Salomatlik

Homiladorlikda shamollashdan ehtiyot bo‘ling

Homiladorlik davri yilning ikki mavsumini o‘z ichiga oladi. Har bir mavsumning o‘z injiqliklari bor. Albatta gripp epidemiyasi keng tarqalgan paytlarda homilador ayollar imkon qadar odam gavjum joylarda kamroq bo‘lishlari lozim. Lekin bu ham shamollab qolmaslik uchun 100 foizlik kafolat bo‘lmaydi. Masalan, yozda ham yelvizaklar, uy, ishxonalarga o‘rnatiladigan sovutkichlar yoki jaziramada jonga orom beruvchi muzdek yeguligu ichimliklar ta’sirida shamollab qolish xech gap emas. Xo‘sh, bo‘lajak ona o‘zini avaylashga shuncha urinsa-da, shamollab qolsa, qanday choralarni qo‘llash kerak?

Bo‘lajak ona homiladorlikning erta muddatlarida shamollab qolsa, homilada kislorod yetishmaslik alomatlari yuzaga kelishi va homila rivojlanishdan ortda qolishi mumkin. Shuning uchun bu vaziyatda organizmdagi infeksiyani bartaraf etishga qaratilgan davo choralarini qo‘llash nihoyatda muhim. Og‘ir virusli infeksiyalar homilaning aynan ona shamollagan davrida shakllana boshlagan a’zolari rivojidagi buzilishlar ko‘rinishida ta’sir qilishi mumkin. Gripp oqibatida homilani o‘rab turgan suvning ko‘payishi va loyqalanishi, homila tushish xavfi, muddatdan oldingi tug‘ruq va ayol salomatligining yomonlashuvi (ayniqsa, immun tizimi zarar ko‘radi) kabi noxush holatlar yuzaga kelishi mumkin.

Ilk alomatlarini sezishingiz hamon…

  • Agar o‘tkir respirator kasalliklarni yurib o‘tkazgan bo‘lsangiz, homiladorlikda aslo bunday qila ko‘rmang. Shuning uchun kun tartibingizni shunday rejalashtiringki, unda yetarlicha dam olishga ham vaqtingiz bo‘lsin. Albatta statsionar sharoitda davolaning.
  • Agar shomollaganingizni, tomoq qichishishi, boshda og‘irlikni sezsangiz, suyuqlik iste’mol qilishni ko‘paytiring: limonli yoki malinali choy, malina barglari yoki shoxchalaridan damlamalar, asalli sut shular jumlasidandir.
  • Tomoq qichishganida limonning bo‘lagini shimish foydali (shakarsiz).
  • Bunday paytda organizmga o‘z-o‘zini tiklashi uchun ko‘proq kuch kerak. Uning kuchini esa og‘ir, yog‘li ovqatlarni hazm qilishga yo‘naltirmagan ma’qul. Shuning uchun shamollagan davrda past kaloriyali parhezga amal qilgan ma’qul.
  • Tuz iste’mol qilishdan cheklaning, u shishlarni yuzaga keltirishga qodir. Bu esa burun bitishiga o‘xshash yoqimsiz holatlarni kuchaytiradi xolos.
  • Piyoz yoki sarimsoq piyozni mayda bo‘laklarga bo‘lib, idishchalarga soling-da xonaning har joyiga qo‘yib chiqing. Bu ham shamollashga qarshi kurash vositasi, ham oilaning boshqa a’zolari virusli infeksiyalarni yuqtirib olishining oldini oladi.

Yodingizda bo‘lsin, shamollash endi boshlanayotganda bo‘lajak onalarga oyoqlarni bug‘lash va issiq vanna qilish mumkin emas. Yana, ba’zi dorivor giyohlardan foydalanish taqiqlanadi. Bordi-yu, ulardan foydalanishga qaror qilsangiz, albatta yo‘riqnomasini diqqat bilan o‘qing.

Antibiotiklarni qo‘llash mumkinmi?

Homiladorlikda antibiotiklarni faqatgina grippning og‘ir asoratlari yuzaga kelgan (masalan, o‘pkalar yallig‘lanishi xavfi bo‘lgan) hollardagina tavsiya etiladi. Shunda ham ularning barchasi homiladorlikda qo‘llanilavermaydi. Shifokorlar faqatgina yo‘riqnomasida bo‘lajak onalarga qo‘llashga ruxsat berilganlarinigina yozib berishadi. Ularni faqatgina shifokor nazorati ostida, o‘ta extiyotkorlik bilan qo‘llash lozim.

Manba: Beka.Uz