Homiladorlik

Homiladorlik taqvimi: 34-hafta

34-hafta boshlangan davrda bo‘lajak ona nazorat ostida bo‘lishi kerak. Yoki uning o‘zi o‘z holatini vijdonan kuzatib borishi kerak.

Ushbu muddatda Brekston Xiks dardi ancha muntazam tarzda tutishni boshlaydi, bu bachadonning yuqori qismida boshlanadigan og‘riqli hissiyot bo‘lib, u butun qorin sohasi bo‘ylab tarqalib, so‘ng yo‘qoladi. Ammo bu haqiqiy tulg‘oq dardi emas, shuning uchun xavotirga o‘rin yo‘q. Lekin suv ajralib tushsa, bunda tashvishlanish va shifokorga murojaat qilish mumkin.

34-haftada bolaning o‘lchamlari

Homiladorlikning 34-haftasida gestatsion muddat (homilaning yoshi) 32 haftani tashkil qiladi. U og‘irgina — 2,2—2,4 kg tosh bosadi. Bo‘yi esa 43—44 sm atrofida bo‘ladi. Bola ulg‘ayadi, tuklarini tashlaydi, oqaradi, teridagi qizillik deyarli qolmaydi. Ushbu haftada yog‘ bolaning umumiy og‘irligining 8 foiziga yetadi.

34—35-haftaga kelib, dastlabki smazka qavati yanada qalinlashadi — tabiat bola terisini homila atrofidagi suv ta’siridagi matseratsiya (qattiq moddalarning suyuqlikka botish orqali yumshashi. Akusherlikda: homilaning ajralishi)dan maksimal himoyalanishini shu tariqa ta’minlaydi. Bunday miqdordagi smazka bilan bolangiz tug‘ruq yo‘llaridan sirpanib tushishi oson bo‘ladi.

Agar bolangiz shu haftada dunyoga kelsa, uni chala tug‘ilgan deb emas, balki muddatidan oldin tug‘ilgan deb yozib berishadi. Bunday bolalar mustaqil nafas ololadi va kuchli parvarishga muhtoj bo‘lmaydi.

34-haftadagi qimirlashlar

Ushbu haftada qimirlashlar biroz o‘zgargan: bolaning harakatlarini yo‘ldosh devori cheklab qo‘yadi. Endi “sho‘x bolakay” ancha bosilib, ona uchun tinch davr boshlandi, deyish mumkin.

Og‘irlikni aniqlash usullari

Odatda ultratovushli tekshiruv orqali 34 haftalik homilaning og‘irligini hamda dunyoga kelganida qanday bo‘lishini bilib olish mumkin.

UTTdan tashqari ham og‘irlikni o‘lchashning eski usullari mavjud, bular qorin aylanasi, bola boshchasining diametri, bola sonining uzunligi bo‘yicha aniqlanadi.

Ular orasida aniq raqamlarni ko‘rsatadigani yo‘q, ularning barchasi faqat taxminiy.

Ona o‘zini qanday his qilmoqda?

Organizm tug‘ruqqa shiddat bilan tayyorlanmoqda. Bachadonning yuqori nuqtasi kindikdan 14 sm, qov simfizidan esa 34 sm balandlashadi. Bachadon hajmi 30—32 santimetrga yetdi, u o‘zining dastlabki o‘lchamlaridan 500 marta kattalashdi va 10 marta og‘irlashdi.

34-haftada homilani o‘rab turadigan suyuqlik — qog‘onoq suvining miqdori taxminan bir litrni tashkil etadi.

Ushbu bosqichda siz belda og‘irlikni his qilishingiz mumkin. Undan biroz bo‘lsa-da, qutulish uchun uyqudan avval tos suyagingiz bilan chapga-o‘ngga aylana harakatlar qiling. Sut bezlari kattalashadi, vaqti-vaqti bilan ulardan og‘iz suti keladi. Yo‘ldosh gormonlari tomonidan sut ishlab chiqarilishi o‘tgan haftadayoq ishga tushgan bo‘lib, hozir ham davom etmoqda.

Jinsiy aloqadan biroz vaqtga voz kechgan ma’qul

34-haftada jinsiy aloqa vaqtida juda ehtiyot bo‘lish zarur, yaxshisi, bu ishdan biroz vaqtga voz keching.

Birinchidan, bu muddatda bolani bezovta qilish kerak emas, u to‘satdan o‘z holatini o‘zgartirishi va dumbasini pastga qilgan holda joylashib olishi mumkin.

Ikkinchidan esa, hozir ayolning jinsiy yo‘llari tug‘ruq jarayoniga tayyorlanish bilan band va juda zaif. Juda-juda ehtiyot bo‘lgan bilan, infeksiya tushishi hech gap emas.

Harakat rejasi

Bu vaqtga kelib, siz tug‘uruqxonani uzil-kesil tanlaysiz, shifokorlar bilan tanishasiz, ularning telefon raqamlarini olasiz, tug‘ruqxonaga olib ketadigan buyumlar ro‘yxatini tuzasiz.

34-haftada toza havoda sayr qilishga vaqt ajrating, juda sokin hayot tarzini olib boring, har qanday stress va jismoniy og‘irliklardan nari yuring, o‘zingizni kuchingiz yetmaydigan ish bilan charchatmang, xullas, tug‘ruq muddatidan oldin sodir bo‘lmasligi uchun barcha imkoniyatingizni ishga soling.

Imkoniyatingizdan foydalanib qoling — to‘yib uxlang, dam oling, yoqimli musiqa tinglang va ijobiy adabiyotlarni o‘qing. Mittiginangizga alla aytishni unutmang — u sizni eshitadi.