Homiladorlik

Homiladorlik taqvimi: 33-hafta

Homiladorlikning 33-haftasi ham boshlandi. Onani kamqonlik tark etdi, bola esa yana bir santimetrga o‘sdi. Ona qorni unga tobora torlik qilib bormoqda.

Bola tushlar ko‘rishni boshlagan. Ehtimol, bu 33-haftada onaning tushiga ham yorqin va quvnoq “multfilmlar” kirayotgani bilan bog‘liqdir.

33-haftada bolaning og‘irligi

33—34-haftada bola allaqachon 42—44 santimetrgacha o‘sadi. Og‘irligi esa taxminan 2 kilogrammga yetadi. Hajmiga ko‘ra, bola ananasni eslatadi. Ko‘p uxlaydi (bolalar uyqusida o‘sadi-da!), tez uyqu fazasida qorachiqlarini harakatga keltiradi.

Uning yuragi takomillashishda davom etadi, to‘g‘ri yurak bo‘lmalari orasida kichik tirqish bor, ammo bola birinchi marta nafas olishi bilan, u yopiladi.

Tilda ta’m biluvchi g‘uddachalar shakllangan. Bolangiz nordon narsani shiralisidan to‘liq farqlay oladi.

33-haftada qimirlashlar

Endokrin, asab va immun tizimining shakllanishi yakunlovchi bosqichda turibdi. Tana qismlari proporsional holatga keladi. Bola teri osti yog‘ini ko‘paytirish jarayonini davom ettiradi, yuzchasidagi ajinlar kamayib, yonoqchalar paydo bo‘ladi. Biroq yog‘ kletchatkalari hali kamroq, bunday bolalar, zarur muddatdan avvalroq tug‘ilib, issiqlikni yaxshi saqlay olmaydi. Ularni inkubatorda yoki grelka yordamida qutqarishadi.

Homilaning qorindagi qimirlashlari ancha sustlashadi. Bola onadan o‘zi uchun zarur narsalarning barchasini yanada faolroq tarzda olib qo‘ya boshlaydi, o‘z vaznini oshiradi. U uchun o‘mbaloq oshish va aylanish tobora qiyinlashib boradi. Endi bolaning har bir harakati ko‘proq cheklanib boraveradi.

Buyuk bilim ixlosmandi

U hali tug‘ilgani ham yo‘q, ammo bilim orttirish faoliyatining rivojlanishi boshlangan va davom etmoqda. Bosh miyaning asab hujayralari ulanish jarayonini boshdan kechirmoqda.

Harakatlantiruvchi reaksiyalar hali to‘liq muvofiqlashmagan bo‘lsa-da, u o‘z “ma’lumotlar bazasi”ga qanday tepishi, yugurishi, sakrashi, sizga kuniga yuz millionlab savollar berishini jamlab qo‘ya boshlaydi — hayot faoliyatining eng muhim jarayonlarini boshqarish uchun javob beruvchi asab markazlarining shakllanishi to‘liq boshlangan.

Qolgan ichki organlar ham o‘zini shaylik holatiga keltirmoqda. Tomirlar devorlari qalinlashib, ularning tonusi oshib bormoqda, o‘pkalardagi alveolalarning shakllanishi yakunlanmoqda, buyraklar qonni filtrlamoqda va chiqindilarni ajratmoqda, miya to‘liq shakllanib bo‘lgan.

Qo‘l va oyoq barmoqlarida individual teri naqshi yuzaga kelgan.

Ona o‘zini qanday his qilmoqda?

Qorin yanada kattalashmoqda. Hamon tos suyagi yoki ko‘krak qafasidagi og‘riqlar bezovta qilishi mumkin. Ammo sizga mukofot tariqasida, siz bola aynan qayeri — tizzasi yoki tirsagi bilan turtganini farqlay olasiz.

Bachadon tepaga qarab yo‘lini davom ettirmoqda: ushbu bosqichda u kindikdan 13 sm va qov simfizidan 33 sm yuqoriga ko‘tarilgan. 9,9 dan 12,6 kilogrammgacha vazn yig‘dingiz. Qizil qon tanachalari miqdori plazma hajmi bilan muvofiqlashadi, kamqonlik chekinadi. Ammo boshqa muammo paydo bo‘ladi: tez-tez bovul qilish. Kattalashgan bachadon qo‘shni organlarga bosim o‘tkazadi, siydik pufagini siqib qo‘yadi, natijada bo‘lajak ona kechasi bilan 5—6 marta uyg‘onadi.

33-haftada homilani o‘rab turgan suv miqdori zarur ko‘rsatkichga yetadi va tug‘ruqqacha shu hajmda saqlanadi.

Ushbu haftada qabziyat, ovqat hazm qilishning buzilishi, milklarning qonashi, quloqlarning bitishi, bosh og‘rig‘i, bel og‘rig‘i, varikoz, qo‘l-oyoqlar spazmasi, og‘iz suti kelishi kuzatilishi mumkin. Biroq bu simptomlar qayd etilmasligi ham mumkin.

Bu davrda ayol organizmida qon miqdori odatiy holatdagidan bir litrga ko‘proq bo‘ladi. Qon aylanish tizimi ushbu muddatda 5—5,5 litr qonni o‘tkazishi kerak.

Ona organizmi tug‘ruq va emizishga faollik bilan tayyorgarlik ko‘rish bilan band: yo‘ldosh gormonlari sut ajralib chiqishiga jadallik bilan imkon yarata boshlaydi.

Uchta nonushta, uchta tushlik

Ko‘plab homilador ayollar o‘z tajribasi bilan bo‘lisharkan, “katta” tushlikni ikki-uch qismga bo‘lish ma’qulligini ta’kidlaydi. Natijada siz kuniga olti-yetti marta kam-kamdan ovqatlanasiz. Bunda o‘zingizni och his qilmaysiz va oshqozondagi og‘irlikdan ham xalos bo‘lasiz.