Bilasizmi?

E’tibor berdingizmi, yo‘qolib bormoqda!..

Dunyo yaralibdiki qandaydir yangiliklar paydo bo‘ladi, nimalardir kamayib, bora-bora yo‘qolib ketadi. Globalizatsiya jarayoni bu. Noyob hayvonlar va o‘simliklarni saqlash maqsadida “Qizil kitob” yaratilgan, urf-odatlarni asrash va hurmat qilish bilan shug‘ullanuvchi turli tashkilotlar bor. Yo‘qolib borguvchilar birdan yo‘q bo‘lib qolmaydi, asta-sekin, bilinar-bilinmas g‘oyib bo‘lishadi. Bugun ana shularga e’tiboringizni qaratmoqchimiz. Zero ular olis tarix xotiralari emas, yaqin o‘tmishdagi, nari borsa 15-20 yil ichida o‘zimiz ko‘rgan-bilganlarimizdir.

Bolaligimizda ariqlarda cho‘milardik, qirg‘oqdagi o‘t-o‘lanlarda ninachining juda chiroyli turi uchib yurardi. Yaltiroq tanasi ko‘k-siyohranglarda kamalakdek tovlanardi. Ninachining kapalakdek nozik bu turini so‘zanak derdik. Ana shu so‘zanak ko‘rinmay qoldi. Balki qayerlardadir haliyam bordur, lekin bugun ko‘rmayapmiz, yo‘q, tamom!

Hammamizning bolaligimizda ari chaqqan. Oldinlari ko‘zi shishib yurgan bolalarni ko‘rib kulmasdik ham. Asalari bor, qovoqari bor. Lekin chumak ari deyiladigan beli qilday sariq arilar, rosa g‘o‘ng‘illab uchadigan qora, yashil qovoqari turlari yo‘qolib ketdi shekilli, harqalay ko‘rmayapmiz.

Bolaligimizda ko‘p hovlilarda chilonjiyda bo‘lardi, jigarrang, ichi xamirday bu mevani rosa yerdik. Yaqinda bir opamiz qaynoq suvga shu mevani damlab ichayotganini ko‘rib qoldim. Hozir chilonjiyda kamyob dori sifatida sotilayotganmish. Chilonjiydaku mayli, hamma mahallalarning chetida jiydazorlar bo‘lardi, qizlar uning tagidan o‘tib hidiga mast bo‘lishar, yigitlar gullagan jiyda shoxlarini suyuklilariga taqdim qilishardi. Shu jiydazorlar ham yo‘qolib ketdi. “Jiyda guli” milliy seriali ijodkorlarining suratga olish ishlarini Urgut tumanida o‘tkazishgani ham bejizga emas shekilli.

Shaftolining narxi oshmoqda, chunki u ham kamayib ketayapti. Daraxti nari borsa 4-5 yilda qarib, yaxshi hosil bermay qoladigan bu mevani parvarishlash bog‘bonlarga qimmatga tushyapti shekilli. Lekin harqalay bozorda bor, yeb turibmiz. Lekin qachon anjirshaftoli yedingiz? Axir yaqin-yaqinda ham shaftolining anjirsimon qip-qizil turi bor emasmidi?! Hozir ham bordur, lekin qayerda?

Qora tut bor, oq tut bor, lekin katta-katta pushtirang, siyohrang tutlar bormi hozir?

Oldinlari deyarli hamma xonadonlarda, hatto shaharlardagi uylarda ham tandir bo‘lardi. Onalarimiz deyarli har kuni issiq-issiq nonlar yopishardi. Issiq nonlarni hozir ham bozordan sotib olib yeyapmiz, lekin aynan bizga atab yopilgan, muzdek suvga botirib-botirib yeyiladigan bo‘rsildoq kulchalar qani endi?! Shaharniku tushunsa bo‘lar, qishloqlarda ham tandir kamayib boryapti-ku...

Shevalarimizchi. Vohada-yu Samarqandda hamma eng sevimli milliy taomimizni palov derdi. Endi bu atama faqat rasmiylashib qoldi. Hamma oshga o‘tib oldi.

Tomlar va devorlardagi lolaqizg‘aldoqlar ham, qo‘shninikiga atalgan qo‘shnitovoq ham, jamalaksoch qizlar ham qidirilsa arziydi endi.

Bolalik o‘yinlarimiz ham yo‘qolib ketdi. Chillak o‘ynardik, lanka tepardik. Hozirgi bolalar internetga yopishib, hatto futbol ham o‘ynamay qo‘yishyapti.

Ana-shunaqa, nimalardir ko‘z o‘ngimizda yo‘qolib borayapti. Har bir ko‘rganimizni xotiraga qadashga urinaylik, zero kelajak yanada o‘zgaradi, bugungi manzaralarni qaytib topa olmay qolamiz.

Abror Zohidov

Manba: Kun.uz