Darslari davomida doim boshqa narsalarga chalg‘iydigan, ko‘p xato qiladigan, bir ishni oxiriga yetkaza olmaydigan bolalarni tez-tez uchratish mumkin. Bunday bolalarning o‘qituvchilari ularning parishonxotirligi va e’tiborsizligidan shikoyat qiladi. Agar ota-ona bunday farzandi bilan qanday yo‘l tutishni bilmasa, bola o‘rta sinflardayoq yaxshi o‘qimaydiganlar safidan joy olishi mumkin.
Bunday muammo bilan yaqindan tanish bo‘lmagan ota-onalar bolani buning uchun jazolaydi va o‘zlari kutgan natijaning aksiga erishadi.
Vaziyatni to‘g‘rilashning yagona usuli bolaga yetishmayotgan xislatlarni rivojlantirishda yordam berishdir. Buning uchun esa aynan qaysi jihatni rivojlantirish zarurligini aniqlab olish zarur.
E’tibor va uning xususiyatlari
E’tibor- biror buyum yoki hodisaga diqqatni jamlay olish qobiliyati. U bir nechta xususiyatlarga ega:
- diqqat;
- hajm;
- qat’iyat;
- taqsimlash;
- boshqasiga o‘tish.
Ularning har biri bolada turli darajada rivojlangan bo‘lishi mumkin.
- Diqqat - biror buyum yoki uning qismiga nisbatan fikrni qarata olish qobiliyati.
- Hajm - bola bir vaqtning o‘zida qabul qilishi va miyasida saqlay olishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlar miqdori.
- Qat’iylik - bola boshqa narsalarga chalg‘imasdan bitta buyum bilan ishlay olish vaqti.
- Taqsimot - bir vaqtning o‘zida bir nechta buyumlar bilan turli vazifalarni bajara olish qobiliyati.
- Boshqasiga o‘tish - bir mashg‘ulot turidan boshqasiga o‘tish.
Bir muddat farzandingizni kuzatib turib, unda yuqoridagi xususiyatlardan aynan qaysi biri oqsayotganligini bilib olishingiz mumkin.
E’tiborni yaxshilash uchun choralar
Bu jihatdan samarador bo‘lgan bir nechta usullar va o‘yinlar ishlab chiqilgan. Quyida ulardan ba’zilarini keltirib o‘tamiz:
- Kun tartibini qaytadan qarab chiqish. Haddan tashqari charchash parishonxotirlikning sababi bo‘lishi mumkin. Bolani turli qo‘shimcha mashg‘ulotlar bilan ortiqcha band qilmaslik zarur.
- Asab tizimining o‘ziga xos jihatlarini o‘rganing. Balki sizga ruhshunosning yordami kerak bo‘lishi mumkin.
- Bolani maqsadli yo‘naltiring. Biroq unga uzundan-uzoq tarbiyaviy ma’ruzalarni bayon qilishdan qoching - u sizni eshitmasligi mumkin.
- Stol o‘yinlariga e’tibor qarating, ayniqsa turli topishmoq (pazl) o‘yinlarga.
- O‘zingizni va farzandingizni yon-atrofda sodir bo‘layotgan hodisalarni tasvirlashga o‘rgating.
- Biror vazifani bajarish uchun ishtiyoq uyg‘otuvchi vaziyatni yuzaga keltiring.
Va nihoyat diqqat-e’tiborni rivojlantirish uchun bir nechta o‘yinlar:
- Katta kishi biror matnni o‘qiydi. Bola xayolida ma’lum bir tovush ishtirokidagi so‘zlarni sanaydi.
- Bola xonadagi bir xil sifatga ega barcha buyumlarni sanaydi.
- Bola ko‘zi bog‘langan holda kubiklarni ustun shaklida taxlaydi.
- Noodatiy sanash. Masalan, juft sonlarni yoki faqat toq sonlarni yo biror songa bo‘linadigan sonlarni sanash.
- Shaxmat o‘yini. Agar u juda murakkablik qilsa, shashka o‘yini ham foydali hisoblanadi. Maqolani tayyorlashda “Razvitiye detey” sayti ma’lumotlaridan foydalanildi.