- Homiladorlik taqvimi: Birinchi hafta
- Homiladorlik taqvimi: Ikkinchi hafta
- Homiladorlik taqvimi: Uchinchi hafta
- Homiladorlik taqvimi: To‘rtinchi hafta
- Homiladorlik taqvimi: Beshinchi hafta
- Homiladorlik taqvimi: Oltinchi hafta
- Homiladorlik taqvimi: Yettinchi hafta
- Homiladorlik taqvimi: Sakkizinchi hafta
- Homiladorlik taqvimi: To‘qqizinchi hafta
- Homiladorlik taqvimi: O‘ninchi hafta
- Homiladorlik taqvimi: 11-hafta
- Homiladorlik taqvimi: 12-hafta
Homiladorlikning ancha tinch davri boshlandi, axir qo‘rquv va bezovtaliklarga to‘la birinchi uch oylik, ilk skrining va ro‘yxatga kirish jarayonlari yakunlanib bo‘ldi. Endi bemalol yoqimli fikrlar, bo‘lajak chaqaloq haqida orzularga berilishingiz, yangi kiyim-kechaklar tanlashga kirishishingiz mumkin.
Biroq sog‘lig‘ingizning yaxshilangani tamoman o‘zingizni bo‘sh qo‘yishingiz kerak degani emas, endi shishishlar, qabziyat va uncha yoqimli bo‘lmagan boshqa hodisalar oldini olishga kirishish vaqti keldi, demakdir.
13-haftada nimalar sodir bo‘ladi?
Bo‘lajak onaning baxtiga, gormonlar “tinchlana” boshlaydi. Ayollar o‘z kayfiyatlaridagi keskin o‘zgarishlar asta-sekinlik bilan yo‘qolayotganini sezadi, ko‘plab xavotirlar kulgili bo‘lib tuyuladi. Ko‘ngil aynishi ketadi, ishtaha yaxshilanadi, tez-tez bovul qilishlar ham bezovta qilmay qo‘yadi.
Bachadon o‘smoqda, allaqachon qorin bo‘shlig‘iga ko‘chishni boshlagan. Ushbu bosqichdagi jarayonlar tufayli, ichki organlar joyidan siljiy boshlaydi, bu nafas qisilishiga va jig‘ildon qaynashiga olib kelishi mumkin. Uzoq sayrlardan so‘ng sizda qo‘l-oyoqlaringiz og‘irlashib qolgandek hissiyot paydo bo‘ladi, charchoq odatdagidan ko‘ra kuchliroq bo‘ladi. Shu tufayli, shoshmasdan sayr qiling, sayr vaqtini butun kun davomiga kam-kamdan taqsimlang.
Bachadonning baland tonusi — bachadonning tortishib turishi hissini tez-tez sezsangiz, unda shifokorga borish kerak. Qorin mana shunday tarzda “qotib qolgan” vaqtda yoting va o‘zingizni og‘irliklardan xalos qiling.
13-haftada homilaning holati
Bola soatma-soat o‘smoqda, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. 13-haftada homila kattaligi 7,8 santimetrga, og‘irligi 20 grammga yetgan. U hajmiga ko‘ra shaftolini eslatadi.
Ushbu muddatga kelib, bolaning barcha sut tishlarining asoslari paydo bo‘lgan, oshqozon osti bezi insulin ishlab chiqarishni boshlagan. Tana ham tezlik bilan o‘sishni boshlagan. Tez orada homilaning boshi unchalik katta bo‘lmay qoladi. Bu davrda bola deyarli to‘xtovsiz tarzda harakatda bo‘lib turadi, bu muskullar va qo‘l-oyoqlar normal rivojlanishi uchun zarur. Faqat qisqa muddatli uyqu vaqtidagina bola dam oladi.
Bu paytda homilaning suyak to‘qimasi va muskullari shakllanadi. Ovqat hazm qilish tizimida ham rivojlanish bormoqda: ovqatni qayta ishlashda qatnashadigan muhim qilchalar paydo bo‘ladi. 13-haftada bolaning tovush apparati uchun asos paydo bo‘ladi, uning tashqi ko‘rinishi esa o‘ziga xos belgilarga ega bo‘la boshlaydi.
Shirinlik va xamirli taomlardan nariroq yuring
Toksikoz sizni tark etishi bilan, hamma narsani ketma-ket yeyaverish istagi paydo bo‘lishi mumkin. Ammo ovqatlanish rejimini nazorat qilish shart, aks holda siz muddatidan avvaloq ortiqcha vazn yig‘a boshlaysiz. Bu esa turli asoratlarga olib kelishi mumkin.
Shirinliklar, xamirli taomlar, sho‘r va qovurilgan ovqatlarni juda kam miqdordagina yeyish mumkin. Toksikoz o‘rnini ko‘pincha jig‘ildon qaynashi egallaydi, shu tufayli ovqatlanishning to‘g‘riligini nazorat qilish muhim va zarurdir.
Bug‘doy unidan tayyorlangan non, tvorog, meva va sabzavotlar, boshoqli o‘simliklar, yog‘siz go‘sht — ushbu mahsulotlar ratsioningizda yetakchi bo‘lsin.
Homilaning 13-haftasidagi tekshiruvlar
Skrining va asosiy tahlillardan o‘tib bo‘lgan bo‘lsangiz, u holda shifokoringiz umumiy siydik tahlili uchungina yo‘llanma berishi mumkin.
Mazok topshirish uchun dermatolog-venerolog shifokorga 12-haftada yuborishadi, biroq ba’zan bu bir hafta kechroq ham sodir bo‘lishi mumkin. Ushbu tekshiruv qin florasining holatini aniqlab, tanosil kasalliklari bor-yo‘qligini ko‘rsatadi.
13-haftadagi hissiyotlar
Ko‘krak hamon ta’sirchan, u yanada kattalashishi mumkin. Ko‘krakdan og‘iz suti kelishi mumkin, bu qo‘rqinchli emas, bunday ajralmalarning kelishi normal holatdir.
Terida dog‘lar paydo bo‘lishi mumkin: yuzda och jigarrang dog‘lar ko‘zga tashlanishi, ko‘krak uchi atroflari qorayishi, kindikdan qov supachasigacha bo‘lgan chiziq ham qorayib qolishi mumkin. Bu ham gormonal o‘zgarishlar tufayli bo‘lib, tug‘ruqdan so‘ng yo‘qoladi.