko‘tarishlari mumkin.
Nutqning rivojlanishi:
- "ga-ga", "gu-gu", "a-a-a", "o-o-o" kabi tovushlarni talaffuz qilishni o‘rganadi;
- kuladi;
- chinqira boshlaydi.
3 OYDAN 6 OYGAChA BO‘LGAN DAVR
Shaxsiy-ijtimoiy ko‘nikmalar:
- O‘yinchoqlar bilan munosabatga kirisha boshlaydi;
- Topgan narsani og‘ziga sola boshlaydi;
Xatti-harakatdagi o‘zgarishlar:
-qorinchasiga tayanib boshi va ko‘ksini ko‘taradi;
- 5 oylikdan boshlab o‘ng yoki chapga dumalaydi;
- kimningdir ko‘magisiz ham o‘tira oladi.
Faol chaqaloqlar narsalarga o‘ch bo‘lib, ularni qo‘lga kiritish istagida harakatlana boshlashadi.
Nutqning rivojlanishi:
- ota-onasining ovozi kelgan tomonga qarab qayriladi;
- biror tovush yoki so‘zga taqlid qilib, takrorlashga harakat qiladi;
- bir bo‘g‘inli so‘zlarni gapira boshlaydi.
6 OYDAN 9 OYGAChA BO‘LGAN DAVR
Shaxsiy-ijtimoiy ko‘nikmalar:
- qarsak chalib aytiladigan qo‘shiqlarga raqsga tusha boshlaydi;
- O‘z xohish-istaklarini ko‘rsata boshlaydi;
- qo‘llarini silkitib "xayr" qila boshlaydi.
Harakatchanlikdagi o‘zgarishlar:
- o‘rnidan turishga harakat qilib, o‘zini sudraydi;
- narsalarga tayanib o‘rnidan turadi va qaddini tutib tura oladi;
Faol chaqaloqlar bu davrda:
- bir-ikki qadam tashlashni o‘rganib oladi;
- narsalarni bir-biriga urib, shovqin chiqarishni odat qilib oladi;
- bosh barmoq va barmoqlari yordamida narsalarni ushlay boshlaydi.
Nutqdagi o‘zgarishlar:
- bo‘g‘inlarni qo‘shib gapirishni o‘rgana boshlaydi;
- tushunarsiz g‘uldurashni o‘rganadi;
- "dada", "ona" degan so‘zlarni o‘rganadi.
9 OYDAN 12 OYGAChA BO‘LGAN DAVR
Shaxsiy-ijtimoiy ko‘nikmalar:
- boshqalar bilan koptok o‘ynay boshlaydi;
- atrofidagilarning xatti-harakatiga taqlid qila boshlaydi;
- bolalar idishidan suyuqlik icha boshlaydi.
Harakatdagi o‘zgarishlar:
- bir o‘zi ko‘maksiz tik tura oladi;
- mustaqil qadam tashlay boshlaydi.
Faol bolalar qo‘liga tushgan narsalarni idishga ota boshlaydilar.
Nutqdagi o‘zgarishlar:
- oila a’zolarining tarkibidan kelib chiqib, "bobo", "buvi", "aka" degan so‘zlarni gapira boshlaydi.
- 1-2 ta sodda so‘zlarni qo‘shib gapira boshlaydi.
Agar bolaning rivojlanish bosqichlarida biror kamchilik bor, deb hisoblasangiz, farzandingizni pediatrga ko‘rsating.
Farzandingiz sog‘lom bo‘lib voyaga yetsin!