“Olib bering!”, “Bering!” kabi talab va iltimoslar bilan ota-onasiga yuzlanayotgan bola hamma istaklari ham zudlik bilan qondirilavermasligini bilishi lozim. Biror narsani sotib olib bermaganlari uchun injiqlik qilish, jazavaga tushish esa bola tarbiyasida me’yoridagi holat emas. Bunday holatlarda yosh ota-onalar (asosan onalar) qanday yo‘l tutishlari lozim? Bolaga “yo‘q” deyishga to‘g‘ri kelganida o‘zini qanday tutgani ma’qul?
Hamma istagi so‘zsiz ado etiladigan bolalar kelgusida turli muammolarga to‘qnash keladigan infantil (katta odamlarda yosh bolalarga xos jismoniy va ruhiy holatlarning saqlanishi) bo‘lib ulg‘ayishi mumkin. Shunday ekan, deb darhol rad javobini berish ham yaramaydi. Shu boisdan avval yaxshilab o‘ylab ko‘rib, so‘ngra javob berish maqsadga muvofiq.
Navbatdagi tavsiyalarda esa shu kabi vaziyatlarda ota-onalar o‘zlarini qanday tutishlari lozimligi o‘z aksini topgan.
- Diqqatini boshqa tomonga buring
Bolani keraksiz narsalarni sotib olib berish istagidan qutulishning eng sodda yo‘li — uning diqqatini boshqa tomonga burish. Bolaga qiziqarli xotirani eslating.
— Oyi, mashina olib bering!
— Ha, zo‘r mashina ekan! O‘zing o‘ynaydigan qizil mashinacha o‘xsharkan, Kel, do‘kondan uyga qaytib, maydoncha chiqib o‘ynaymiz!
Kichik yoshdagi bolalar diqqatini arzonroqlariga yo‘naltirib yuborish ham mumkin.
— Seni qara! Manavi shar(koptok, sovun ko‘piklari)ni ko‘r, kel, shuni olib, shishiramiz (tepamiz, puflaymiz). Shu bilan uning xarhashalaridan oson qutilish mumkin, ammo har doim ham ushbu tavsiyaga amal qilib bo‘lmaydi. Aks holda bola istagan narsasiga ega bo‘lishga ko‘nikadi, u bilan do‘konga borish esa albatta biror buyumni sotib olishni anglatadi.
- Sotib olishni keyinga qoldiring
Bu ham istak-xohishlarni inkor etmaydigan ko‘p qo‘llaniluvchi usullardan biri.
— Hozir sotib ololmaymiz, keyinroq (ertaga, tug‘ilgan kuningda va hokazo) olib beraman, maylimi?
Mazkur usulni haqiqatdan bolaga u so‘ragan narsani olib berishni ko‘nglingizga tukkan bo‘lsangiz qo‘llang. Ko‘plab ota-onalar farzandiga osonlik bilan va’da berishadi, biroq ularni bajarishmaydi. Ular bola bu va’dani shunchaki unutib yuborishadi, deb o‘ylashadi. Ammo unday emas: bolalar kattalar ularni aldayotganini tezda anglab yetishadi hamda har qanday so‘z va va’dalarga ishonishni bas qilishadi.
- To‘g‘ri ohangda murojaat qiling
Bolani fikridan qaytarishning uddasidan chiqmasangiz, qat’iy qilib “yo‘q” deyishga to‘g‘ri keladi. Bu paytda qanday ohangda so‘zlashingiz juda muhim. Chunki bolalar kattalarning hissiyotlari bilan juda yaxshi hisoblashishadi. Xushomadgo‘yona yoki uzrli ohangda rad etish o‘zini oqlamaydi.
Aksincha, bola bosimni oshiradi. Boshqa tomondan, ovozdagi ortiqcha qattiqqo‘llik ham yaramaydi. Eng yaxshisi, sokin va qat’iy ohangda bola bilan suhbatlashing. Imkoni bo‘lsa tizzalab, uning ko‘zlariga tik qarab “yo‘q” deng.
- Yoshini hisobga olib izoh bering
Rad javobi berilganidan so‘ng uni izohlashingiz mumkin. Biroq oydinlik bola yoshi inobatga olingan holda berilishi kerak.
Maktabgacha yoshdagi bolalar tovar-pul aylanmasini, “juda qimmat” degan jumlalar ma’nosini anglab yetishmaydi. “Senga hali erta”, “bunga kichkinalik qilasan”, degan gaplar ham uning uchun ma’nosiz.
Izoh berishda “sog‘lig‘ing uchun zararli” o‘rniga “tishing og‘riydi” deyish ma’qulroq. Bola uchun mavhum bo‘lgan “juda qimmat” o‘rniga “buni sotib olishimiz uchun bir hafta ovqat yemasligimiz kerak”, deyish foydaliroq.
- Kelishgan holda rad eting
Deylik, bola tixirlik qilib sotib olib berishlarini talab qilib turib oldi. Psixologlar bunday paytda “Mayli, lekin...” usulini qo‘llashni tavsiya etishadi. Avval bolaning istagini so‘zma-so‘z takrorlaysiz, keyin o‘z dalilingizni ilgari surasiz.
