Homiladorlik

Homiladorlik taqvimi: 30-hafta

30-hafta — ko‘p narsani anglatadi. Birinchidan qorindagi bola muayyan ko‘nikma va reaksiyalarga ega deyarli shakllanib bo‘lgan mitti odamcha. Ikkinchidan, tug‘ruq ta’tiliga chiqish vaqti keldi. Uchinchidan, tug‘ruqqacha yaqin qoldi.

Bolangiz hozir qanday? Ultratovushli tekshiruvda bolaning nafaqat aniq-ravshan qiyofasini, balki nafas olayotganini, ona qornidan tashqariga chiqqach, ilk harakatlarini mustaqil ravishda bajarishga, nafas olib-nafas chiqarishga tayyorlanayotganini ko‘rish mumkin.

30-haftada homilaning rivojlanishi

Bola uyqusida kaftini musht qilib tugishni, yelkalarini qisishni, yuzini bujmaytirishni va kerishishni biladi. U sizni tushunadi, uni hammasi qoniqtirsa yoki nimadir qoniqtirmasa, reaksiya ko‘rsatadi. Masalan, qorinni silaganingizda ijobiy reaksiya, tamaki tutuni bo‘lgan muhitga tushganingizda yoki noqulay holatda o‘tirganingizda salbiy reaksiya ko‘rsatishi mumkin.

Bolaning ko‘zlari katta ochiq bo‘ladi va ko‘z kosasi ichida harakatlanish imkoniyatini qo‘lga kiritadi. U o‘ziga teri va qorin mushaklari orqali o‘tadigan yorug‘likka javob ko‘rsatadi (nur qanchalik yorug‘ bo‘lsa, u shunchalik qattiqroq tepkilashi mumkin), uning tanasida tuklar o‘smoqda, unda uyqu va uyg‘oqlik ritmi ishlab chiqilgan, o‘pkalar esa mustaqil ishlashga tayyorlanmoqda. 30-haftada bolaning miyasi massasi kattalashadi, undagi egat va burmalar soni ham ko‘payadi. Bosh miya qobig‘ining funksiyalari esa bolangizda u tug‘ilganidan so‘ng rivojlanadi.

30-haftada bolaning og‘irligi

Hozir bolaning og‘irligi 1,4—1,5 kilogrammni, bo‘yi 37—38 santimetrni tashkil qiladi. Bola kattalashgan, ammo hamon ona qornidagi holatini o‘zgartirishda davom etmoqda. Erkin harakatlanish uchun unda yana ikki haftacha vaqt bor. Shundan so‘ng bola muayyan holatni — boshini pastga yoki yuqoriga qilgan holda — egallashiga to‘g‘ri keladi.

30-haftadagi qimirlashlar

Ushbu muddatda o‘z hissiyotlaringiz, qorin ichidagi harakatlar, itarishlar va musht bilan urishlarga diqqat bilan munosabatda bo‘lish zarur. Bolaning qanchalik faolligini, qanchalik normal tarzda rivojlanayotganini, homiladorlikning keyingi borishiga hech narsa xavf solmayotganini aniqlash uchun qimirlashlar orasidagi tanaffuslarga qiziqish va ba’zi o‘lchovlarni amalga oshirish kerak.

  • Soat bo‘yicha o‘lchash: bolaning faol harakatlanishi vaqtida kamida 6 marta qimirlash.
  • Olti soatlik o‘lchash: kamida 10 marta qimirlash.
  • O‘n ikki soatlik o‘lchash: kamida 24 marta qimirlash.

“Yuqori darajali seryunglik”

Homiladorlikning 30-haftasida bola lanugo — badanidagi tuklardan xalos bo‘la boshlaydi. Ba’zan ularning bir qismi, ba’zan esa ancha katta qismi qolib ketishi mumkin. Shunda sersoch chaqaloq dunyoga keladi.

Biroq har bir bolada tuk qoplamasi o‘ziga xos tezlikda va qalinlikda o‘sadi. Ba’zi bolalar tayyor kokil bilan, boshqlari esa kal bo‘lib tug‘ilishi — normal holat.

Ona o‘zini qanday his qiladi?

30-haftada qorinda bola ancha kattalashib qolishi tufayli ayol ma’lum noqulayliklarni his qilishi mumkin. Ichki organlaringiz siqilib qoladi, va harakatlaringiz sustlashadi, yurishingiz ham tebranish xususiyatini kasb etib, o‘rdaknikiga o‘xshab qoladi.

Gavdangizning og‘irlik markazi siljishda davom etsa-da, gavdani to‘g‘ri tutish kerakligini unutmang. Moddalar almashinuvi shunchalik kuchayganki, iliq yoki salqin havo ham sizga juda issiq bo‘lib tuyulishi mumkin. Ter ajralishi kuchayadi.

So‘nggi uch oylikda ayollar ko‘pincha kamqonlikdan azob chekadi, qorin sohasida uzun qizil dog‘lar paydo bo‘lishi mumkin. Bachadon juda yuqoriga ko‘tariladi. Bunday siljish natijasida diafragma yurakka bosim o‘tkazadi va u o‘z holatini o‘zgartirib, yonboshga “yotadi”. Buning oqibatida siz nafas olishga qiynalishingiz, nafasingiz qisishi mumkin.

30-haftada kamsuvlik

Bu vaqtda kamsuvlik tashxisi qo‘yilishi mumkin. Homilani o‘rab turgan suv 500 millilitrdan kam bo‘lsa, odatda, bunday tashxis qo‘yiladi. Bu suvning paydo bo‘lishi yoki so‘rilishining buzilishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Shuningdek, bu ayol organizmidagi qandaydir nosog‘lomlikdan darak berishi mumkin. Bunday tashxisni shifokor to‘liq tekshiruvdan so‘nggina qo‘ya oladi. Homiladorga maxsus davolash buyuriladi.

Zudlik bilan tug‘ruq ta’tiliga!

30-hafta keldimi, demak tug‘ruq ta’tiliga chiqish mumkin. Bu vaqtni dam olishga, uyquga va sayrlarga sarflang. O‘z me’yorida faol bo‘ling, tug‘ruqqa tayyorlaning va shuni yodda tutingki, onaning charchog‘i yoki lohasligi bolaga ta’sir qiladi. Siz bir-biringizga tetik, sog‘lom va faol holatda keraksiz.