Tarbiya

Farzandingizni to‘g‘ri tarbiya qilyapsizmi?

Yosh ota-onalarga bolasini tarbiya qilish borasida maslahat beruvchilar ko‘p. Televizor yoqsangiz ham, gazeta-jurnal varaqlasagiz ham, radioda ham bir gap, farzandni komil qilib o‘stirish bo‘yicha tavsiyalarni eshitasiz. To‘g‘ri-da, farzand xuddi nihol kabi, uni parvarishlab, qaddini tik tutishni o‘rgatmasangiz, egri bo‘lib o‘sishi tayin. Xo‘sh, aziz dugonajon, siz bu ishni qay darajada uddalayapsiz? Qanday ona ekanligingizni quyidagi testni yechib, bilib olish imkoniyatiga egasiz. Qani boshlaymizmi?!

1. Bolaga tug‘ilgan kunidan boshlab tarbiya berish lozim, deb uqtirishadi. Sizningcha chaqaloqqa qanday tarbiya berish mumkin?

A) Go‘dakka odob haqida nasihat qilish befoyda. Uni toza tutish bilan ozodalikka o‘rgatish mumkin.

B) Alla aytish ham tarbiya berishning bir usuli-ku?!

V) Bu haqida o‘ylab ko‘rmagan ekanman...

2. Turmush o‘rtog‘ingiz bilan tarbiya borasidagi qarashlaringiz mushtarakmi?

A) Bola uchun har ikkimiz ham mas’ulmiz, demak, «bir yoqadan bosh chiqaramiz».

B) Qarashlarimiz turli xil bo‘lsa-da, buni farzandimizga sezdirmaslikka harakat qilamiz.

V) Erimga qo‘yib bersam, bolalarni g‘irt tanbal qilib o‘stiradi.

3. Qaynota-qaynona yoki ota-onangiz sizni tez-tez bolaga noto‘g‘ri tarbiya berishda ayblashadimi?

A) Yo‘q, chunki bolalarimni tarbiya qilishda ularning ishtiroki va o‘rni katta.

B) Ha, ba’zan bo‘lib turadi.

V) Bolalarim va mening o‘rtamdagi munosabatga aralashishga hech kimning haqqi yo‘q.

4. Juftingiz, qaynonangiz, ishxonadagi rahbaringiz yoki qo‘shningiz bilan urishib qoldingiz. g‘azabingizni jilovlay olmay qolsangiz, bu farzandingizga ta’sir ko‘rsatmaydimi?

A) Imkon qadar jahlimdan tushgunimcha yolg‘iz qolishga harakat qilaman.

B) Ba’zan jahl ustida bolalarimga baqirib yuboraman, keyin bundan vijdonim qiynalib yuradi.

V) Bolaligimda onam dadam bilan urishib qolsa, bizdan alamini olardi. Men bunday qilishni aslo istamasdim. Ammo xuddi onamdek bo‘lib qolganman.

5. Sevimli (qimmatbaho) libosingiz yoki buyumingizni kichkintoyingiz yaroqsiz holatga keltirdi. U buni atayin qilmagani ko‘rinib turibdi. Sizning harakatingiz...

A) Jahlimni tiyib, unga boshqalarning shaxsiy narsasiga tegish va buzish odobsizlik ekanini tushuntiraman.

B) Bo‘ladigan ish bo‘ldi, endi jahldan ham, nasihatdan ham foyda yo‘q.

V) Yaxshigina ta’zirini beraman! Shunda ikkinchi marta bunday qilmaydigan bo‘ladi.

6. Farzandingiz oila a’zolaringiz yoki jamoat joyida sizning so‘zingizga quloq solmadi yoki gap qaytardi. Vaziyatdan qanday chiqasiz?

A) 1-2 daqiqa kutib, bolam chalg‘iganida yaxshi gap bilan aytganimni qildiraman.

B) O‘zimni eshitmagan yoki ko‘rmaganga solaman, yolg‘iz qolganimizda «qulog‘ini burab» qo‘yaman.

V) Issig‘ida bolamni tartibga chaqiraman.

7. Bolani kaltak bilan jazolab turish fikriga munosabatingiz?

A) Bu usul murg‘ak qalbda alamzadalik kayfiyatini paydo qilishga erishishdan boshqa narsa emas.

B) Ba’zan bola quyushqondan chiqib ketadigan holatlar ham bo‘ladi, ana shunda og‘ir jazo sifaida qo‘llash mumkin.

V) Men va bolam uchun bu usul yaxshi tanish.

