Homiladorlik taqvimi: Birinchi hafta
Homiladorlik taqvimi: Ikkinchi hafta
Homiladorlikning uchinchi haftasi hal qiluvchi va homiladorlikni “rejalashtirish” bosqichidan real mavjudlikka o‘tkazuvchi davrdir. Agar tuxumhujayraning urug‘lanishi ikkinchi hafta so‘ngida amalga oshmagan bo‘lsa, unda uchinchi hafta — bo‘yida bo‘lish uchun eng qulay vaqt.
Akusherlik nuqtai nazaridan homiladorlikning uchinchi haftasida homila faol rivojlanishni boshlaydi, shuningdek, tuxumhujayra migratsiyasi sodir bo‘ladi, uning ushbu bosqichdagi maqsadi — bachadon bo‘shlig‘iga tezroq tushib, u yerda bachadon devoriga birikkan holda, mustahkam joylashib olishdan iborat.
Homiladorlikning uchinchi haftasida nimalar sodir bo‘ladi
Aniqlik kiritiladigan bo‘lsa, homiladorlikning uchinchi haftasi — homilangizning eng birinchi haftasidir. Ovulyasiya boshlanganidan buyon tuxumhujayrada spermatozoid bilan bachadon nayida uchrashish uchun bor-yo‘g‘i 24 soat vaqt bor edi. Agar bu o‘z vaqtida ro‘y bermasa, u urug‘lanish qobiliyatini yo‘qotadi.
Shu tufayli uchinchi haftadagi eng muhim hodisa urug‘lanishning o‘zi hisoblanadi. Ushbu haftaning birinchi kunlarida zigota (urug‘langan tuxumhujayra) hali bachadon nayi bo‘shlig‘ida, uning devoriga birikmagan holda turgan bo‘ladi. U bachadonga qarab to‘xtovsiz harakatini davom ettiradi. Homilaga kelsak, u bachadon nayi bezlari ajratadigan oqsil birikmalari hamda o‘zining energiya zaxiralari hisobidan oziqlanadi.
Bachadon bo‘shlig‘iga tushib, uning ichki qobig‘iga kirgach, embrion bachadon devoriga, aniqrog‘i, endometriya qavatiga singa boshlaydi. Ushbu jarayon implantatsiya deb ataladi. Agar barchasi muvaffaqiyatli kechsa, unda uchinchi hafta oxiriga kelib, embrion qulay va ozuqa bilan ta’minlab turuvchi muhitga — endometriya qatlamiga mustahkam joylashib oladi, shundan so‘ng ona organizmi va homila o‘rtasida puxta va ko‘p tomonlama aloqa o‘rnatiladi.
Homiladorlikning ikkinchi haftasidagi belgilar
Ushbu muddatda organizmda aniq bir o‘zgarishlar sodir bo‘lmaydi, biroq ko‘pchilik ayollar bu paytda hayz ko‘rishga yaqin qolganda bo‘ladigan belgilarni kuzatishi mumkin. Bundan tashqari, yengil bosh aylanishi, uyquchilik, qorin ostining tortishib og‘rishi, ko‘krakning biroz bo‘rtib qolishi kabi belgilar ham uchrashi mumkin.
Bo‘lajak chaqaloq
Akusherlik taqvimi bo‘yicha uchinchi haftada bo‘lajak chaqaloq hali juda kichik. U muhim irsiy axborotga ega hujayralar guruhi, xolos.
Biroq rivojlanish va shakllanish jarayoni ildam bormoqda. Bu vaqtda homila hajmi 0,1—0,2 mm diametrli ichi kovak sharni eslatadi, hujayralar soni 250 tagacha yetadi. Uchinchi haftada embrion amniotik suyuqlik bilan to‘ldirilgan mitti suv xaltachasiga joylashgan bo‘ladi. U hali-hamon ozuqa moddalarini ayol organizmidan emas, tuxum sarig‘i xaltachasidan olmoqda. Aynan unda hozir qon shakllanishi jarayoni bormoqda.
Xavfsizlik — hammasidan muhimi!
Homiladorlikning uchinchi haftasi — uning kechish jarayonidagi eng nozik paytlardan biridir. Ovulyasiyadan keyin hafta davomida o‘zini asabiy jihatdan zo‘riqish, qattiq charchash va og‘ir jismoniy harakatlardan asrash juda muhim. Bu endi paydo bo‘layotgan hayotni qandaydir xavf ostiga qo‘ymaslik uchun zarur. Shuningdek, kuchli ta’sir qiluvchi dorilar, ayniqsa, antibiotiklar ichish taqiqlanadi.
Ushbu bosqichda homilaning ichki organlariga asos solina boshlaydi. Shu tufayli homiladorlikning ilk kunlaridanoq o‘zini har qanday salbiy ta’sir qiluvchi omillardan asrash muhimdir.