Barcha ota-onalar farzandi eng aqlli, eng a’lochi va eng bilag‘on bo‘lishini istaydi. Ular bolaning maktabdagi baholari yaxshi bo‘lishi uchun unga ko‘p-ko‘p kitoblar olib beradi, ammo ko‘pincha bolaning uy vazifasini tekshirish yoki unga yordam berish uchun ozgina vaqt ajrata olmaydi. Aslida yaxshi o‘qish “retsepti” juda oddiy, u bevosita ota-ona ishtirokini talab qiladi — hammasi uydan boshlanadi, bu esa olimlar tomonidan isbotlangan.
Ovoz chiqarib o‘qish
AQShning Ogayo shtati Sinsinatti shahrida Bolalar tibbiyot markazi tadqiqotchilari ovoz chiqarib o‘qish bola miyasi rivojlanishiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir qilishini aniqladi. Ovoz chiqarib o‘qish vaqtida miyaning eshitib qabul qilish uchun javob beruvchi qismlari ishga tushadi. Bundan tashqari, baland ovozda o‘qish — farzandlaringiz ulg‘ayganidan keyin ko‘proq va yaxshiroq o‘qishi garovidir.
“Rahmat” deb aytish
Forbes jurnalida chop etilgan tadqiqot natijalari oddiy minnatdorlik o‘z ichiga ko‘plab ijobiy xususiyatlarni olishini ko‘rsatib berdi. Bir marta nimadir uchun aytilgan “rahmat” ruhiy holatni yaxshilaydi, ruhiyatni mustahkamlaydi, tajovuzni pasaytiradi va yangi tanishuvlar uchun kafillik beradi.
Tasavvur qilish
Isroilning Tel-Aviv universiteti 6—9 yoshli bolalar ishtirokida tajriba o‘tkazdi. Olimlar ob’yektlardan olislik bolalarning mavhum fikrlashiga qanday ta’sir o‘tkazishini bilmoqchi bo‘ldi. Bolalarga o‘zlari o‘tirgan partadan koinotgacha va aksincha tartibda bo‘lgan rasmlarni ko‘rsatishdi, so‘ng ijodkorlik darajasini sinash uchun test berishdi. O‘zlarining kichkina olami Koinot hajmigacha kattalashganini ko‘rgan ishtirokchilar, o‘z dunyosi maktab partasi hajmigacha kichraygan ishtirokchilardan ko‘ra yaxshiroq natijalarni namoyon etdi. “Ichkariga” emas, “tashqariga” qarab yo‘nalgan fikrlash bolalarda fantaziyaga moyillikni keltirib chiqaradi, ularga buyumlarni turli nuqtai nazarlardan ko‘rish imkonini beradi, “hozir” degan tushunchadan tashqarida fikrlashga yordam beradi. Bolalarga “har narsani to‘qib chiqarma” deyishga shoshilmang, ushbu uydirmani u bilan birga har tomonlama muhokama qiling. Bolalar tasavvuri chegara bilmaydi, uni sun’iy tarzda oshirishga esa hojat yo‘q.
Stol o‘yinlari o‘ynash
Bolalar bilan stol o‘yinlarini o‘ynar ekansiz, ularga chiroyli va munosib ravishda yutish va yutqazishni, shuningdek, strategiyani o‘rgatasiz. Psychological Science nashri o‘tkazgan tadqiqot boshqotirmalar, kubiklar va stol o‘yinlari bolalarda fazoviy va mantiqiy fikrlashni rivojlantirishda yordam berishini ko‘rsatdi.
Tabiat bilan hamnafas bo‘lish
Journal of the Study of Religion, Nature and Culture jurnali bolalarning tabiat bilan o‘zaro aloqalarini o‘rganib, hatto shunchaki ko‘chaga chiqib o‘ynash bolaga ko‘tarinki ruh bag‘ishlashini aniqladi. Bolalar ko‘chada qanchalik ko‘p vaqt o‘tkazsa, ularning sog‘lig‘i shunchalik mustahkamlanadi va kayfiyati ham ko‘tariladi.
Yaxshilik qilish
AQShning Kaliforniya universiteti olimlari 9—11 yoshli bolalar ustida kuzatuv olib bordi. Ularga bir hafta ichida uch marta yaxshilik qilish yoki uchta yangi joyga tashrif buyurish taklif qilindi. Qanday qaror qabul qilgan bo‘lsa-da, ularning kayfiyati bir oydan so‘ng sezilarli darajada ko‘tarilib, o‘zlarini baxtliroq his qildi. Ammo yaxshilik qilgan bolalar yana bir narsaga erishdi — ular o‘z tengdoshlari e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Bu esa bolaning o‘qishiga va sinfdoshlari o‘rtasidagi obro‘siga bevosita ta’sir qiladi.