- Homiladorlik taqvimi: Birinchi hafta
- Homiladorlik taqvimi: Ikkinchi hafta
- Homiladorlik taqvimi: Uchinchi hafta
- Homiladorlik taqvimi: To‘rtinchi hafta
- Homiladorlik taqvimi: Beshinchi hafta
- Homiladorlik taqvimi: Oltinchi hafta
- Homiladorlik taqvimi: Yettinchi hafta
- Homiladorlik taqvimi: Sakkizinchi hafta
Homiladorlikning to‘qqizinchi haftasi — bo‘yida bo‘lganidan keyingi taxminan yettinchi haftadir. Tuxumhujayra urug‘langan kunni aniq aytib bo‘lmasligi tufayli, bo‘yida bo‘lgan vaqtdan buyon olti hafta ham, sakkiz hafta ham o‘tgan bo‘lishi mumkin.
To‘qqizinchi haftada nimalar sodir bo‘ladi?
Bu davrda bachadon biroz kattalashgan, biroq uning devorlari hozircha sezilarsiz ravishda cho‘zilgan. Hozir qorin terisi cho‘zilib, to‘qimalar shikastlanishining oldini olish uchun yaxshi krem xarid qilishning ayni vaqti. U yetarli miqdordagi A va E vitaminlariga ega ekanligiga e’tibor bering.
To‘qqizinchi haftadagi his-tuyg‘ular
Ushbu muddatda biroz vazn tashlashingiz mumkin, bu homiladorlikning birinchi yarmidagi toksikoz kuchayishi bilan bog‘liq. Biroq so‘nggi 2—3 hafta ichida toksikozdan azob chekmagan bo‘lsangiz, u holda vazningiz asta-sekinlik bilan og‘irlasha boshlaydi.
To‘qqizinchi haftada ayolda kuchli toliqish, keskin harakatlar natijasida tez-tez bosh aylanishi saqlanib qoladi. Hushidan ketishning oldini olish uchun ehtiyot bo‘lish zarur.
Bu davrda eng sezilarli ko‘rinish oladigan belgilardan biri sut bezlarining kattalashishi va shishishidir. Shu tariqa, organizmingiz bo‘lajak emizish jarayoniga tayyorlanmoqda. To‘qimalarning cho‘zilishi bilan bog‘liq ilk holatlar kuzatilishi ehtimoli katta.
Homila
To‘qqizinchi haftada homilaning bosh miyasi faol rivojlanishda davom etadi. U ikkita yarim sharga ajralgan, endi esa harakatlar koordinatsiyasi uchun javob beruvchi kichik miya bo‘limi ham shakllana boshlaydi.
Mushaklar o‘sishi tezlashadi, qo‘l-oyoqlar biroz qalinlashadi. Endi homilaning harakatlari ancha muvofiqlashgan tus oladi. U qo‘l va oyoqchalarini qimirlata boshlaydi. Ancha taraqqiy etgan qon bilan ta’minlash tizimi tufayli qo‘llar oyoqlarga qaraganda rivojlanishda ilg‘or bo‘ladi.
Qo‘l barmoqlari uzunlashadi, bungacha ular orasida mavjud bo‘lgan pardalar yo‘qoladi. Kaftlar shakllanadi. To‘qqizinchi haftada homilaning qaddi sezilarli darajada rostlanadi va dumi yo‘qoladi.
Jinsiy hayot
Homiladorlik uchun xavf mavjud bo‘lmasa, bu muddatda jinsiy hayotni davom ettirish mumkin. Jinsiy aloqa homiladorlikning ilk haftalarida taqiqlanmasa-da, nomaqbul hisoblanadi. U bachadondan qon kelishi, oqibatda esa uning tonusi ko‘tarilishiga olib kelishi mumkin. Ehtiyot bo‘lish zarur. Agar to‘qqizinchi haftada to‘satdan to‘q yoki jigarrang ajralmalar kela boshlasa, jinsiy yaqinlikdan saqlangan ma’qul. Bu holda ginekolog bilan maslahatlashing. Oqimtir yoki sarg‘ish ajralmalar esa normal hisoblanadi.
Ovqatlanish
Ovqatlanish ratsioniga alohida e’tibor berish zarur. Chunki barvaqt toksikoz ta’sirini hisobga olgan holda, yeyish mumkin bo‘lgan ovqatlar xilma-xilligi ancha kamayadi. Endi ovqatlanish haqiqiy azobga aylanishi mumkin. Har qanday taomdan ko‘nglingiz aynishi, shu bilan bir vaqtda, ma’lum bir mahsulot turiga nisbatan ishtiyoq uyg‘onishi mumkin.
Yaxshisi, kam-kamdan tez-tez yegan ma’qul. Bu ko‘ngil aynishi bilan bog‘liq xurujlarni yengishga yordam beradi va organizmga oziq moddalari yetib borishini ta’minlaydi. Toksikoz odatda ertalablari eng ko‘p qiynagani sababli, odatiy nonushtangizni 2—3 ta alohida porsiyaga bo‘lib, har xil vaqtlarda iste’mol qilgan ma’qul.