Homiladorlik

Homiladorlik taqvimi: To‘rtinchi hafta

Homiladorlik taqvimi: Birinchi hafta

Homiladorlik taqvimi: Ikkinchi hafta

Homiladorlik taqvimi: Uchinchi hafta

Homiladorlikning akusherlik hisob-kitoblari bo‘yicha to‘rtinchi haftasida embrion “o‘z uyi”ga qarab otlanadi. U o‘z joyiga borib yetib, sakkiz yarim oy davomida o‘zi yashaydigan pufakni hosil qilguniga qadar ko‘p qiyinchiliklarni boshidan kechiradi.

Ushbu davrning xatarliligi shundaki, bachadondan tashqari homila xavfi mavjud. Agar embrion yakuniy nuqtaga yetib borishga ulgurmasa va tug‘ilish yo‘llarida o‘sa boshlasa, shifokorlar bachadondan tashqari homilani qayd etadi.

Homiladorlikning to‘rtinchi haftasidagi belgilar

Birinchidan, hayz kechika boshlaydi. Agar hayz hatto bir kunga kechiksa ham, testni amalga oshirib ko‘rish mumkin: u 98 foizgacha aniqlikda natijani ko‘rsatib beradi.

Ginekolog to‘rtinchi haftada bachadon bo‘yni rangi va tuzilmasida o‘zgarishlarni kuzatishi mumkin, ammo yakuniy xulosani bermaydi.

Ultratovushli tekshiruvni o‘tkazish uchun hali juda erta, chunki homila hali o‘z joyiga yetib borganicha yo‘q. UTT 8-haftaga yaqin natijani ko‘rsata olishi mumkin.

Homiladorning to‘rtinchi haftasida homilaning rivojlanishi

To‘rtinchi haftaga qadar homila qandaydir ko‘p qavatli yassi disk ko‘rinishida bo‘ladi. Ayni shu damdan boshlab esa u muayyan o‘zgarishlarga uchrab, embrionga aylanadi. Homiladorlikning to‘rtinchi haftasida homila kattaligi eniga 1 mm, bo‘yiga 0,36 mm ni tashkil etadi. Ushbu bosqichda yo‘ldosh va homila atrofidagi suv paydo bo‘ladi.

Shunisi hayratlanarliki, to‘rtinchi haftadayoq bo‘lajak chaqaloqning boshi shakllana boshlaydi. Bu paytda uchta asosiy qavat — ektoderma, endoderma va mezoderma ajralib chiqadi. Aynan ular miya, qalqonsimon va oshqozonosti bezi, qon, muskullar va skelet shakllanishiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.

To‘rtinchi haftadagi his-tuyg‘ular

Bu davrda qorinning pastki qismi tortishib og‘rishi, ko‘krak sezuvchanligining oshishi, kayfiyat keskin o‘zgarib turishi mumkin, ba’zi hollarda esa toksikoz ham kuzatilishi mumkin. Biroq odatda bo‘lajak onalar bu davrda hech qanday o‘zgarishlarni payqamaydi.

Vitaminlar

Homiladorlikning ilk kunlari uchun mo‘ljallangan eng keng tarqalgan dori-darmon foli kislotasidir. Uni homiladorlikni rejalashtirish va unga tayyorgarlik ko‘rish vaqtidan boshlab 12-haftagacha ichish tavsiya etiladi. Foli kislotasi bola rivojlanishiga, xususan, asab tizimi hamda ko‘pchilik organlar va to‘qimalar rivojlanishiga yordam beradi.

Homiladorlar uchun maxsus ishlab chiqilgan vitaminlar kompleksini ham qabul qilish mumkin.

Har qanday anesteziyadan uzoqroq turish zarur. Hatto tishlarni davolatishni ham iloji boricha homiladorlikning ikkinchi trimestr (uch oylik)iga qoldirgan ma’qul. Qolgan dorilarni faqat shifokor maslahatiga ko‘ra ichish mumkin.