Tarbiya

Farzandingiz kelgusida muvaffaqiyatga erishishi uchun unga nimalarni o‘rgatish kerak?

Bolalarni tarbiyalash tamoyillari tubdan o‘zgarmoqda. Farzandingiz rivojlanishining ilk davrlaridayoq "raqiblari"ga mag‘lub bo‘lmasligi uchun nima qilish kerakligini bilasizmi? Kun.uz bu boradagi tavsiyalar bilan bo‘lishdi.

Har bir ota-ona o‘z farzandiga yaxshilikni ravo ko‘radi. Biroq bolani kelajakka tayyorlashni chin dildan orzu qilib, unga tajribamiz to‘g‘ri deb topgan narsalarni  o‘rgatamiz. Bu tajriba qanchalik tez eskirib borayotgani haqida esa kamdan-kam holatlarda o‘ylanamiz.

Nima uchun ta’limga yondashuvni o‘zgartirish vaqti keldi?

Sotsiologlarning ma’lum qilishicha, yaqin 10-15 yilda mavjud kasblarning 20 foizi yo‘qolish xavfi ostida qoladi. Biroq, shu bilan birga, yana shuncha yangi kasb paydo bo‘lishi ham kutilmoqda. McKinsey Global Institute tadqiqot tashkiloti ekspertlari 2030 yilga borib, mehnat bozoridan 375 million ishchi o‘rnining yo‘qolishini taxmin qilishmoqda. Bugungi kunda odamlar bajarayotgan ishlar robotlar zimmasiga yuklatilmoqda. Hatto sizning kasbingiz yo‘qolish xavfi ostidagi kasblar sirasiga kirish-kirmasligini aniqlashga doir maxsus servis ham bor.

Dunyo shiddat bilan o‘zgarishda davom etayotgan hozirgi davrda biz bolalarni avvalgidek XX asrdagi hayotga tayyorlayapmiz.

Siz erta rivojlanish, matematikaga ixtisoslashtirilgan litsey va poytaxtdagi biror oliygohning nufuzli iqtisodiy fakultetiga o‘qishga kirish bolaga kamida buxgalter, ishlari o‘ngidan kelganda esa, yirik korporatsiyaning moliyaviy direktori lavozimini kafolatlaydi, deb o‘ylaysizmi? Ko‘zingizni oching! 2016 yilda Davosdagi Jahon iqtisodiy forumida iqtisodchi va buxgalterlar asosiy "luzer" kasblar qatorida sanab o‘tildi: yaqin yillarda bu sohalarda katta qisqarishlar bo‘lishi kutilmoqda.

Ertangi robotlashtirilgan davrda ishga qabul qilishda hal qiluvchi rol o‘ynovchi ko‘nikmalar bugun katta rol o‘ynamaydi, biz ularni inkor etamiz. Bu vaqtda esa odamlar yangi dunyoda o‘zlarini yo‘qotmaslik uchun aql ishlatishlariga to‘g‘ri keladi, bu borada ular avvalgidek robotlardan oldinda. Aynan shu jihat ta’lim va tarbiyaning yangi tamoyillarini belgilab beradi.

Afsuski, zamonaviy standart maktablar avvalgidek bolalarga o‘tmish ko‘nikmalarini o‘rgatmoqda. Shunday ekan, har bir ota-ona farzandiga oddiy besh narsani tushuntirishi muhim.

Bolaga nimani o‘rgatish kerak?

1. Yod olmaslik

Yod olish qobiliyati bo‘yicha biz - odamlar allaqachon kompyuterlardan ortda qolganmiz. Nazariy jihatdan 10 yil ichida maktab o‘quvchisi miyasiga joylashi mumkin bo‘lgan bilimlar hajmi 1 Gb'dan oshmaydi.

O‘zingiz hisoblab ko‘ring: Har biri 2400-2500 tagacha harfni o‘z ichiga olgan 150 sahifali o‘rtacha o‘quv darsligi taxminan 0,35 Mb bo‘ladi. Aytaylik, bolalar bir yilda shunday darslikdan 10 tasini o‘zlashtirishsin. U holda ular qabul qilgan matnli ma’lumot hajmi 11 yil davomida 40 Mb'dan kamroqni tashkil qiladi. Bunga qo‘shimcha sinfdan tashqari mashg‘ulotlar va mutolaa, tasviriy san’at va boshqa tillarni o‘rganishni qo‘shamiz... O‘quv dasturidagi 40 Mb'ni 25 karra oshirsak ham, bor-yo‘g‘i 1 Gb ma’lumotga ega bo‘lamiz.