— Oyi, mana shu mashina olib bering!
— Shu mashinani olib berishimni so‘rayapsan, lekin uyda unaqalardan beshtasi bor, o‘shalarni o‘ynayver.
— Menda bunaqasi yo‘q!
— Sen aynan shunisini olib berishimni istayapsan, lekin sendagilar ham xuddi shunaqa, o‘zingning mashinalaringni o‘yna.
— Yo‘q, bu boshqacha!
— Senga bu boshqacha tuyulayapti, lekin o‘zingdagilar ham xuddi shunaqa. Uyga boraylik, o‘shalarni o‘ynayverasan.
Bu o‘yin uzoq davom etishi mumkin. Biroq oxir-oqibat kattalar g‘olib chiqishadi. Bola so‘rashdan to‘xtaydi yoki boshqa usullarni qo‘llashga o‘tishi mumkin.
- Jazavaga tushsa ham taslim bo‘lmang
Bola boshqa yo‘li qolmaganidan keyin eng ta’sirli vosita — ko‘z yoshidan foydalanishga o‘tadi. Do‘konning o‘zidayoq yig‘lab, jazavaga tushishi mumkin. Bunda psixologlar bir ovozdan quyidagicha yo‘l tutishni tavsiya etishadi:
Hech qachon bolaga o‘zini bunday tutishga yo‘l qo‘yib bermang.
Ota-ona bir marta shunday holatda bola istagini bajo keltirsa, jazavalar yana va yana davom etaveradi. Maslahatimiz: bolaning qo‘lidan tuting va bu yerdan chiqib keting.
Uni imkon qadar tomoshabinlardan uzoqroqqa olib keting. Bolaga o‘zini bunday tutishi foyda bermasligini ayting va bas qilmasa u bilan gaplashmasligingizni ma’lum qiling. Shundan so‘ng hech narsa qilmay turing. Bola avvaliga qattiqroq baqirishi mumkin, biroq hech qanday e’tibor berilmasligini ko‘rganidan keyin o‘z-o‘zidan tinchiydi.
- Qat’iy bo‘ling
Qat’iylik — tarbiyadagi eng muhim tayanchlardan biridir. Agarda bugun “chipslar zararli”, ertaga “qo‘ymas ekansan, ma – ol” deb tursangiz, bola hech qaysi rad javobiga jiddiy yondashmaydi. Har safar unga “yo‘q” desangiz, unga yanada qiyinlashaveradi, bola taqiq bekor qilinmasligini tushunib yetadi.
Biroq qat’iylik har doim ham o‘zgarishsiz qolmaydi. Ota-ona har qanday inson kabi o‘z qarorini o‘zgartirishi mumkin, albatta, bunga arzirli sabab bo‘lsa.
Masalan, bola mas’uliyatsizligi sababli kompyuterda o‘ynash huquqidan mahrum qilinishi mumkin, ammo darslarini o‘z vaqtida bajarsa, o‘yinchoqlarini yig‘ishtirib qo‘yishga odatlansa, taqiqni bekor qilish qo‘rqinchli emas.
- Oilaning barcha a’zolari bilan kelishgan holatda rad eting
Yana bir juda muhim prinsip. Agarda ota mashina yoki shirinlik sotib olib berishni rad etsa, ona, bobo, buvi, tog‘a, amma, amaki yoki boshqalar ham bu qarorni qo‘llab-quvvatlashi kerak. Bolaga ko‘pincha katta avlod: bobo va buvilar istagan narsasini olib berishi mumkin. Bolalar tez-tez kattalarning xilma-xil fikrda ekanidan unumli foydalanib qolishadi. Natijada ota-onaning obro‘siga putur yetadi. Bola esa qarshisidagi o‘zi uchun zararli bo‘lgan chegaralarning qanday yemirilayotganini anglab yetishga qodir emas.
- Bola rad javobingizni qabul qilishi uchun harakat qiling
Ko‘ngilli ravishda rad etish bolada iroda va o‘z-o‘zini nazorat qilish qobiliyatini shakllantiradi. Bola injiq bo‘lsa, ixtiyoriy ravishda voz kechishi qiyin masala. Bog‘cha yoshidagi bolalardan ham o‘zi xohlab fikridan voz kechishini kutish yaramaydi. Bu usulni kattaroq bolalarda qo‘llash mumkin. ular bilan narxi va o‘z qoidalaringiz haqida gaplashishingiz mumkin:
— Har safar do‘konga kelganimizda biror narsa sotib olishimiz shart emas.
— Bunaqa qimmat o‘yinchoqni sababsiz sotib olish mumkinmas.
Har safar "Yo‘q” deyishdan avval bolalar uchun istash va o‘z istagiga erishish uchun harakat qilish tabiiy va ijobiy hol ekanini hisobga olishni unutmang. Ayni shu talab bolalikda qanday o‘zlashtirilsa, butun umr shunday holicha saqlanib qoladi. Shu sababdan ham “yo‘q” deyishga shoshilmang. Mitti inson bilan suhbatlashing, o‘ylab ko‘ring. Agarda rad etishga qaror qilsangiz, buni to‘g‘ri holatda ado eting.
Manba: lifehacker.ru