- Homiladorlik taqvimi: Birinchi hafta
- Homiladorlik taqvimi: Ikkinchi hafta
- Homiladorlik taqvimi: Uchinchi hafta
- Homiladorlik taqvimi: To‘rtinchi hafta
- Homiladorlik taqvimi: Beshinchi hafta
- Homiladorlik taqvimi: Oltinchi hafta
Homiladorlikning yettinchi haftasida organizm qaytadan qurila boshlaydi, gormonal fon o‘zgaradi va homiladorlik belgilari yanada aniq-ravshan kuzatiladi.
Yettinchi haftadagi his-tuyg‘ular
Bu davrdan toksikoz yuzaga kelishi muqarrar. U tufayli ovqatlanish rejimi buziladi: ba’zan tanovul qilish istagi umuman bo‘lmaydi, ba’zan esa turli yeguliklar bilan bog‘liq xohishlar yuzaga keladi. Lanjlik va uyquchilik — homiladorlikning yettinchi haftasiga xos oddiy holatlardir. Bularning barchasiga gormonlar, aniqrog‘i, ularning qaytadan qurilishi, bir-biriga bo‘lgan nisbatining o‘zgarishi sababchidir.
Homiladorlikning yettinchi haftasida nimalar sodir bo‘ladi?
Oziq moddalar, mineral va vitaminlar bola oziqlanishi uchun sarf bo‘la boshlagani tufayli, teri va sochning holati yomonlashishi mumkin. Gormonlar homiladorlar xloazmi rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatishi ehtimoli bor (dog‘lar paydo bo‘ladi). Shu tufayli to‘g‘ri ovqatlanish hamda vitamin va minerallar komplekslarini qabul qilib turish juda muhim. Bu davrda foliy kislotasi alohida ahamiyatga ega, u bolaning asab tizimi shakllanishi uchun zarur.
Yettinchi haftadagi belgilar
Ko‘krak kattalashadi, qomatning boshqa qismlarida ham o‘zgarishlar kuzatiladi: gormonal jihatdan qayta qurilish hisobidan yog‘ to‘qimalari qaytadan taqsimlanadi va qomat to‘laroq ko‘rinish oladi.
Qindagi epiteliy to‘qimasi ancha tez-tez yangilanadi, buning ustiga, qon quyilishi ko‘payadi, natijada yettinchi haftada ajralmalar biroz sarg‘ish rang oladi. Bu tabiiy va normal holatdir. Ammo yettinchi haftada muayyan davriylik bilan qorin og‘risa va qon aralash shilliq ajralma kelsa — ginekologga murojaat qilish shart. Bu bachadon gipertonusidan darak berishi mumkin.
Bolada nimalar sodir bo‘ladi?
Homiladorlikning yettinchi haftasida embrional davr tugab, embriofetal davr boshlanadi. Endi bolani homila deb atash mumkin. U barcha bichim va organlarga ega (asab va endokrin tizimidan tashqari) mitti odamchaga o‘xshab qolgan. Bosh miya faol tarzda shakllanmoqda. Hafta oxiriga kelib, jinsiy bo‘rtmacha hosil bo‘ladi, undan jinsiy organlar shakllanadi. Jabralar to‘liq yo‘qolgan, ammo kichik dumcha hali ham bor. Homila biroz rostlanadi va bo‘yin o‘rnini ko‘rish mumkin. Bu bosqichda oyoq-qo‘llar aniq ko‘rinadi, biroq barmoqlar ajralganicha yo‘q. Oyoqlar qo‘llarga nisbatan sal sekinroq o‘sadi.
Yuz ham shu davrda shakllanadi. Og‘izcha ko‘rinib qoladi, burun teshiklari bilina boshlaydi, jag‘lar shakllanadi. Yettinchi hafta oxiriga kelib, homila uzunligi 5—13 mm, og‘irligi 0,8 grammni tashkil etadi. Jinsni hozircha ultratovushli tekshiruv orqali aniqlab bo‘lmaydi.
Asosiy tibbiy tekshiruvlar
Ushbu haftada shifokor ayolning tos aylanmasini va og‘irligini o‘lchab ko‘radi, infeksiyani tekshirish uchun namuna (mazok) olinadi. Bu muddatda odatda kresloda ko‘rilmaydi.
Ginekolog siydik va qon tahlillari, OIV-infeksiyasi, gepatitlar, RW (zahm)ga qon tahlili uchun yo‘llanma beradi. Terapevt va tish shifokori ko‘rigidan o‘tish majburiy. Ba’zan shu haftada UTTga ham yo‘llanma berilishi mumkin (ko‘p homilali homiladorlikni aniqlash uchun).