8. Farzandingizni do‘stlari  bilan tanishmisiz?

A) Bolamning yaqin do‘stlari va ularning ota-onasini yaxshi taniyman.

B) Bu ishni otasi nazoratga olgan.

V) Bolamga kim bilan do‘st tutinish va kimdan uzoqroq yurishni mudom aytib turaman.

9. Jigarbandingizning shirintomoqligiga qarshi qanday kurashasiz?

A) Avvalo oiladagi kattalar ovqat tanlamasa, bola ham bunga o‘rganmaydi.

B) Imkon qadar unga yoqadigan ovqatlarni pishirishga harakat qilaman.

V) Dasturxonga qo‘yilgan har qanday taomni yeyishga majbur, aks holda och qoladi.

10. «Kun davomida bolamga yetarli vaqt ajrataman, mehrimni bera olaman» deb ayta olasizmi?

A) Bu masala men uchun juda og‘riqli. Bolamga butun kunimni bag‘ishlasam ham kamdek tuyulaveradi.

B) Ha, ayta olaman. Ba’zan bu sovg‘a-salomlar ko‘rinishida bo‘ladi.

V) Hamma narsada me’yor bo‘lishi kerak, hatto mehrda ham! Bola ota-onasining shaxsiy hayoti borligini ham tushunishi lozim.

11. Dilbandingizni tez-tez (kichik yutuqlari uchun ham) rag‘batlantirib turasizmi?

A) Bu ishni otasiga ishonib topshirganman. Men bolalarimni ruhlantiraman, u kishi esa sovg‘alar ulashadi.

B) «Barakalla, sen bilan fahrlanaman!» degan so‘zlarni tez-tez aytaman.

V) Yutuqlaridan ich-ichimdan sevinsam-da, buni har doim ham ko‘rsatavermayman. Taltayib ketishini istamayman-da!

12. Farzandingizni tarbiyachisi, maktabdagi o‘qituvchisi, murabbiylari bilan tez-tez uchrashib, suhbatlashib turasizmi?

A) Bolamning o‘qituvchilari bilan aloqam yaxshi. Uchrashish imkoni bo‘lmasa, qo‘ng‘iroqlashib turaman.

B) Ha, farzandimning oiladan tashqaridagi hayoti haqida ma’lumot olishning eng yaxshi usuli bu.

V) Majlislarga chaqirganidagina ular bilan ko‘rishaman.

Yo‘riqnoma

Test savollariga belgilagan javoblaringizni ko‘zdan kechiring. Qaysi javob variantini ma’qul bilib, ko‘proq belgilagansiz? A mi, B mi yoki V? Shunga ko‘ra test natijasi bilan tanishing.

« javobi ko‘p bo‘lsa...

Tabiatan vazmin ayolsiz. Bola tarbiyasida esa og‘ir-bosiqlik muhim ahamiyatga ega. Bu siz uchun katta yutuq. Farzandingizni huda-behudaga koyimaysiz, biroq o‘rni kelganida ayab ham o‘tirmaysiz. Chaqaloqni ham oilaning teng huquqli a’zo sanaganingiz uchun bolalaringiz o‘zlarini xuddi kattalardek tutishga odatlanishgan. Ba’zi-ba’zida erkalik qilishlari uchun imkoniyat bersangiz yomon bo‘lmaydi.

«B» javobi ko‘p bo‘lsa...

Bolangiz bilan do‘stlashishga intilishingiz tahsinga loyiq. Ammo qay vaqt do‘st, qay vaqt ona rolida bo‘lish kerakligini bilasizmi? Rollar ijrosida adashib qolmang. Aks holda, bola ham sizga qanday munosabatda bo‘lishni bilmay qoladi. Farzandingizni bobo-buvilari va otasi ham tarbiya borasida faol ishtirok etishlariga imkon bering.

« javobi ko‘p bo‘lsa...

Juda qattiqqo‘l onasiz. Farzandlaringiz yuzingizdagi tabassumni kamdan-kam hollarda ko‘rishga musharraf bo‘lishadi. Siz uchun xatoning katta-kichigi yo‘q, har qaysi noto‘g‘ri ish uchun bolalarni jismonan jazolashga o‘zingiz ham o‘rganib qolgansiz. Tushuntirish, suhbatlashish bilan vaziyatni o‘nglashga harakat qiling.  Farzandingizdagi alamzadalik uning kelajagiga salbiy ta’sir etishi mumkin. O‘ylab ko‘ring!

Manba: Darakchi.uz