Homiladorlik

Homiladorlik taqvimi: 18-hafta

Beshinchi oy davom etmoqda, va mana allaqachon homiladorlikning 18-haftasiga ham yetib keldingiz. Ko‘plab onalar bolaning qimirlaganini aniq-ravshan payqaydi, bu ularga alohida quvonch bag‘ishlaydi.

Ushbu muddatda homiladorlar kindikka ichkaridan bosim tushayotganidan shikoyat qiladi. Bunga tezkorlik bilan o‘sayotgan bachadon sababchidir. 18-haftada uning kattaligi o‘rtacha qovun bilan tengdir.

18-haftada nimalar sodir bo‘ladi?

Bolaning ilk qimirlashlari homiladorlikning roppa-rosa 18—22-haftasiga to‘g‘ri keladi. Ancha ozg‘in onalar buni ertaroq ham his qilishi mumkin, birinchi marta homilador bo‘lmaganlar esa 16-haftadanoq bola qimirlaganini seza oladi.

Bola qimirlayotganini tushunishingiz bilan bu qanchalik tez-tez qaytalanayotganini nazorat qilishga intiling, soatiga 4—8 marta qimirlash normal holatdir. Qorin ostida og‘riqlar paydo bo‘lsa, albatta bundan shifokoringizni xabardor qiling. Norma bo‘yicha ushbu muddatda hech qanday jiddiy og‘riqlar kuzatilishi kerak emas.

18-haftada homilaning rivojlanishi

Agar 18-haftada homila normal tarzda rivojlanayotgan bo‘lsa, u holda uning qo‘l va oyoqlari to‘liq shakllanib bo‘lgan bo‘ladi. Bundan tashqari, jajji barmoqlarning dumboqchalarida izlar — o‘sha o‘ziga xos naqshlar paydo bo‘ladi.

Bolaning bosh miyasi rivojlanmoqda. Ko‘zlar hali yumuq, ammo 18-haftada homila yorug‘likka reaksiya ko‘rsata oladi. Bola tovushlarni yaxshi ajratadi, shuning uchun yoqimli allalarni eshitishga tayyor. Ota esa bo‘lajak farzandiga ertaklar o‘qib berishni boshlashi mumkin: hozir sokin va mayin ohanglar bolaga juda kerak.

18-haftada homilaning bo‘yi 14 santimetrni, og‘irligi qariyb 200 grammni tashkil etadi. Hajmi bo‘yicha uni mango bilan qiyoslash mumkin. U hozircha o‘zini bachadonda erkin his qiladi, joy yetarli, shu tufayli bola mamnuniyat bilan umbaloq oshadi, dumalaydi, qo‘l va oyoqlarini qimirlatadi.

18-haftadagi hissiyotlar

Homiladorlikning 18-haftasiga kelib, ayol o‘z holatiga ko‘nikib bo‘ladi, barcha keraksiz qo‘rquvlar chetga surib qo‘yiladi, onalik instinkti ishga tushadi.

O‘zingizni chiroyli buyumlar bilan o‘rab oling, sevimli, romantik filmlarni tomosha qiling. Keskin, agressiv musiqalardan uzoq yuring, aksincha, quvonchli va yoqimli taronalarni tinglang. Bo‘lajak onaga hozir ko‘rgazma, muzeylarga tashrif buyurish juda foydali, o‘zingiz ham fotografiya bilan shug‘ullanishingiz mumkin. Go‘zallik bilan shug‘ullanib, o‘zingizning joriy holatingizning barcha jozibasini his qilasiz.

Sho‘rvalar haqida unutmang

To‘g‘ri ovqatlanishga rioya qilishda davom etamiz. Ertalabdan to‘yib yeymiz, kichikroq shirin kulcha va ikki bo‘lak shokolad yeyish mumkin. Taomnomangizga, albatta, sho‘rvalar, sabzavotli oddiy salatlar, parhezli go‘shtni kiriting. Kechki taom yengil bo‘lsin, masalan, bu meva qo‘shilgan tvorog yoki bug‘da pishgan baliq bo‘lagi bo‘lishi mumkin.

Boshoqli o‘simliklar, sabzavot va yong‘oqlar foydasini unutmang. Agar makaron va kartoshka yegingiz kelsa, sabzavotli garnirni ham ko‘proq qo‘shing.

Mayonez, ketchup, marinadlarga mukkasidan ketmang. Oddiy suv, rezavor mevali morslar va yangi siqilgan sharbatlardan ko‘p-ko‘p iching.

Homiladorlikning 18-haftasida ultratovushli tekshiruv

18—22-haftalar oralig‘ida ayol navbatdagi ultratovushli tekshiruvdan o‘tishi kerak bo‘ladi. U bola to‘g‘ri rivojlanayotganini aniqlash, yo‘ldosh va kindik ichakchasi holatini baholash imkonini beradi. Ushbu tekshiruvda tug‘ilajak farzandingiz jinsini bilib olishingiz mumkin. Shuning uchun o‘zingiz bilan turmush o‘rtog‘ingizni ham olib boring. Shuningdek, ultratovushli qurilma monitorida ancha katta bo‘lib qolgan homilani ko‘rib, ota ushbu ajoyib davr — homiladorlikka boshqacha munosabatda bo‘la boshlaydi.

Yorqin kiyinamiz!

Ushbu muddatga kelib, onaning vazni 4,5—6 kilogrammgacha og‘irlashishi mumkin. Qorin hali kichkina, ammo sezilarli ravishda dumaloqlashgan. Bu go‘zallikni ko‘krak pastidan kengayib boradigan ko‘ylaklar, yorqin koftalar, elegant uslubidagi shimlar (qornida elastik rezinasi bo‘lgan) bilan namoyon qiling.

Hozir siz juda go‘zalsiz, va butun dunyo ham sizga qarab zavqlansin!