Endi esa taqqoslaymiz. Ming yillik davlat tarixini o‘zida saqlovchi Buyuk Britaniya arxivi taxminan 70 Tb'ga teng. Kompyuterlarga kelsak, bu yil elektron hisoblash qurilmasining xotirasi 160 Tb'ga yetdi.

Agar siz avvalgidek tarixiy sanalarni chat xotirasiga kiritishni muhim deb hisoblasangiz, bu farzandingiz hozirning o‘zidayoq mashinalarga mag‘lub bo‘lganini bildiradi. U keraksiz ma’lumotni yodlash uchun ancha vaqt va kuch sarflagan bo‘lib chiqadi. Bu vaqtda esa uning tengdosh-raqiblari boshqa, ancha kerakli ko‘nikmalarni o‘zlashtirishadi.

2. Yangilik uchun ochiq bo‘lish

"Odamlar hayotining ilk 20 yilida ta’lim olib, keyingi 40-50 yilda o‘qigan kasbi bo‘yicha ishlaydigan model buzilmoqda, - deydi ijtimoiy munosabatlar bo‘yicha ekspert va McKinsey Global Institute tadqiqoti hammuallifi Syuzen Land. - Endi biz butun kareramiz davomida doimiy o‘qib-o‘rganish haqida o‘ylashimizga to‘g‘ri keladi".

Bu degani, bola maktab yillaridan oladigan eng muhim ko‘nikma — o‘qish va o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoq. Buning uchun esa ta’lim jarayonini shunday tashkil qilish muhimki, o‘qish materiallari va jarayonning o‘zi o‘quvchi uchun ortiqcha yuk bo‘lmasin.

Barcha misollarni yechib bitirmaguncha matematika darsi ustida bosh qotirib o‘tirishga hojat yo‘q. Charchadingizmi — dam oling. Chalg‘ing. O‘zingizda kuch va qiziqishni qayta sezganingizda yana matematikaga qaytasiz.

3. Haqiqatda qiziq yo‘nalishga urg‘u berish

"Bu bilan pul topa olmaysan", - deyishadi ota-onalar o‘sib kelayotgan avlodning o‘zlariga bema’ni tuyulgan qiziqishlari haqida. Shu tariqa farzandlarini majburlab huquqshunos, dasturchi, menejer, shifokor kabi kasblarga yo‘naltirishadi. Umuman olganda, ota-onalarni tushunish mumkin: XX asr ularni qadamma-qadam vertikal kareraga tayyorlaydi - "botqoqlikdan saroyga", o‘quvchilikdan - ishchiga, ishchidan - rahbarlikka, rahbarlikdan - big boss'ga.

Shunday bo‘lsa-da, dunyo o‘zgarmoqda va hozir birinchi o‘ringa gorizontal karera chiqmoqda. Bunday holatlarda siz yuqoriga qarab intilmaysiz, shunchaki o‘zingizga yoqqan ish bilan shug‘ullanasiz. Shu bilan birga, raqiblar bilan bellashasiz, sizning "asarlar"ingiz kunma-kun takomillashib boradi. Sizning xobbingiz atigi 500 kishini qiziqtirsa ham, bunday odamlar internet orqali bir-birini topadi. Qarabsizki, sizning  ishlanmalaringizga talab orta boshlaydi, ularning narxi oshib boradi va siz usta maqomini olasiz.

Hech bir robot inson kabi o‘z ishiga mehr bera olmaydi. Demak, aynan farzandingizning ko‘ngli chopgan ish oxir-oqibat u uchun hayotda o‘z o‘rnini yo‘qotmaslikka sug‘urta bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

4. Imkoniyatlarni ko‘rish

Hozir 15 yoshdan kichik bo‘lgan odamlar katta ehtimol bilan bir asr yashashi mumkin. Bu esa katta muddat. Masalan, o‘zingizni va 120 yil avval yashagan yevropalik kishini taqqoslang. Qiziqishlar umumiyligi haqida nima deysiz? Aravani ta’mirlash yoki tutun quvurini tozalash tajribasi sizga kerak bo‘larmidi? Ikki sigir-chi? (120 yil avval qishloqda yashovchi kishilar uchun katta davlat hisoblangan) — bunday kapitalni qanday baholaysiz?

