Homiladorlik

Homiladorlar yeyishi mumkin bo‘lmagan 10 ta mahsulot

Homiladorlik har bir ayol hayotidagi mo‘’jizaviy davr hisoblanadi, axir u o‘z vujudida yangi hayot rivojlanishi bilan bog‘liq. Bu holat ayolni o‘z sog‘lig‘i, ovqatlanishi, dam olishi va hissiyotlari haqida ko‘proq o‘ylashga majbur qiladi.

Zamonaviy sharoitlarda sog‘lom bolani qorinda olib yurish va dunyoga keltirish oson emas. Buni muvaffaqiyatli tarzda amalga oshirish uchun ona homiladorlik davrida nafaqat xavfli infeksiyalarga duch kelishdan, balki xavfli mahsulotlarning butun bir ro‘yxatidagi yeguliklarni iste’mol qilishdan ehtiyot bo‘lishi kerak.

Homiladorlarga mumkin bo‘lmagan narsalarning katta qismi oddiy hayotda ham bolalar va kattalar iste’mol qilishi uchun tavsiya etilmaydi, chunki ularning foydali jihatlari yo‘q.

Homiladorlikda taqiqlanadigan mahsulotlarga allergiya chaqiradigan, ovqat hazm bo‘lishini qiyinlashtiradigan, homila tushib qolishi va unda nuqsonlar paydo bo‘lishi xavfini yuzaga keltiradigan taomlar va masalliqlar kiradi.

Homiladorlarga qanday mahsulotlar taqiqlangan?

Homiladorlik davrida yeyish va ichish mumkin bo‘lmagan narsalar ro‘yxati ancha keng bo‘lib, u o‘z ichiga quyidagilarni oladi:

  1. Alkogol

U, ayniqsa homiladorlikning boshlang‘ich davrlarida, homila rivojlanishiga zaharli ta’sir o‘tkazadi.

  1. Xom baliq va xom go‘sht

Gelmintoz (parazit chuvalchanglar, gijjalar va ular tug‘diradigan kasalliklar)ga duch kelish va natijada, homilaga ham yuqtirish mumkin.

  1. Allergiya chaqiradigan mahsulotlar

Dengiz va daryo delikateslari (krevetka va ikra), shuningdek, asal, sabzirang va qizil meva va sabzavotlarni ko‘p miqdorda yeyish tavsiya etilmaydi, ular bolada tug‘ma allergiya rivojlanishiga turtki bo‘lishi mumkin.

Ekzotik mevalar, shokolad, sun’iy bo‘yoqlarga boy bo‘lgan mahsulotlarni ham shu ro‘yxatga qo‘shish mumkin. Ushbu allergiya chaqiruvchi mahsulotlar bo‘lajak onalarga homiladorlikning so‘nggi davrlarida yeyish uchun tavsiya etilmaydi, chunki bola tug‘ma diatez bilan tug‘ilishi ehtimoli katta.

  1. Xamirli va shirali yeguliklar

Ko‘p miqdorda xamirli va shirali taomlarni iste’mol qilish bo‘lajak ona va tug‘ilajak bola juda ko‘p vazn to‘plashiga olib keladi. Bunda bolaning og‘irligi 4—5 kilogrammgacha yetishi mumkin.

  1. Konservalangan va dudlangan mahsulotlar

Bular botulizm (aynigan mahsulotlar tarkibida bo‘ladigan anaerob mikroblar chaqiradigan va asab tizimiga shikast yetkazadigan o‘tkir yuqumli kasallik)ni keltirib chiqarishi ehtimoli tufayli xavflidir. Ushbu kasallikni chaqiradigan bakteriyalar konservalangan muhitda juda yaxshi ko‘payadi (agar konservani tayyorlashda steril muhit buzilgan bo‘lsa).

  1. Zaharlanishga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan mahsulotlar

Tarvuz, qovun, qo‘ziqorin kabi mahsulotlar homilador ayol organizmida zaharlanishni keltirib chiqarish bo‘yicha potensial xavfga ega.

  1. Achchiq qora choy va qahva

Ular qon bosimini ko‘tarish va muskullar tonusini keltirib chiqarish xususiyati tufayli xavfli hisoblanadi. Bachadon gipertonusiga sabab bo‘lishi va homila tushishi xavfini yuzaga keltirishi mumkin.

  1. Ko‘p miqdorda konservant va bo‘yoqlarga ega mahsulotlar

Bular bo‘lajak onaning hayot uchun muhim organlari (jigar, buyrak, qon tomirlari va hokazo) faoliyatini buzishi mumkin. Ularni iste’mol qilish natijasida homila va yo‘ldosh faoliyatidagi yetishmovchilik kelib chiqishi, bu esa homilaga kislorod yetishmasligiga sabab bo‘lishi mumkin.

  1. Tuz

Tuz shishishlarni keltirib chiqarishi va qon bosimi oshishiga sabab bo‘lishi tufayli, uni iste’mol qilishni cheklash kerak.

  1. Ba’zi mevalar

Homiladorlikda yeyish mumkin bo‘lmagan mahsulotlarning qora ro‘yxatiga ba’zi mevalar ham kiritiladi. Ularni kamroq miqdorda yeyish ijobiy samara berishi mumkin, ammo o‘ta ko‘p miqdorda iste’mol qilish yoki xom mevalarni yeyish ona va bola sog‘lig‘iga salbiy ta’sir qilishi mumkin. Masalan, xom papayya mevasi (zaharli xususiyatlarga ega), ananas (ko‘p miqdorda yesa, organizmdan suyuqlikni chiqarib ketadi, bachadon qisqarishini chaqiradi), uzum (bola juda ko‘p vazn yig‘ishiga olib kelishi mumkin) homiladorlar uchun taqiqlanadi.

Maqolani tayyorlashda Baby.ru sayti ma’lumotlaridan foydalanildi.