Yosh onalarning barchasi chaqaloqlar hayotining ilk oylarida ular uchun ona sutidan foydaliroq ozuqa yo‘qligini juda yaxshi biladi. Ammo ba’zan bolani boshqacha ozuqaga o‘tkazish zarurati tug‘ilib qoladi. Chaqaloqni sun’iy oziqlantirish aralashmani to‘g‘ri tanlashga ham, yangicha oziqlanish rejimiga rioya qilishga ham to‘g‘ri yondashishni talab qiladi. Bola ratsioniga sun’iy ozuqani kiritishdan avval albatta pediatr bilan maslahatlashgan ma’qul.
Sun’iy ozuqaga qanday hollarda o‘tiladi?
Eng sifatli aralashmalar ham ona sutidagi mikroelementlar o‘rnini bosa olmaydi, shu tufayli, sun’iy ozuqaga o‘tish uchun yetarlicha asos bo‘lishi kerak. Bular quyidagilar:
- og‘ir kechgan tug‘ruq jarayonidan so‘ng ona o‘z kuchini qayta to‘plashi kerak bo‘lsa;
- ayol tomonidan hayot uchun muhim dorilarning ba’zi guruhi qabul qilinayotgan bo‘lsa;
- ona yuqumli kasallikka uchragan bo‘lsa;
- ko‘krak bezlarida sut yo‘q bo‘lsa yoki yetarlicha miqdorda bo‘lmasa;
- ona vaqtinchalik bola yonida uzoq vaqt bo‘la olmasa.
Sut yetarli miqdorda ishlab chiqarilmayotgan bo‘lsa, dastlab, laktatsiyani kuchaytiradigan dorilar beriladi, ular kutilgan natijani bermagachgina, sun’iy ozuqa kiritiladi.
Sun’iy ozuqadan foydalanishning ijobiy va salbiy jihatlari
Bolani sun’iy oziqlantirishning yaqqol afzalliklari quyidagilar:
- chaqaloqni boshqa qarindoshlari ham ovqatlantira oladi. Ona esa o‘z ishlari bilan bemalol ketishi va bolaning och qolishidan xavotir olmasligi mumkin;
- bolani idishdan ovqatlantirayotib, ona doim u qancha miqdorda ozuqa olayotganini bilib turadi;
- chaqaloqda allergiya paydo bo‘lsa, ona o‘z ratsionini o‘zgartirishiga to‘g‘ri kelmaydi (chunki u faqat aralashmaga bog‘liq bo‘ladi);
- sun’iy ozuqa sutdan ko‘ra uzoqroq vaqt hazm bo‘ladi, shu tufayli bolaning ovqatlanish mahallari kamayadi.
Ammo aralashma bilan oziqlantirishning kamchiliklari ancha ko‘proq:
- sun’iy oziqlangan bolalar keyingi yillarda shamollash kasalliklari va allergiyaga ko‘proq uchraydi. Bu ularning organizmida ona suti orqaligina olish mumkin bo‘lgan alohida fermentlarning yo‘qligi bilan izohlanadi;
- idishlardan foydalanish ularni doimiy ravishda steril holda saqlashni talab etadi. Tozalikka rioya qilinmasa, dispepsiya (me’da va ichaklarda ovqatning singmasligi) kasalliklari kelib chiqishi mumkin;
- bolalar qorinning sanchishi va vaqti-vaqti bilan qayt qilib turishdan azob chekadi — sifatsiz so‘rg‘ich natijasida bola havo yutadi;
- bola bilan safar qilganda, aralashma, idishlar solingan alohida sumka bilan yurishga to‘g‘ri keladi;
- bolani sun’iy oziqlantirish moliyaviy xarajatlarni talab etadi. Yaxshi aralashma arzon turmaydi, bola kattalashgan sari esa, uni ko‘proq sotib olishga to‘g‘ri keladi.
Bolani qanday ovqatlantirish kerak?
Bolaga to‘g‘ri keladigan aralashmani topib, qadoqdagi ko‘rsatmalar bo‘yicha uni tayyorlab olgach, bolani oziqlantirishga ham navbat keladi. Bunda quyidagilarni e’tiborga oling:
- bola deyarli vertikal holatda bo‘lishi kerak, bu so‘rish uchun qulay, shuningdek, suyuqlik bolaning bo‘g‘ziga tiqilib qolmaydi;
- sut idishning so‘rg‘ichini butunlay yopib turganiga, havo esa idish tubida yig‘ilayotganiga ishonch hosil qiling, bu oshqozonga havo kirishiga yo‘l qo‘ymaydi;
- ovqatlanib bo‘lgach, bolani vertikal holatda tutib turing, toki yutilgan havo qaytib chiqsin;
- aralashma ichayotgan vaqtda bolani yolg‘iz qoldirmang, sut uning bo‘g‘ziga tiqilib qolishi yoki idishi qo‘lidan chiqib ketishi mumkin. Shuningdek, ona bilan hissiy aloqa ham muhim, shu tufayli chaqaloqni bu vaqtda qo‘lingizda ushlab turing.