Bugun biz uchun qadrli bo‘lgan qadriyatlar ertaga o‘z ahamiyatini yo‘qotishi mumkin.

Insonlar orzusidagi bir umrlik sevgi tushunchasi yo‘qoladi. 20 yoshingizda sizga qiziq bo‘lgan inson 80 yoshga kirganingizda ham shunchali qiziq bo‘ladi, deb kim kafolat beradi? Yoki Jastin Biberga fanatlik qiluvchi nafaqaxo‘rni tasavvur qila olasizmi?

Farzandlarimizning oldida katta hayot yo‘li turibdi. Oldinda shuncha umr turganda birinchi sevgi muvaffaqiyatsizligidan qayg‘u chekishga ne hojat? Oliygohga kira olmasangiz yoki orzuingizdagi ishda ishlay olmasangiz, o‘zingizni omadsiz va baxtsiz his qilishingiz kerakmi?

Kechagi kun kishisi uchun 1-2 yil vaqt - muhim davr, kelajak kishisi uchun esa xuddi shu 1-2 yil atrofni o‘rganib, boshqa istiqbollarni ko‘rish uchun imkoniyatdir. Uddasidan chiqa olmayotgan ishga qattiq yopishib olishdan foyda yo‘q. Yaxshisi, shu vaqtingizni haqiqatda o‘zingiz uchun qiziq bo‘lgan ishga ajrating.

5. Boshqa odamlar bilan hamkorlik qila olish

Bu kelajakning eng muhim ko‘nikmalaridan biri, zamonaviy maktablar buni mutlaqo o‘rgatmaydi. Kooperatsiya nima degani o‘zi? Bu nazorat ishini bir o‘quvchi emas, balki bilim darajasi va unga bo‘lgan munosabati turlicha bo‘lgan bolalar guruhiga berish: "Bolalar, mana sizlarga vazifa. O‘ylab, birgalikda yechim topishingiz uchun 20 daqiqangiz bor".

Standart maktab ko‘pincha bunday yondashuvni qabul qilmaydi, chunki o‘qituvchi nazorat ishini bir bola yechib, qolganlar shunchaki ko‘chirib olsa-chi, deb o‘ylaydi. U qaysidir ma’noda haq. Boshqa tomondan, kattalar olamida vazifaning yechimini topish doim guruh loyihasi doirasida amalga oshiriladi.

Tijorat tashkilotlarda hech kim har bir xodim oldiga bir "nazorat ishi"ning turli variantlarini qo‘ymaydi. U yerda biror umumiy vazifa topshiriladigan guruhlar tuzilib, har bir insonning imkoniyat va xususiyatlaridan kelib chiqib hal qilinadi. Bir kishi g‘oya o‘yladi, boshqasi uni yozib oldi, uchinchisi tahlil qildi, to‘rtinchisi hayotga tatbiq etdi, beshinchisi esa, aftidan hech narsa qilmagan ham - shunchaki vaqtida choy keltirib turgan, ijodiy muhitni tashkil qilgan.

Hissiy intellekt muvaffaqiyat uchun zarur eng muhim ko‘nikmalardan biriga aylanadi.

Bola eski qoidalar bo‘yicha nazorat ishini uddalay olmasa ham, boshqa guruh bo‘lib ishlash mumkin bo‘lgan darslarda kooperatsiya ko‘nikmasini ishlab chiqish mumkin. Masalan, jismoniy tarbiyada bir bola boshqa o‘quvchilarning qo‘llab-quvvatlashi ostida g‘olib bo‘ladi va bu umumiy g‘alaba hisoblanadi.

Jamoada ishlashni bilish — nafaqat hal qiluvchi qarorlar chiqarish bo‘yicha ishlash, balki ijodiy muhitni yaratish, hamkasblarga hissiy dalda berish - 2020 yilga borib, ishga qabul qilishda eng muhim ko‘nikmalardan biriga aylanadi. Hozircha biror robot bu ishni amalga oshira olmaydi.