Bolalar o‘zlari uchun qiziqarli bo‘lgan vazifalarni mamnuniyat bilan bajaradi. Agar biror-bir mashg‘ulotga qiziqishi bo‘lmasa, bu ular uchun jazoga aylanadi, shu jumladan o‘quv mashg‘ulotlari ham.
Maktabda o‘qishga qiziqishi bo‘lmagan bolalar o‘zlarini baxtsiz his qiladi, dars davomida qo‘ng‘iroq chalinishini kutib o‘tiradi. Nega maktabga borgunga qadar aqlli va zehnli hisoblangan farzandimiz yomon o‘quvchiga aylanadi?
Kattalarga yaxshi ma’lumki, biror ish o‘zimiz uchun qiziqarli bo‘lsagina uni mamnuniyat bilan bajaramiz. Biror mashg‘ulotga qiziqish esa uni yaxshi o‘rganib, ko‘nikma hosil qilganimizdan keyin paydo bo‘ladi.
Odatda bolalar o‘zlari uchun qiziqarli bo‘lgan hodisalarni boshqalar bilan ham bo‘lishishga harakat qiladi. Maktabdan tashqarida qiziqarli film haqida do‘stlariga hikoya qilgan bola tarix darsida o‘zini ojiz his etib qoladi. Demak uning xotirasi joyida, faqat tomosha qilgan filmi uni tarix mavzusidan ko‘ra ko‘proq qiziqtira olgan.
Farzandingiz sayr chog‘ida qurbaqaga qiziqib qolgan bo‘lsa, uyga kelgan zahoti unga hayvonlar hayoti haqidagi kitobni o‘qish uchun bering. U qurbaqalar nima bilan oziqlanishi va qishda qayerga yashirinishini bilib olsin. Do‘stlariga bu qiziqarli mavzu haqida hikoya qilgan farzandingiz keyinroq ularga chigirtkalar, meduzalar va toshbaqalar haqida ham hikoya qilishni istab qoladi. Ana endi u bilan qiziqarli kitoblarni tanlash uchun kutubxonaga birga borishingiz mumkin.
Televizor orqali bu kabi dasturlarni tomosha qilish hech qachon kitobdan o‘qishning o‘rnini bosmaydi. Bola u uchun qiziqarli mavzularni kitoblardan mustaqil qidirib topib, shu masalada bosh qotirib, uni boshqalarga hikoya qilib, tushuntirib bergandagina haqiqiy ziyoliga aylanadi.
Har bir narsaning qiziqarli jihatlari bo‘lishi mumkinligini 3—4 yoshligidan his qilgan bola bu hissiyotni hech qachon unutmaydi!
Hamma joyda ijodkorlikni ko‘ra bilgan, har bir narsani bilib olishga intilgan insongina bolalikda ham, ulg‘ayganida ham haqiqiy baxtli inson bo‘lishi mumkin!
Maqolani tayyorlashda “Nastroyka zdorovya” sayti ma’lumotlaridan foydalanildi.